3–BOB
1 Ey Isroil xalqi, Egamizning soʻzlariga quloq soling. U Misrdan olib chiqqan butun xalqingizga shunday deb aytmoqda:

2 “Yer yuzidagi barcha xalqlar orasidan
Yolgʻiz sizlarni tanlab olgan edim.
Shu sababdan ham gunohlaringizga toqat qila olmayman,
Qilgan hamma gunohlaringiz uchun sizlarni jazolayman.”
Paygʻambar Xudoning jarchisidir
3 Ikki kishi kelishib olgandan keyingina birga yoʻlga tushadi.
4 Sher qurbonini koʻzlab qoʻysagina, oʻrmonda oʻkiradi,
Yirtqich sher oʻljasini ushlasagina, uyasida irillaydi.
5 Tuzoqqa yemish qoʻyilsagina, qush sirtmoqqa tushadi,
Tuzoqqa hech narsa ilinmasa, sirtmoq tortilmaydi.
6 Xoʻsh, shaharda burgʻu chalinsa, kim sarosimaga tushmaydi?!
Egamizning irodasisiz hech bir kulfat shaharga kelmaydi.

7 Darhaqiqat, Egamiz Rabbiy Oʻz sirini paygʻambarlariga ayon qiladi,
Sirini oʻsha xizmatkorlariga ayon qilmay turib, U hech narsa qilmaydi.

8 Ana, sher oʻkirdi! Kim qoʻrqmaydi?!
Ana, Egamiz Rabbiy gapirdi! Kim bashorat qilmaydi?!
Samariyaning qismati
9 Ashdod qalʼalarida eʼlon qiling,
Misr qalʼalarida shunday deb jar soling:
“Samariya atrofidagi qirlarda toʻplaning,
U yerdagi avjiga chiqqan gʻalayonni bir koʻring,
Zoʻravonlikning guvohi boʻling.”
10 Egamiz shunday demoqda:
“Samariyaliklar qalʼalarini harom boylikka toʻldirdilar,
Toʻgʻrilik nimaligini ular bilmaydilar.”
11 Shu sababdan Egamiz Rabbiy shunday demoqda:
“Dushman Samariyani qurshovga oladi,
Istehkomlarini vayron qiladi,
Samariya qalʼalari talon–taroj boʻladi.”

12 Egamiz shunday demoqda: “Arslonning ogʻzidan qoʻzichoqni tortib olmoqchi boʻlgan choʻpon, qoʻzichoqning ikki tuyogʻini yoki qulogʻining bir parchasini tortib oladi, xolos. Samariya aholisi ham shu ahvolga tushadi. U yer–bu yerlarda supayu kursi parchalari qoladi, xolos .”

13 Parvardigori Olam — Egamiz Rabbiy demoqda:
“Gapimni eshiting! Yoqub nasliga qarshi guvohlik bering!
14 Men Isroil xalqini qilgan gunohi uchun jazolayman,
Oʻsha kuni Baytil qurbongohlarini vayron qilaman.
Qurbongohning shoxlari kesilib, yerga tushib yotadi .
15 Men qishki va yozgi saroylarni buzib tashlayman,
Fil suyagi bilan bezatilgan koshonalarni vayron qilaman,
Barcha hashamatli uylarni yoʻq qilaman.”
Egamizning kalomi shudir.