51–BOB
Egamiz Bobilni hukm qilishda davom etadi
1 Egamiz shunday demoqda:
“Men Bobilga va uning aholisiga qarshi,
Halokat keltiradigan shamol qoʻzgʻataman.
2 Bobilga ajnabiylarni joʻnataman.
Ular bugʻdoyni sovurganday,
Bobilni sovurib tashlaydilar.
Uning bor–yoʻgʻini shilib oladilar.
Kulfat kuni unga har yoqdan yopiriladilar.
3 Bobil kamonkashlarining sovut kiyishiga,
Oʻq uzishlariga imkon bermang.
Bobil yigitlariga rahm qilmang!
Lashkarini tamomila qirib bitiring.
4 Ular Bobil yurtida chopib tashlanadilar,
Koʻchalarida ogʻir yaralanib yotadilar.”
5 Isroil va Yahudo xalqlari
Sarvari Olam oldida gunoh qilgan boʻlsalar ham,
Xudosi ularni tark etmadi.
Isroil xalqining Muqaddas Xudosi ulardan yuz oʻgirmadi.
6 Bobildan qochib chiqinglar!
Joningizni qutqarib qolinglar!
Bobilning gunohi tufayli qirilib ketmanglar,
Zotan, Egamiz Bobildan oʻch olmoqda,
Qilgan qilmishlariga yarasha jazosini bermoqda.
7 Bobil Egamizning qoʻlidagi oltin kosaday edi,
Bobil butun dunyoni mast qildi.
Dunyo xalqlari kosadagi sharobdan ichdi,
Hammasi aqldan ozdi.
8 Bobil birdaniga qulaydi, vayron boʻladi.
U uchun faryod qiling!
Yaralariga malham surting,
Zora tuzalib qolsa!
9 Bobilda yashagan ajnabiylar aytishadi:
“Bobilni tuzatmoqchi edik, ammo u tuzalmadi.
Endi uni tashlab ketaylik,
Har birimiz yurtimizga qaytib ketaylik.
Axir, Bobilning jazosi boshidan oshdi,
Koʻkdagi bulutlargacha yetib bordi.”
10 Isroil xalqi deydi:
“Egamiz bizni oqladi.
Yuringlar, Quddusga boraylik,
Egamiz Xudoning buyuk ishlarini
U yerda eʼlon qilaylik.”
11 Egamiz Oʻz Maʼbadi uchun Bobilliklardan oʻch olmoqchi boʻldi. U butun Bobil yurtini vayron qilishni rejalashtirib qoʻygan edi. Rejasini amalga oshirish uchun Midiya shohlarini Bobilga qarshi qoʻzgʻatib, shunday degan edi:
“Oʻtkirlang oʻqlarni!
Toʻldiring oʻqdonlarni!”
12 Bobilga qarshi bayroq koʻtaring.
Qoʻriqchilar safini kuchaytiring,
Soqchilar qoʻying.
Pistirma qoʻyishga tayyor turing.
Egamiz rejalarini amalga oshiradi,
Bobilga qarshi aytganlarini bajaradi.
13 Ey serob suvlar boʻyidagi shahar,
Boy xazinaga ega boʻlgan shahar!
Sening kuning bitdi.
Hayoting ipi uzildi .
14 Sarvari Olam Oʻz nomi bilan qasamyod qilib dedi:
“Chigirtkaday gala–gala dushmanni senga qarshi yuboraman.
Ular yurting uzra gʻolibona hayqiradi.”
Xudoga hamdu sano qoʻshigʻi
15 Egamiz qudrati ila yerni yaratdi,
Donoligi ila dunyoni bunyod etdi,
Idroki ila osmon gumbazini oʻrnatdi.
16 Uning ovozidan osmondagi suvlar gulduraydi,
U dunyoning toʻrt burchidan bulutlarni olib keladi.
Yomgʻir yogʻdirganda chaqmoq chaqtiradi,
Omborlaridagi shamollardan estiradi.
17 Uning oldida hamma odamlar ahmoq va nodondir.
Zargarlar yasagan butlari tufayli sharmanda boʻlishadi.
Yasagan sanamlari soxtadir, ularning joni yoʻq.
18 Bu betayin butlar aldamchidir.
Ularni jazolaganim zahoti yoʻq boʻlishadi.
19 Yoqubning Xudosi esa unday emas.
Butun borliqni U yaratgan,
Isroil qabilasini Oʻziga mulk qilgan.
Uning nomi Sarvari Olamdir.
Egamizning bolgʻasi
20 Egamiz shunday deydi:
“Ey Bobil, sen Mening bolgʻam, urush qurolimsan.
Sen bilan ezdim Men xalqlarni,
Sen bilan parchaladim shohliklarni.
21 Sen bilan pachaqladim otlaru chavandozlarni,
Majaqladim jang aravalariyu aravakashlarni.
22 Sen bilan ezdim erkagu ayollarni,
Sen bilan urdim yoshu qarilarni,
Sen bilan oʻldirdim yigitu qizlarni,
23 Sen bilan ezdim choʻponlaru ularning suruvlarini,
Sen bilan urdim dehqonlaru ularning hoʻkizlarini,
Sen bilan oʻldirdim hokimlaru aʼyonlarni.”
