1–BOB
Muqaddima
1-3 Hurmatli Teofilus! Oʻzingizga maʼlumki, koʻp odamlar oramizda Xudoning qilgan ishlari tafsilotini yozishga kirishganlar. Bu voqealarni yozishda ular boʻlib oʻtgan hodisalarni boshidan koʻrgan va ularni bizga yetkazgan odamlarning soʻzlarini asos qilib olganlar. Shuning uchun men ham hammasini boshidan sinchiklab tekshirganimdan keyingina, bu voqealarning tafsilotini tartib bilan sizga yozib berishga qaror qildim, 4 toki sizga oʻrgatilgan taʼlimotning haqiqiyligiga oʻzingiz ishonch hosil qiling.
Yahyo choʻmdiruvchining tugʻilishi haqida karomat
5 Yahudiya shohi Hirod davrida Zakariyo degan bir ruhoniy bor edi. U ruhoniy Abiyo urugʻidan kelib chiqqandi, xotini Elisabet ham ruhoniylar naslidan edi. 6 Ikkovi ham Xudo oldida solih boʻlib, Egamizning amru farmonlariga bekami–koʻst rioya qilishardi. 7 Elisabet bepusht boʻlgani uchun ularning farzandi yoʻq edi. Buning ustiga, ikkovi ham keksayib qolgan edilar.
8 Zakariyoning ruhoniylar boʻlinmasi Maʼbadda navbatchilik qilayotgan kunlarning birida, Zakariyo Xudoning huzurida ruhoniylik vazifasini bajarayotgan edi. 9 Ruhoniylarning odati boʻyicha, Egamizning Maʼbadiga kirib, xushboʻy tutatqilar tutatish qurʼasi unga tushgandi. 10 Tutatqi tutatish vaqtida katta bir olomon tashqarida ibodat qilayotgan edi. 11 Shu payt Egamizning bir farishtasi Zakariyoga zohir boʻldi. Farishta tutatqi qurbongohining oʻng tomonida turardi. 12 Zakariyo uni koʻrib, qoʻrqqanidan oʻzini yoʻqotib qoʻydi.
13 Farishta unga dedi:
— Zakariyo, qoʻrqma, sening iltijolaring ijobat boʻldi. Xotining Elisabet senga bir oʻgʻil tugʻib beradi. Uning ismini Yahyo qoʻyasan. 14 U senga shodlik va quvonch keltiradi, uning tugʻilganidan koʻpchilik xursand boʻladi. 15 U Egamizning nazarida ulugʻ boʻladi, sharobu oʻtkir ichimliklarni ogʻziga olmaydi. Onasining qornidayoq Muqaddas Ruhga toʻladi. 16 Isroil xalqidan boʻlgan koʻplarni u Egasi Xudoga qaytaradi. 17 U Ilyos paygʻambarning ruhi va qudratiga toʻlib , Rabbimiz Masihdan oldin keladi. Rabbimizga tayyor bir xalqni taqdim qilish uchun otalarning yuraklarini farzandlariga moyil qiladi, itoatsizlarning fikrini solihlar donoligi tomon buradi.
18 Zakariyo farishtaga dedi:
— Men bunga qanday amin boʻlaman? Axir, men keksayib qolganman, xotinim ham qarib qolgan boʻlsa?
19 Farishta unga shunday javob berdi:
— Men Xudoning huzurida turadigan Jabroilman. Sen bilan gaplashgani, senga bu Xushxabarni eʼlon qilgani yuborilganman. 20 Senga aytganlarim oʻz vaqtida bajo boʻladi. Ammo mening soʻzlarimga ishonmaganing uchun tildan qolasan. Aytganlarim bajo boʻlmaguncha, gapirolmaysan.
