5–BOB
Belshazarning ziyofati
1 Oradan yillar oʻtdi. Bir kuni shoh Belshazar katta bir ziyofat uyushtirdi, ziyofatga mingta begini taklif qilib, ular bilan mayxoʻrlik qilayotgan edi. 2 Shirakayf boʻlib qolgan shoh: “Katta bobom Navuxadnazar Quddusdagi Maʼbaddan olib kelgan oltin va kumush qadahlar keltirilsin!” — deb buyurdi. Shoh beklari, xotinlari va kanizaklari bilan oʻsha qadahlardan sharob ichmoqchi edi. 3 Quddusdagi Maʼbad, yaʼni Xudoning uyidan olib kelingan oltin qadahlar bazmxonaga keltirildi. Shohning oʻzi, uning beklari, xotinlari va kanizaklari qadahlardan sharob ichishdi. 4 Ular ichib, oltin, kumush, bronza, temir, yogʻoch va toshlardan qilingan xudolarni olqishlar edilar.
5 Toʻsatdan odam qoʻlining panjasi paydo boʻlib, shoh saroyining devorlaridagi suvoqning ustida yoza boshladi. Saroy chiroqlari devorning oʻsha qismini yaxshi yoritib turgani uchun, shoh yozayotgan qoʻl panjasini koʻrib qoldi. 6 Shoh bundan dahshatga tushib, boʻzarib ketdi. Uning qoʻllari boʻshashib, tizzalari titray boshladi. 7 Shoh baqirib, munajjim, afsungar va rammollarni keltirishni buyurdi. Ular hozir boʻlganlarida, shoh shunday dedi: “Kim bu yozuvni oʻqib, uning maʼnosini menga tushuntirib bersa, men oʻsha odamning ustiga shohona safsar toʻn kiygizaman, boʻyniga oltin zanjir taqib, chap qoʻl vazirim qilib tayinlayman.” 8 Shohning bu maslahatchilari ichkariga kirganlaridan keyin ham yozuvni oʻqiy olmadilar, uning maʼnosini ham tushuntirib bera olmadilar. 9 Bundan qattiq vahimaga tushgan shoh Belshazarning rangida rang qolmadi, beklari esa talmovsirab qolishdi.
10 Ichkaridagi shovqin–suronni eshitib, bazmxonaga kirgan ona malika : “Shoh hazratlarining umri boqiy boʻlsin! — dedi. — Shohim, shunchalik ham qoʻrqasizmi, qarang, axir, rangingizda rang qolmabdi–ku! 11 Sizning shohligingizda muqaddas xudolarning ruhiga toʻlgan bir odam bor. Katta bobongiz davrida bu odam idrokli, zehni oʻtkir va xudolar kabi dono deb tan olingan edi. Katta bobongiz — shoh Navuxadnazar uni folbin, munajjim, afsungar va rammollarning boshligʻi qilib tayinlagan edilar. 12 Doniyor ismli bu odam tushlarni taʼbirlashda, sirlarni ochishda va jumboqlarni yechishda gʻayritabiiy qobiliyat, bilim va fahm–farosatga egadir. Katta bobongiz uni Beltashazar deb atagan edi . Shohim, buyuring, Doniyorni bu yerga keltirishsin, u sizga bu yozuvning maʼnosini tushuntirib bergay.”
Doniyor yozuvni tushuntirib beradi
13 Doniyor shoh huzuriga keltirildi. Shoh Doniyordan: “Katta bobom Yahudodan asir qilib olib kelgan Doniyor senmisan? — deb soʻradi. 14 — Seni xudolarning ruhi bilan toʻlgan, idrokli, zehni oʻtkir va dono deb eshitdim. 15 Men maslahatchilar va munajjimlarni huzurimga chaqirtirib, ularga mana bu yozuvni oʻqib, maʼnosini tushuntirib berishni buyurgan edim. Ammo ularning birontasi ham buning uddasidan chiqa olmadi. 16 Sen esa jumboqlarni yechib, ularni tushuntira olishingni eshitganman. Agar sen hozir bu yozuvni oʻqib, uning maʼnosini menga tushuntirib bersang, men sening ustingga shohona safsar toʻn kiygizaman, boʻyningga oltin zanjir taqib, chap qoʻl vazirim qilib tayinlayman.”
17 Doniyor shoh huzurida shunday javob berdi: “Ey olampanoh, rahmat, sovgʻalaringiz oʻzingizda qolaversin yoki ularni boshqa birovga bera qoling. Men bu yozuvni shundoq ham oʻqib, uning maʼnosini tushuntirib beraman.
18 Ey shoh hazratlari, Xudoyi Taolo katta bobongiz Navuxadnazarni buyuk bir saltanatning taxtiga oʻtqazib, shuhratini roʻyi zaminga yoygandir. 19 Xudo unga bergan ulugʻvorligi tufayli hamma odamlar — qaysi xalq, elat va urugʻdan boʻlishlaridan qatʼi nazar, katta bobongizdan qoʻrqib qaltirar edilar. U xohlagan odamni oʻldirar, xohlaganini tirik qoldirar, yuksaltirmoqchi boʻlganini yuksaltirar, xor qilmoqchi boʻlganini oyoq osti qilar edi. 20 Ammo magʻrurlanib, oʻjarligi ila ish tuta boshlaganda shohona taxtidan tushirilib, ulugʻvorligidan mahrum qilingan edi. 21 U insonlar jamiyatidan haydalib, ongsiz hayvonday boʻlib qolgandi. Yovvoyi eshaklar bilan yashab, mol singari, oʻt bilan oziqlangan va osmondan tushgan shudringga choʻmilgandi. Oxiri Xudoyi Taolo inson saltanatining yagona Hukmdori ekanini va U taxtni xohlagan odamiga berishini katta bobongiz tan olgan edi.
22 Ammo siz, ey shoh Belshazar, katta bobongizning boshidan oʻtgan bu voqealardan xabardor boʻla turib Xudoga boʻysunmadingiz! 23 Siz haddingizdan oshib, Samoviy Xudoga qarshi bosh koʻtardingiz! Xudo Maʼbadining qadahlarini huzuringizga keltirib, beklaringiz, xotinlaringiz va kanizaklaringiz bilan mayxoʻrlik qildingiz. Hech narsa koʻrmaydigan, hech narsa eshitmaydigan, hech narsa bilmaydigan oltin, kumush, bronza, temir, yogʻoch va toshdan yasalgan xudolarni madh ayladingiz. Ammo sizga hayot beruvchi va oxiratingizni belgilovchi Xudoni ulugʻlamadingiz. 24 Shuning uchun Xudo qoʻl panjasini yuborib quyidagi soʻzlarni yozdirdi:

25 MENE, MENE, TEKEL va PARSIN .

26 Buning maʼnosi quyidagicha:

MENE, yaʼni «hisob» — Xudo hukmronlik vaqtingizni hisoblab chiqib, shohligingizga yakun yasadi.
27 TEKEL, yaʼni «tortilgan» — siz tarozida tortilib, hukmronlik qilishga nomunosib boʻlib chiqdingiz.
28 PERES, yaʼni «boʻlingan» — shohligingiz boʻlinib, Midiyaliklar va Forslarga berildi .”

29 Soʻng Belshazar bergan amrga binoan, Doniyorga shohona safsar toʻn kiydirilib, boʻyniga oltin zanjir taqildi va u shohning chap qoʻl vaziri deb eʼlon qilindi.
30 Xuddi oʻsha kuni kechasi Bobil shohi Belshazar oʻldirildi . 31 Taxtga esa oltmish ikki yoshli Midiyalik Doro oʻtirdi.