9–BOB
Doniyor xalq uchun ibodat qiladi
1 Bobil taxtiga oʻtirgan Midiyalik Axashverash oʻgʻli Doro hukmronligining ilk davri. 2 Men Doro hukmronligining dastlabki yilida paygʻambarlar yozib qoldirgan bitiklarni mutolaa qilishga kirishgan edim. Egamiz Yeremiyo paygʻambarga aytgan soʻzlariga koʻra , Quddus yetmish yil davomida xarob boʻlib yotishini bilib oldim.
3 Shunda men Rabbiy Xudoga yolvordim, roʻza tutib, qanorga oʻrandim, kulga belanib , iltijo qildim. 4 Men Egam Xudoga ibodat qilib, xalqimning gunohlari uchun shunday deb tavba qildim:

Yo Rabbiy, Sen buyuk va haybatli Xudosan! Seni sevib, amrlaringga rioya qilgan bandalaringga Sen ahdingni sodiq saqlaysan. 5 Ammo biz nohaqlik qilib, gunohga qoʻl urdik. Qabih ishlar qilib, Senga qarshi bosh koʻtardik, amrlaru qonun–qoidalaringni unutib, 6 shohlarimizga, rahnamolarimizga, ota–bobolarimizga va avom xalqqa Sening nomingdan gapirgan xizmatkorlaring — paygʻambarlarga biz quloq solmadik.
7 Sen haqsan, yo Rabbiy. Biz esa bugun sharmanda boʻldik. Biz Senga xiyonat qilganimiz uchun, Sen hammamizni — Yahudo va Quddus aholisini hamda butun Isroil xalqini yaqin va uzoq yurtlarga tarqatib yuborgansan. 8 Ey Egam, biz Senga qarshi gunoh qilganimiz uchun shohlarimiz, rahnamolarimiz, ota–bobolarimiz — biz hammamiz sharmanda boʻldik. 9 Yo Rabbimiz Xudo, biz Senga qarshi bosh koʻtargan boʻlsak ham, Sen gunohlarimizni kechiruvchi, rahmdil Xudosan. 10 Ey Egamiz Xudo, biz Senga itoat etmadik! Sen xizmatkorlaring boʻlmish paygʻambarlar orqali bizga qonunlar berding, ammo biz ularga rioya qilmadik.
11 Butun Isroil xalqi qonuningni buzib, haq yoʻldan ozdi, Senga quloq solishni xohlamadi. Biz Senga qarshi gunoh qilganimiz uchun quling Musoning qonunida yozilgan qasamyodu laʼnatlar boshimizga tushdi. 12 Ha, Sen bizni va rahnamolarimizni ogohlantirgan eding! Soʻng aytganlaringni qilib, boshimizga shunday falokatlar yogʻdirdingki, Quddusda yuz bergan bunday dahshatli fojiani yorugʻ dunyo hali koʻrmagan edi. 13 Musoning qonunida yozilgan har bir falokat boshimizga tushdi. Ammo biz shunda ham gunohlarimizdan qaytmadik, Egamiz Xudoning marhamatini izlamadik, Uning sodiqligini esga olmadik. 14 Vaqti kelib Egam bizni bu falokatlarga giriftor qildi, chunki biz Uning gaplariga itoat qilmadik. Darhaqiqat, Egamiz Xudo doim adolat ila ish tutar.
