4–BOB
Yunusning gʻazabi va Xudoning shafqati
1 Bu voqeadan Yunus qattiq xafa boʻlib gʻazablandi. 2 U Egamizga ibodat qilib dedi: “Ey Egam! Shunaqa qilishingni oʻz yurtimda ekanimdayoq aytmaganmidim?! Shuning uchun men Tarshishga qochgan edim–da. Sen inoyatli, rahmdil, jahli tez chiqmaydigan, sodiq sevgisi moʻl, gʻazabidan tushib kechiradigan Xudo ekanligingni bilgan edim. 3 Endi, iltijo qilaman, Egam, jonimni olib qoʻya qol. Yashaganimdan koʻra, oʻlganim yaxshiroq.”
4 Egamiz esa: “Nahotki shundan sen xafa boʻlding?!” dedi.
5 Yunus shahardan chiqib, shaharning sharq tomoniga borib oʻtirdi. Shu yerda chayla yasab, endi shaharga nima boʻlarkin, deb chaylaning soyasida kutib oʻtirdi.
6 Bir payt, Yunusning boshiga soya boʻlsin, qaygʻusi barham topsin deb, Parvardigor Egamiz bir oʻsimlik oʻstirdi. Oʻsimlik Yunusning tepasida koʻtarildi. Yunus bu oʻsimlik oʻsganidan juda xursand boʻldi. 7 Keyingi kuni esa tong paytida Xudo bir qurtni yuborgan edi, qurt oʻsimlikni kemirib quritdi. 8 Quyosh yuqoriga koʻtarilganda, Xudo sharqdan garmsel yubordi. Quyosh Yunusning boshini shunday qizdirdiki, u holdan keta boshladi. Yunus: “Bunaqa yashaganimdan, oʻlganim yaxshiroq”, deb oʻziga oʻlim tiladi .
9 Xudo Yunusga:
— Bitta oʻsimlik nobud boʻlganidan jahling chiqdimi? — dedi.
— Ha, jahlim chiqdi, oʻlimimga ham rozi boʻldim, — deb javob berdi Yunus.
10 Shunda Egamiz aytdi:
— Bu oʻsimlik uchun sen mehnat qilmagansan, ekib–oʻstirmagansan, oʻzi bir kechada oʻsib, bir kechada yoʻq boʻldi. Sen shu oʻsimlik uchun achinganingda, 11 Men qudratli Naynavo shahriga achinmasligim kerakmi?! Axir, bu yerda oq–qorani ajrata olmaydigan bolalarning oʻzidan yuz yigirma mingdan ortigʻi va talay hayvonlar yashaydi–ku!