24–BOB
Ajralish va qaytadan turmush qurish
1 Agar biror kishi uylansa–yu, keyinchalik xotinidan birorta uyatli qiliq topib, uni yoqtirmay qolsa, uning qoʻliga taloq xati yozib berib, uyidan chiqarib yuborishi mumkin. 2 Ayol erining uyidan ketib, boshqa erga tegsa–yu, 3 bu eri ham uni yoqtirmay qolsa, ayolning qoʻliga taloq xati yozib berib, uyidan chiqarib yuborsa yoki ayolning keyingi eri oʻlib qolsa, 4 birinchi eri ayolga qaytadan uylanishi mumkin emas. Chunki u ayol harom boʻldi. Bunday qilmishdan Egamiz jirkanadi. Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtni bulgʻamang.
Har xil qonunlar
5 Yangi uylangan odam urushga bormasin, shunga oʻxshash majburiyat unga yuklanmasin. U bir yil davomida erkin boʻlib, xotinini uyda baxtli qilsin.
6 Hech kim tegirmonni yoki tegirmon toshini garovga olmasin. Shunday qilsa, u hayotni garovga olganday boʻladi.
7 Agar birortasi Isroil xalqidan boʻlgan birodarini oʻgʻirlab, uni qul qilib olgani yoki sotgani maʼlum boʻlsa, bunday oʻgʻri oʻldirilsin. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yoʻq qilinglar.
8 Teri kasalligidan ehtiyot boʻlinglar. Men levi ruhoniylariga bergan amrlarimni bitta qoldirmay bajaringlar. 9 Misrdan chiqqanlaringizdan keyin, Egangiz Xudo yoʻlda Maryamni nima qilganini esingizda tutinglar.
10 Birovga biror narsani qarzga berganingizda, garov olgani uning uyiga kirmang. 11 Tashqarida kutib turing. Siz qarz berayotgan odamning oʻzi sizga garovni koʻchaga olib chiqib bersin. 12 Agar u kambagʻal boʻlsa, uning kiyimini garovga olib, uxlagani yotmang. 13 Quyosh botayotganda undan olgan garovni qaytarib bering. U oʻzining kiyimini kiyib uxlasin, sizni duo qilsin. Bu bilan siz Egangiz Xudoning nazarida toʻgʻri ish qilgan boʻlasiz.
14 Kambagʻal, muhtoj mardikorning ish haqini ushlab qolmang. U Isroil xalqidan boʻladimi yoki shahringizga kelgan musofir boʻladimi, bunday qilmang. 15 U kambagʻaldir, tirikchiligi mana shu ish haqiga bogʻliq. Shuning uchun har kuni, quyosh botmasdan oldin unga haqini bering. Aks holda, birodaringiz Egamizga sizdan noliydi, natijada siz gunoh orttirib olasiz.
16 Otalar farzandlarining gunohi uchun oʻldirilmasin. Farzandlar otalarining gunohi uchun oʻldirilmasin. Har kim oʻz gunohi uchun oʻzi oʻlim jazosini olsin.
17 Musofir va yetimga nohaqlik qilmang, bevaning kiyimini garovga olmang. 18 Oʻzlaringiz ham Misrda qul boʻlganingizni, Egangiz Xudo sizlarni ozod qilib, u yerdan olib chiqqanini yodingizda tuting. Shuning uchun ham men sizlarga shunday qilinglar, deb buyuryapman.
19 Dalangiz hosilini oʻrganingizda, biron bogʻlam esingizdan chiqib qolsa, shu bogʻlamni olib kelgani qaytib bormang. Oʻsha bogʻlam musofirlarga, yetim va bevalarga qolsin. Shunda Egangiz Xudo qiladigan har bir ishingizga baraka beradi. 20 Zaytun daraxtingiz mevasini qoqib olganingizdan keyin, qolgan–qutganiga tegmang. Ularni musofirlarga, yetim va bevalarga qoldiring. 21 Uzumzoringiz hosilini yiqqaningizda, toklarda qolib ketgan uzum boshlarini yigʻib olmang. Ularni musofir, yetim va bevalarga qoldiring. 22 Misrda qul boʻlganingizni esingizdan chiqarmang. Shuning uchun ham men sizlarga shunday qilinglar, deb buyuryapman.