4–BOB
Butrus bilan Yuhanno Oliy kengash oldida
1 Butrus bilan Yuhanno xalqqa gapirib turganlarida, bir necha ruhoniylar , Maʼbad mirshabboshisi va sadduqiy mazhabining baʼzi aʼzolari keldilar. 2 Ularning qattiq jahli chiqqan edi, chunki bu ikkala havoriy xalqqa taʼlim berib, Iso oʻlikdan tirildi, deb vaʼz qilayotgan edilar. 3 Ular ikkala havoriyni ushlab, vaqt kech boʻlgani uchun ertasi kun ertalabgacha qamoqda saqladilar. 4 Ammo bu xabarni eshitganlarning koʻpchiligi imonga keldi. Shunday qilib, imonlilarning orasidagi erkaklarning soni besh mingga yetdi.
5 Keyingi kun bosh ruhoniylar , yoʻlboshchilar, Tavrot tafsirchilari Quddusda yigʻildilar. 6 Oliy ruhoniy Xanan , Kayafas, Yuhanno, Iskandar va oliy ruhoniy oilasiga mansub boʻlgan boshqa erkaklar yigʻinda ishtirok etdilar. 7 Ular ikkala havoriyni oʻrtaga turgʻizib qoʻyib, soʻradilar: “Buni qanday qudrat bilan, kimning nomidan qildingizlar?”
8 Shunda Muqaddas Ruhga toʻlgan Butrus ularga shunday dedi: “Ey xalq rahnamolari va yoʻlboshchilari! 9 Agar bir xasta odamga qilingan yaxshilik tufayli bizdan hisob talab qilayotgan boʻlsangiz va bu odamning qanday qilib sogʻayganini soʻrayotgan boʻlsangiz, 10 sizlar, ey Isroil xalqi, hammalaringiz shuni bilib qoʻyinglarki, mana bu odam Nosiralik Iso Masih nomi bilan tamomila sogʻayib, oldingizda turibdi. Isoni sizlar xochga mixlagan edingizlar, Xudo esa Uni oʻlikdan tiriltirdi. 11 Axir, Iso toʻgʻrisida Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan:
«Ey binokorlar, siz rad etgan tosh
Binoning tamal toshi boʻldi.»
12 Najot boshqa hech kimdan kelmaydi. Uning nomi — butun olamda najot beradigan yagona nomdir.”
13 Kengash aʼzolari Butrus bilan Yuhannoning jasoratini koʻrdilar va ularning oʻqimagan, oddiy odam ekanliklarini bilib, hayron qoldilar. Butrus bilan Yuhanno Isoning sheriklari ekanini angladilar. 14 Shifo topgan odam ham ikkala havoriy bilan birga turgan edi. Shuning uchun xalq rahnamolari va yoʻlboshchilari uni koʻrib, ikkovining gaplariga qarshi biron soʻz ayta olmadilar.
15 Shunday qilib, ular havoriylarga: “Majlisxonadan chiqinglar”, deb buyruq berdilar. Soʻngra oʻzaro muhokama qila boshladilar: 16 “Bu odamlarni nima qilamiz? Bu ajoyib moʻjizani mana shu odamlar qilganini Quddusdagi har bir odam biladi, biz buni inkor eta olmaymiz. 17 Ammo bu xabar xalq orasida yanada yoyilib ketishining oldini olish uchun, bundan keyin Isoning nomi bilan hech kimga gapirmaysizlar, deb ularni ogohlantirib qoʻyamiz.”
18 Shunday qilib, ular ikkovini chaqirdilar va: “Isoning nomi bilan umuman gapirmaysizlar yoki taʼlim bermaysizlar”, deb buyruq berdilar. 19 Butrus bilan Yuhanno esa ularga shunday javob qaytardilar: “Xudodan koʻra sizlarga itoat etsak, Xudoning nazarida toʻgʻri boʻladimi? Oʻzlaringiz xulosa chiqaraveringlar. 20 Biz esa koʻrganlarimiz va eshitganlarimiz toʻgʻrisida gapirmasdan tura olmaymiz.”
21 Shunday qilib, Kengash aʼzolari ularni oxirgi marta ogohlantirib, qoʻyib yubordilar. Ularni jazolash uchun hech qanday sabab topa olmagandilar, chunki butun xalq yuz bergan voqeani bilib, Xudoga hamdu sano aytardi. 22 Axir, moʻjizali alomat tufayli shifo topgan odam qirq yildan oshiq vaqt davomida shol boʻlgan edi.
23 Butrus bilan Yuhanno ozod boʻlishlari bilanoq, doʻstlarining oldiga qaytib keldilar va bosh ruhoniylar bilan yoʻlboshchilarning ularga aytgan gaplarini soʻzlab berdilar. 24 Doʻstlari bu gaplarni eshitganlaridan keyin, hammalari birgalikda baland ovozda Xudoga shunday deb ibodat qildilar: “Ey Egamiz! Sen osmon bilan yerni, dengizni va ulardagi hamma mavjudotni yaratgansan! 25 Quling — bobomiz Dovud orqali Muqaddas Ruhing bilan shunday degansan:
«Nega quturadi xalqlar?!
Nega behuda fitna qilar elatlar?!
26 Egamizga va Uning Masihiga qarshi
Zamin shohlari saf tortdilar,
Hukmdorlar Unga qarshi birlashdilar.»
27 Haqiqatan, Hirod bilan Poʻntiy Pilat gʻayriyahudiylar va Isroil xalqi bilan birga bu shaharda Sening muqaddas Quling , Oʻzing Masih qilib tanlagan Isoga qarshi toʻplandilar . 28 Qudrating va xohish–irodang bilan Oʻzing ilgaridan qaror qilgan hamma narsani ular ijro etdilar. 29 Endi, ey Egamiz, ularning tahdidlariga qara! Sening soʻzingni jasorat bilan aytishimiz uchun, biz, qullaringga kuch ber. 30 Qudratingni koʻrsat, toki Muqaddas Quling Iso nomi bilan xastalarga shifo beraylik, alomatlar va moʻjizalar koʻrsataylik.”
31 Hammalari ibodat qilib boʻlganlaridan keyin, ular yigʻilib turgan joy silkindi. Hammalari Muqaddas Ruhga toʻlib, Xudoning soʻzini jasorat bilan gapiradigan boʻldilar.
Imonlilar mol–mulklarini taqsimlab beradilar
32 Imonga kelganlar yakdil va hamjihat edilar. Ulardan birontasi oʻziga qarashli biron narsani “Bu meniki”, deb aytmas, bor mol–mulklarini umumiy deb bilishardi. 33 Havoriylar buyuk qudrat bilan Rabbimiz Isoning tirilganiga guvohlik berardilar. Xudo ularning hammalariga moʻl–koʻl muruvvat koʻrsatardi. 34 Imonlilarning orasida bironta muhtoj odam yoʻq edi. Dala yoki uy–joy egalari bor narsalarini sotardilar, sotuvdan tushgan mablagʻni olib kelib, 35 havoriylarning ixtiyoriga berardilar. Pullar odamlarning ehtiyojiga qarab taqsimlanardi. 36 Imonlilar orasida Levi qabilasidan boʻlgan Yusuf ismli bir odam bor edi. U asli Kiprdan edi. Havoriylar unga Barnabo, yaʼni “dalda beruvchi” degan nom bergan edilar. 37 Yusuf ham dalasini sotib, pulini havoriylarga inʼom qildi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020