Bobilning jazosi
24 Egamiz shunday demoqda: “Quddusga qilgan barcha yovuzliklari uchun Bobilliklarni va butun Bobil yurtini sizning koʻzingiz oldida jazolayman.
25 Ey Bobil, sen togʻday boʻlib,
Butun dunyoni vayron qilding.
Shu bois Men senga qarshiman!
— deb aytmoqda Egamiz. —
Men senga qarshi qoʻl koʻtaraman,
Seni qoyalardan pastga dumalatib yuboraman,
Kuyib xarob boʻlgan toqqa aylantiraman.
26 Sendan na tamal toshi,
Na poydevor uchun tosh olinadi.
Sen to abad tashlandiq boʻlib qolasan.”
Egamizning kalomi shudir.
27 Bayroqni koʻtaring!
Xalqlarga burgʻu chaling!
Xalqlarni Bobilga qarshi urushga tayyorlang.
Ararat, Minnax va Ashkanoz shohliklarini
Unga qarshi toʻplang.
Bobilga qarshi jang qiladigan lashkarboshini tayinlang,
Chigirtka galasiday koʻp otlar keltiring.
28 Xalqlarni Bobilga qarshi urushga tayyorlang.
Midiya shohlarini, ularning hokimu aʼyonlarini,
Ularning qoʻli ostidagi hamma yurtlarni
Bobilga qarshi safarbar qiling.
29 Butun dunyo dagʻ–dagʻ titramoqda,
Zero, Egamiz Oʻz rejasini amalga oshirmoqda.
Bobil vayron boʻladi,
Evoh, kimsasiz huvullab qoladi.
30 Bobil sipohlari jangdan voz kechishadi,
Qalʼalarida pisib yotishadi.
Ularning madori qolmaydi,
Ayollarday zaif boʻlib qolishadi.
Bobilning dushmani shahar binolariga oʻt qoʻyadi,
Shahar darvozalarini buzadi.
31 Chopar ketidan chopar yugurar,
Xabarchi ketidan xabarchi kelar.
Bobil shohiga shunday xabar yetkazmoqchi ular:
“Shahringiz quladi,
32 Daryoning kechuv joylari qoʻlga olindi,
Toʻqaylarga oʻt qoʻyildi ,
Sipohlar sarosimaga tushdi.”
33 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda:
“Qiz Bobil xirmondagi bugʻdoyga oʻxshaydi.
Tez orada oʻrim vaqti yetib keladi,
Hademay u yanchiladi .”
34 Quddus aholisi shunday dedi:
“Bobil shohi Navuxadnazar bizni gʻajidi, ezdi,
Bizni boʻm–boʻsh idishday qilib qoʻydi.
U ajdarhoday bizni yamladi,
Lazzatli narsalarimiz bilan qornini toʻygʻizdi,
Keyin esa bizni tupurib tashladi.”
35 Quddus aholisi aytsin:
“Majaqlangan tanam uchun Bobildan oʻch olinsin”, deya.
Sion aholisi aytsin:
“Toʻkilgan qonim uchun Bobilliklar jazolansin”, deya.
Egamiz Isroilga yordam beradi
36 Egamiz shunday demoqda:
“Men daʼvoingizni eshitib,
Sizni himoya qilaman.
Sizlar uchun oʻch olaman.
Bobilning bulogʻini quritaman,
Daryolarini suvsiz qoldiraman.
37 Bobilni bir uyum toshga aylantiraman,
Chiyaboʻrilarning makoni qilaman.
Bobilning ahvolidan odamlar dahshatga tushadi,
Uni koʻrganlar qotib qoladi.
U yerda biron kimsa yashamaydi.
38 Bobilliklar sher kabi oʻkirishadi,
Sher bolalariday boʻkirishadi.
39 Ayni qizishgan paytlarida
Ularga oʻtkir ichimlikdan ichiraman.
Ularni mastu shodon qilaman.
Soʻng ular abadiy uyquga ketishadi,
Hech qachon uygʻonishmaydi,
— deb aytmoqda Egamiz. —
40 Men ularni qoʻzichoq, qoʻchqor va takalarday
Qassob oldiga olib boraman.
Bobilning qismati toʻgʻrisidagi ashula
41 Eha, Bobil shahri quladi–ya!
Butun dunyo gʻururi magʻlub boʻldi–ya!
Uning qismatidan xalqlar dahshatga tushdi!
42 Dengiz suvlari Bobilni bosdi,
Shovqin toʻlqinlar uni qoplab oldi.
43 Ana, shaharlari xarob boʻldi,
Ular choʻlu sahroga aylandi.
Endi u yerda hech kim yashamaydi,
Inson qadami u yerga yetib bormaydi.
44 Bobil xudosi Belni Men jazolayman,
Yutganlarini ogʻzidan chiqaraman.
