3–BOB
Qoʻli shol odamni Iso sogʻaytiradi
1 Boshqa bir kuni Iso sinagogaga kirdi. U yerda qoʻli shol bir odam bor edi. 2 Isoni ayblamoqchi boʻlgan baʼzi odamlar : “Iso Shabbat kuni ham bu odamga shifo berarmikan”, deb Uni kuzatib turardilar.
3 Qoʻli shol odamga Iso:
— Oldinga chiq! — dedi. 4 Soʻng xaloyiqdan soʻradi:
— Qonunga muvofiq Shabbat kuni yaxshilik qilish kerakmi yoki yomonlikmi? Jonni xalos qilish kerakmi yoki halok qilishmi?
Ular esa indamay turaverdilar.
5 Iso odamlarning bunday bagʻri toshligidan ranjib, atrofga gʻazab bilan qaradi. Soʻngra oʻsha odamga:
— Qoʻlingni uzat! — dedi.
U odam qoʻlini uzatishi bilanoq, qoʻli soppa–sogʻ boʻlib qoldi. 6 Farziylar esa darrov tashqariga chiqib: “Isoni qanday qilib oʻldirsak ekan?” deb Hirod tarafdorlari bilan til biriktirishdi.
Koʻl boʻyidagi olomon
7-8 Iso shogirdlari bilan Jalila koʻli tomonga ketdi. Unga bir talay olomon ergashdi. Uning qilgan ishlari toʻgʻrisida eshitgan bu odamlar Jaliladan, Yahudiyadan, Quddusdan, Idumeya hududidan, Iordan daryosining sharqidagi yerlardan, shuningdek, Tir va Sidon atrofidagi hududlardan kelgan edilar. 9 Odam koʻpligidan oyoq ostida qolib ketmay deb, Iso shogirdlariga qayiq tayyorlab qoʻyishni buyurdi. 10 Iso koʻpchilikka shifo bergani uchun, hamma xastalar Isoga qoʻllarini tekkizmoqchi boʻlib, U tomon yopirilishardi. 11 Yovuz ruhga chalingan odamlar esa Isoni koʻrgan zahoti, Uning oyoqlariga yiqilib: “Sen Xudoning Oʻgʻlisan ”, — deb baqirib yuborishardi. 12 Ammo Iso: “Mening kimligimni aytmanglar!” deb ularga qatʼiy buyurardi.
Iso oʻn ikki havoriyni tanlaydi
13 Shundan soʻng Iso toqqa chiqib, Oʻzi xohlagan odamlarni yoniga chaqirdi. Ular kelgach, 14 Iso oʻn ikki odamni tanlab olib, ularga havoriylar deb nom berdi . Soʻngra dedi:
— Men bilan birga boʻlishlaringiz uchun sizlarni tanlab oldim. Men sizlarni vaʼz aytishga yuboraman. 15 Sizlarga jinlarni haydash hokimiyatini beraman.
16 Iso tanlab olgan oʻn ikki havoriy quyidagilardir: Shimoʻn (Iso unga Butrus deb ism berdi), 17 Zabadiyo oʻgʻillari Yoqub va Yuhanno (Iso ularga Baniragash, yaʼni “momaqaldiroq oʻgʻillari” deb nom berdi), 18 yana Endrus, Filip, Bartolomey, Matto, Toʻma, Xalfey oʻgʻli Yoqub, Taddeyus , vatanparvar Shimoʻn 19 va Isoga xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot.
Iso va shayton
20 Shundan soʻng Iso uyga ketdi. Ammo yana koʻp xaloyiq toʻplangani uchun Iso va shogirdlarining hatto non yeyishga ham vaqtlari boʻlmadi. 21 Isoning qilgan ishlari toʻgʻrisida oila aʼzolari eshitib: “Iso aqldan ozib qolibdi”, deb Uni olib ketgani keldilar. 22 Quddusdan kelgan Tavrot tafsirchilari esa:
— Uning ichiga Baalzabul kirib olgan. U Baalzabulning — ins–jinslar hukmdorining kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti, — deyishdi.
23 Shunda Iso ularni yoniga chaqirib, masal bilan soʻzlay boshladi:
— Qanday qilib shayton shaytonni quvib chiqara oladi?! 24 Agar bir shohlik nizo tufayli oʻz ichidan boʻlinib ketsa, bunday shohlik xarob boʻladi. 25 Agar bir xonadon nizo tufayli oʻz ichidan boʻlinib ketsa, u xonadon barbod boʻladi. 26 Bordi–yu, shaytonning shohligi oʻz–oʻziga qarshi chiqib, boʻlinib ketsa, u barbod boʻlib, kuni bitadi. 27 Hech kim kuchli odamning uyiga bostirib kirib, uning mol–mulkini talon–taroj qilib olib keta olmaydi. Uyning egasini oʻgʻri bogʻlab qoʻysagina, uyini talon–taroj qila oladi. 28 Sizlarga chinini aytayin: odamlarning qilgan gunohlari, aytgan har qanday kufrliklari kechiriladi. 29 Ammo kim Muqaddas Ruhga kufrlik qilsa , hech qachon kechirilmaydi, chunki bu abadiy gunohdir.
30 Iso bu soʻzni, “Uni yovuz ruh chalgan” deganlari sababli aytdi.
Isoning onasi va ukalari
31 Isoning onasi bilan ukalari kelib qolishdi. Ular Isoni chaqirib kelish uchun odam yuborib, oʻzlari uyning tashqarisida kutib turishdi. 32 Isoning atrofida olomon oʻtirgan edi. Ular Isoga:
— Ana, onangiz va ukalaringiz tashqarida Sizni soʻrayaptilar, — deyishdi. 33 Iso ularga javoban:
— Mening onam va ukalarim kim? — dedi. 34 Soʻngra atrofida oʻtirganlarga nazar solib dedi:
— Mana, Mening onam va ukalarim! 35 Kimda–kim Xudoning irodasini bajo qilsa, u Mening ukam, singlim, onam boʻladi.