21 Shu orada Zakariyoni kutib turgan xalq uning Maʼbadda imillab qolganiga hayron boʻldi. 22 Nihoyat, Zakariyo tashqariga chiqdi, ammo soʻzlamoqqa tili aylanmadi. Xalq uning Maʼbadda vahiy koʻrganligini tushundi. Zakariyo soqov boʻlib qolgani uchun xalq bilan imo–ishoralar orqali soʻzlashishga majbur boʻldi.
23 Maʼbaddagi xizmat muddati tugagach, Zakariyo uyiga qaytib bordi. 24 Oradan koʻp oʻtmay, xotini Elisabet homilador boʻldi. U dastlabki besh oy davomida uyidan chiqmay yurdi. U shunday derdi: 25 “Buni men uchun Egam qildi. U menga marhamat koʻrsatib, xalq orasida meni sharmandalikdan qutqardi.”
Iso Masihning tugʻilishi haqida karomat
26 Elisabetning homilasi olti oylik boʻlganda, Xudo farishta Jabroilni Jalilaning Nosira degan shahriga, 27 Dovud avlodidan Yusuf ismli yigitga unashtirilgan bir qizga yubordi. Qizning oti Maryam edi. 28 Farishta uning oldiga borib:
— Salom, ey Xudo yorlaqagan qiz! Egamiz sen bilandir , — dedi.
29 Maryam farishtaning soʻzlaridan sarosimaga tushdi . “Bunday salomlashuv nimani bildirar ekan?” deb oʻylanib qoldi.
30 Farishta unga dedi:
— Maryam, qoʻrqma, sen Xudodan inoyat topding. 31 Sen homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻasan. Uning ismini Iso qoʻyasan. 32 U buyuk boʻladi. Uni Xudoyi Taoloning Oʻgʻli deb atashadi. Egamiz Xudo Unga bobosi Dovudning taxtini beradi. 33 U to abad Isroil xalqi ustidan hukmronlik qiladi, hukmronligining oxiri boʻlmaydi.
34 — Men hali er koʻrmagan boʻlsam, bu qanday boʻladi? — deb soʻradi farishtadan Maryam. 35 Farishta javob berdi:
— Muqaddas Ruh seni qamrab oladi, Xudoyi Taoloning qudrati seni qoplaydi. Shu bois tugʻadigan oʻgʻling muqaddas boʻladi, U Xudoning Oʻgʻli deb ataladi . 36 Mana, qarindoshing Elisabet ham qariligida homilador boʻldi, u oʻgʻil tugʻadi. Homilasi olti oylik. Odamlar esa uni bepusht deb aytardilar. 37 Xudo uchun imkonsiz narsa yoʻq!
38 — Men Egamning bandasiman. Hammasi siz aytganingizday boʻlsin, — deb javob berdi Maryam. Shundan keyin farishta ketdi.
Maryam Elisabetni yoʻqlab boradi
39 Koʻp oʻtmay Maryam shoshilganicha Yahudiya qirlaridagi shaharga yoʻl oldi. 40 U Zakariyoning uyiga kirib, Elisabet bilan salomlashdi. 41 Elisabet Maryamning salomini eshitgani zahoti qornidagi bolasi oʻynoqlab ketdi. Elisabet Muqaddas Ruhga toʻlib, 42 baland ovozda shunday xitob qildi:
— Sen ayollar ichra muboraksan, qorningdagi Bola ham muborakdir! 43 Men kim boʻlibmanki, Rabbim Masihning onasi mening huzurimga kelibdi! 44 Sening saloming qulogʻimga yetishi bilanoq, qornimdagi bola quvonchdan oʻynoqlab ketdi. 45 Naqadar baxtlisan! Chunki Egamiz aytganlarini amalga oshirishiga sen ishonding.
46 Maryam shunday dedi:

“Butun vujudim bilan Egamni ulugʻlayman,
47 Najotkorim Xudodan koʻnglim shod–xurram.
48 Axir, U menday arzimas bandasiga nazar soldi.
Jamiki nasllar endi meni baxtli deb ataydi.
49 Zotan, qudratli Xudo men uchun buyuk ishlar qildi,
Muqaddasdir Uning nomi.
50 Undan qoʻrqqanlarga
U nasllar osha marhamat qiladi.
51 U Oʻzining qudratini koʻrsatdi,
Yuragi takabburlarni toʻzgʻitib tashladi.
52 Hukmdorlarni taxtlaridan tushirdi,
Faqirlarni esa yuksaltirdi.
53 Ochlarni neʼmatlar ila toʻydirdi,
Boylarni esa quruq joʻnatdi.
54-55 Ota–bobolarimizga bergan vaʼdasi boʻyicha,
Ibrohimga, uning nasliga
Shafqat qilishni to abad yodida tutdi.
Quli Isroilga yordam berdi.”

56 Shunday qilib, Maryam Elisabetnikida uch oycha qoldi, keyin uyiga qaytib ketdi.
Yahyo choʻmdiruvchining tugʻilishi
57 Elisabetning oy–kuni yetib, oʻgʻil tugʻdi. 58 Qoʻni–qoʻshni va qarindoshlari Egamizning unga koʻrsatgan buyuk marhamatini eshitib, u bilan birga quvonishdi. 59 Ular sakkizinchi kuni bolani sunnat qilgani olib borishdi . Unga Zakariyo deb otasining ismini qoʻymoqchi boʻlishdi. 60 Bunga bolaning onasi eʼtiroz bildirib:
— Yoʻq, ismini Yahyo qoʻyamiz, — dedi. 61 Lekin boshqalar:
— Qarindosh–urugʻing orasida bu ism bilan atalgan hech kim yoʻq–ku, — deyishdi unga.
62 Shu payt otasiga imo–ishora qilib, undan bolaga qanday ism qoʻymoqchi ekanligini soʻrashdi. 63 Zakariyo imo–ishora orqali bir taxtacha soʻradi va: “Uning ismi Yahyo boʻladi”, deb yozdi. Hamma hayron qoldi. 64 Shu payt Zakariyo yana tilga kirib, gapira boshladi va Xudoga hamdu sano aytdi.
65 Hamma qoʻshnilari hayratda qoldi, butun Yahudiya qirlarida bu voqea ovoza boʻlib ketdi. 66 Bu haqda eshitganlarning hammasi: “Ajabo, bu bola kim boʻlarkin?” deya mulohaza qilishardi. Chunki Egamizning qudrati unda namoyon edi.
Zakariyoning bashorati
67 Chaqaloqning otasi Zakariyo Muqaddas Ruhga toʻlib, bashorat qila boshladi:

68 “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!
U bizga yordamga keldi, Oʻz xalqini asoratdan xalos qildi.
69-70 Azaldan bizga vaʼda berganday,
Muqaddas paygʻambarlari orqali aytganday,
Quli Dovud xonadonidan
Bizga qudratli Najotkorni yubordi.
71 Toki U bizni dushmanlarimizdan qutqarsin,
Bizdan nafratlanadiganlarning hammasidan xalos etsin.
72 Shunday qilib, Xudo ota–bobolarimizga iltifot ayladi,
Muqaddas ahdini yodida tutdi.
73 Bobokalonimiz Ibrohimga bergan oʻsha qasamyodiga koʻra,
74 Xudo bizni yovlarimiz qoʻlidan qutqardi,
Endi biz Unga qoʻrqmasdan xizmat qila olamiz.
75 Butun umrimiz davomida
Uning oldida muqaddas va solih boʻla olamiz.

76 Sen ham, bolajonim,
Xudoyi Taoloning paygʻambari deb atalasan.
Zero, sen Rabbimiz Masihdan oldin yurasan,
U yuradigan yoʻlni hozirlaysan.
77 Xalqiga najot topishlarini eʼlon qilasan,
Xudo ularning gunohlarini kechirishini aytasan.
78 Zero, Xudoyimiz mehr–shafqatga boy,
U samodan bizga ufq Nurini sochadi.
79 Zulmatda, oʻlim soyasida oʻtirganlarni yoritadi,
Tinchlikka olib boradigan yoʻlni bizga koʻrsatadi.”

80 Bola ulgʻayib, ruhan kuchaydi. Isroil xalqiga xizmat qiladigan vaqti kelmaguncha, choʻlda yashadi.