Endi xalqlar uning oldiga oqib bormaydi,
Bobil devorlari qulab tushadi.
Xudo Bobildagi Isroil xalqiga xabar beradi
45 Ey xalqim, chiqib ket u yerdan!
Qochib qol Mening qahrimdan!
Joningni qutqargin!
46 Yurtdagi mish–mishlar sizni qoʻrqitmasin,
Yuragingizga gʻulgʻula solmasin.
Bir yil bir mish–mish boʻladi,
Keyingi yili boshqasi chiqadi.
Ha, yurtdagi zoʻravonlik haqida mish–mish chiqadi,
Shohlar orasidagi urush haqida mish–mish tarqaladi.
47 Mana, shunday kun kelyaptiki,
Men Bobilning soxta xudolarini jazolayman.
Butun Bobil yurti sharmanda boʻladi,
Koʻchalarida jasadlar yotadi.
48 Ha, Bobilga qarshi shimoldan
Qirgʻin keltiruvchi keladi.
Shunda Bobilning halokatidan
Yeru osmon shodlanadi,
U yerdagi barcha mavjudot xursand boʻladi,
— deb aytmoqda Egamiz. —
49 Axir, Bobil Isroil xalqining umriga zomin boʻldi,
Yer yuzidagi koʻp xalqlarning boshini yedi,
Ana endi uning qilmishlari oʻzining boshiga yetdi.”
50 Ey qilichdan omon qolganlar!
Oʻylanmasdan qochinglar!
Olis yurtda Egamizni eslanglar.
Quddus haqida oʻylanglar.
51 Sizlar aytasiz: “Sharmanda boʻldik.
Haqoratlar eshitdik.
Yuzimiz shuvut.
Axir, Egamiz uyining muqaddas xonalarini
Ajnabiylar oyoq osti qildi.”
52 Egamiz esa shunday demoqda:
“Mana, shunday kunlar kelyaptiki,
Men Bobilning soxta xudolarini jazolayman.
Butun yurt uzra
Yaradorlarning faryodlari eshitiladi.
53 Bobil osmonga chiqib olsa ham,
Baland qalʼasini mustahkam qilsa ham,
Men unga qarshi qirgʻin keltiruvchini yuboraman.”
Egamizning kalomi shudir.
Bobil vayron boʻladi
54 Ana, Bobil xalqidan dodu faryod koʻtarilmoqda,
Bobil yurtidan vayron–talqon sadolari kelmoqda.
55 Egamiz Bobilni vayron qiladi,
Shangʻillagan tovushini oʻchiradi.
Dushmanlar shiddatli toʻlqinlarday oʻkiradi,
Quloqni teshgudek qilib baqiradi.
56 Qirgʻin keltiruvchi Bobilga qarshi chiqadi,
Sipohlarini asirlikka oladi.
Kamonlarini sindiradi.
Axir, Egamiz jazolaydigan Xudodir,
U rosa Bobilning jazosini beradi.
57 Xudo Shohdir,
Sarvari Olamdir Uning nomi.
U shunday demoqda:
“Mast qilaman Bobil amaldorlariyu donishmandlarini,
Hokimlarini, aʼyonlariyu jangchilarini.
Ular abadiy uyquga ketadilar,
Hech qachon uygʻonmaydilar.”
58 Sarvari Olam shunday demoqda:
“Bobilning qalin devorlari yer bilan yakson qilinadi,
Baland darvozalari yondirib tashlanadi.
Ellar behuda tinkasini quritadi.
Xalqlarning ter toʻkib erishganlari olovga yem boʻladi.”
Yeremiyoning bashorati Bobilda ovoza qilinadi
59 Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining toʻrtinchi yili . Shoh Zidqiyo Bobilga bormoqchi boʻlib yoʻlga otlanganda, Yeremiyo paygʻambar Neriyoning oʻgʻli, Maxsiyoning nevarasi Sarayoga koʻrsatmalar berdi. Sarayo bu safarda javobgar bir shaxs edi. 60 Yeremiyo oʻrama qogʻozga Bobilning boshiga tushadigan barcha kulfatlarni batafsil bayon qilib yozdirgan edi. 61 U Sarayoga shunday tayinladi:
— Bobilga borganingdan keyin, oʻrama qogʻozdagi hamma soʻzlarni xalqqa baland ovozda oʻqib ber. 62 Keyin esa shunday xitob qil: “Ey Egam, Sen Oʻzing bu joyni vayron qilaman, degansan. Bu yerda na odamlar, na hayvonlar yashaydi, bu joy to abad tashlandiq boʻladi, deb aytgansan.” 63 Oʻrama qogʻozni oʻqib boʻlganingdan keyin, unga bir tosh bogʻlagin–da, Furot daryosining oʻrtasiga uloqtirib yubor. 64 Keyin shunday deb ayt: “Bobil ham shunga oʻxshab choʻkib ketadi. Egamiz Bobilga yogʻdiradigan kulfatlar tufayli Bobil hech qachon oʻnglanmaydi. Uning butun aholisi oʻladi.”
Yeremiyoning bashoratlari tugadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020