15 Ey Rabbimiz Xudo, Sen Oʻz xalqingni qudrating ila Misrdan olib chiqib, shuhratingni olamga yoyding. Sening qudrating bugunga qadar tilga olinar. Biz esa gunoh qildik, qabihlikka qoʻl urdik. 16 Yo Rabbiy, Sen oʻtmishda bizga koʻp iltifot qilding. Hozir ham gʻazabu qahringni Quddusdan yiroq qilgin, deb yolvoraman. Quddus Sening shahring, Sening muqaddas togʻing–ku , axir! Bizning va ota–bobolarimizning gunohlari tufayli Quddus va tanlangan xalqing qoʻshni xalqlar orasida xor–zor boʻlmoqda. 17 Shuning uchun, ey Xudoyimiz, men, qulingning ibodatu iltijolariga quloq tutgin. Yo Rabbiy, xarob boʻlgan Maʼbadingga Oʻz haqi–hurmating uchun munavvar yuzing bilan boqqin. 18 Ey Xudoyim, quloq solib, nolalarimizni eshitgin! Koʻzingni ochib, biz tortgan jabrni koʻrib qoʻygin! Shaharning ahvoliga bir qara, axir, u Sening noming bilan atalgan–ku! Biz Sening marhamatingga loyiq boʻlmasak–da, Oʻzingning cheksiz rahmdilliging tufayli bizga shafqat qil. 19 Yo Rabbiy, nolalarimni eshitgin! Yo Rabbiy, bizni kechirgin! Yo Rabbiy, iltijolarimni eshitib yordam bergin! Hurmating haqi shoshilgin, chunki bu shahring va xalqing Sening noming bilan atalgandir, ey Xudoyim!
Jabroil bashoratni tushuntirib beradi
20 Men toat–ibodatda boʻlib, oʻzimning gunohlarim va xalqim Isroilning gunohlari uchun tavba qilib, Xudoning muqaddas togʻi — Quddus uchun Egam Xudoga iltijo qilayotgan edim. 21 Kechki qurbonlik paytida men hali ibodat qilayotganimda, oldimga Jabroil uchib tushdi. Men uni oldingi vahiyda ham koʻrgan edim . 22 U menga tushuntirdi: «Doniyor, men oldingga vahiyni tushuntirmoq uchun keldim. 23 Sen Xudoga iltijo qila boshlaganingda, U senga javob bergan edi. Men javobini senga yetkazmoq uchun keldim, chunki sen Xudoning suyukli bandasisan. Qani, endi aytadigan gaplarimni yaxshilab eshit, vahiyning maʼnosini tushunib olgin: 24 isyonni bartaraf etish, qabihlikka chek qoʻyish, gunohdan poklash hamda abadiy adolat oʻrnatish uchun Xudo sening xalqing va muqaddas shahring uchun yetmish karra yetti yil belgiladi. Shunda vahiy va karomatlar amalga oshadi, muqaddas Maʼbad esa tabarruk qilinadi. 25 Shuni bilib qoʻyginki, Quddusni tiklash uchun amr berilganidan to Xudo moy surtib tanlagan yoʻlboshchi kelguniga qadar, yetti karra yetti yil oʻtadi. Oltmish ikki karra yetti yil mobaynida Quddus shahri, uning yoʻllari va mudofaa inshootlari tiklanadi, ammo bular mashaqqatli damlarda sodir boʻladi. 26 Oltmish ikki karra yetti yil oʻtgach, Xudo tanlagan yoʻlboshchi oʻldiriladi. U erishgan hamma narsa barbod boʻladi . Qoʻshin tortib kelgan ajnabiy bir hukmdor shaharga kuchli selday yopirilib, shaharni hamda Maʼbadni vayron qiladi. Xudoning qaroriga muvofiq, urushu vayronagarchiliklar oʻsha davrning oxirigacha davom etadi. 27 Oʻsha hukmdor koʻp xalqlar bilan bir karra yetti yilga kuchli bir bitim tuzadi. Oʻsha vaqtning yarmi oʻtgach, qurbonlik va nazrlarga chek qoʻyib, Maʼbadda makruh bir narsa oʻrnatadi. Bu narsa koʻp harom–xarish ishlarga sabab boʻladi . Bu ahvol Xudo belgilagan kungacha davom etadi. Oʻsha kuni shahar bilan Maʼbadni vayron qilgan hukmdorning kuni bitadi.»”