14–BOB
Isoni oʻldirish rejasi
1 Fisih ziyofatiga va Xamirturushsiz non bayramiga ikki kun qolgan edi. Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari Isoni hiyla bilan tutib, oʻldirish uchun fursat poylab yurgan edilar. 2 Ular: “Biz bu ishni bayram kunlari qilmasligimiz kerak, aks holda, xalq gʻalayon koʻtarishi mumkin”, dedilar.
Isoga sunbul moyi quygan ayol
3 Iso Baytaniya qishlogʻida ilgari teri kasalligiga chalingan Shimoʻnning uyida mehmon boʻlib oʻtirgan edi. Shunda bir ayol ganchdan yasalgan idishda toza, qimmatbaho sunbul moyi olib keldi. Idishni sindirib ochib, moyni Isoning boshidan quydi. 4 Baʼzilar bundan gʻazablanib, bir–biriga:
— Moyni bunday isrof etishning nima keragi bor edi?! 5 Axir, uni uch yuz kumush tangadan ham koʻproqqa sotib, kambagʻallarga taqsimlab berish mumkin edi–ku! — deb ayolni qattiq koyishdi.
6 — Qoʻyinglar uni! — dedi Iso. — Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ajoyib ish qildi. 7 Kambagʻallar har doim sizlar bilan birga boʻladilar. Istagan vaqtingizda ularga yordam bera olasizlar. Lekin Men sizlar bilan doimo birga boʻlmayman. 8 Bu ayol qoʻlidan kelganini qildi. U Mening tanamga xushboʻy moy surtib, oldindan dafnga tayyorladi . 9 Sizlarga chinini aytayin: Xushxabar dunyoning qaysi yerida eʼlon qilinmasin, bu ayol ham esga olinib, uning qilgan ishi haqida aytiladi.
10 Shunda oʻn ikki shogirddan biri boʻlgan Yahudo Ishqariyot bosh ruhoniylarning oldiga borib, Isoni sizlarga tutib beraman, dedi. 11 Bosh ruhoniylar bu gapni eshitib, juda xursand boʻldilar, Yahudoga pul berishni vaʼda qildilar. Shunday qilib, Yahudo Isoni tutib berish uchun qulay vaqtni kuta boshladi.
Qutlugʻ kecha va Isoga xiyonat
12 Xamirturushsiz non bayramining birinchi kunida, Fisih qoʻzisi soʻyiladigan paytda shogirdlar Isodan soʻradilar:
— Fisih taomini qayerda yemoqchisiz? Biz borib tayyorgarlik koʻraylik.
13 Iso shogirdlaridan ikkitasini yuborayotib, ularga dedi:
— Quddusga boringlar, u yerda koʻzada suv koʻtarib ketayotgan bir odamni uchratasizlar. Uning orqasidan boringlar. 14 U kiradigan xonadon egasiga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz shogirdlari bilan Fisih taomini yemoqchilar. U sizdan: «Bizga tayyorlab qoʻyilgan mehmonxona qayerda?» deb soʻrab yubordilar.” 15 Uy egasi sizlarga jihozlangan, tayyorlab qoʻyilgan katta boloxonani koʻrsatadi. U yerda biz uchun hozirlik koʻringlar.
16 Shogirdlar joʻnashdi. Shaharga kirganlarida, xuddi Isoning aytganini topdilar va Fisih taomini tayyorladilar. 17 Kech kirganda, Iso oʻn ikki shogirdi bilan birga u yerga keldi.
18 Ular ovqatlanib oʻtirganlarida Iso shunday dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, Men bilan taom yeyayotgan kishi Menga xiyonat qiladi. U sizlarning orangizdadir.
19 Shogirdlar xafa boʻlib, birin–ketin:
— Nahotki oʻsha men boʻlsam? — deb Undan soʻray boshladilar.
20 Iso ularga javoban dedi:
— U oʻn ikkitangizdan bittasi, Men bilan baravar kosaga nonni botirgan — oʻshadir. 21 Toʻgʻri, Inson Oʻgʻli U haqda yozilganday jon beradi. Lekin Inson Oʻgʻliga xiyonat qilgan odamning holiga voy! Uning tugʻilganidan koʻra, tugʻilmagani yaxshiroq edi.
22 Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo oʻqib sindirdi. Nonni shogirdlariga berib:
— Olinglar, bu Mening tanamdir, — dedi. 23 Sharob quyilgan kosani ham oldi, shukrona duosini oʻqib ularga uzatdi. Hammalari undan ichdilar. 24 Iso ularga dedi:
— Bu sharob Xudoning ahdini bildiradi. Bu ahd koʻplar uchun toʻkiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. 25 Sizlarga chinini aytayin: Xudoning Shohligida Men yangi sharob ichadigan kungacha uzum neʼmatini ogʻzimga ham olmayman.
26 Soʻng ular hamdu sano kuylab, Zaytun togʻi tomon ketdilar.
Butrusning Isodan tonishi haqida bashorat
27 Iso shogirdlariga dedi:
— Hammalaringiz Meni tashlab, qochib ketasizlar. Chunki yozilgan:
“Men choʻponni oʻldiraman,
Shunda qoʻylar har yoqqa tarqalib ketadi.”
28 Biroq Men tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman.
29 Butrus Isoga dedi:
— Sizni hamma tashlab ketsa ham, men Sizni tashlab ketmayman!
30 Iso unga:
— Senga chinini aytayin, bugun, shu kechasiyoq, xoʻroz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan, — dedi.
31 Lekin Butrus oʻz gapida qattiq turib oldi:
— Kerak boʻlsa, Siz bilan birga oʻlaman! Ammo Sizdan aslo tonmayman! — dedi. Boshqa hamma shogirdlar ham shunday deyishdi.
Isoning bogʻdagi ibodati
32 Ular Getsemaniya degan joyga bordilar. Iso shogirdlariga:
— Men ibodat qilayotganimda, sizlar shu yerda oʻtirib turinglar, — dedi.
33 U yoniga Butrusni, Yoqub va Yuhannoni oldi. Isoni qaygʻu, gʻam bosib kela boshladi. 34 U shogirdlariga:
— Yuragimdagi ogʻir qaygʻu Meni oʻlguday qiynab yubordi. Shu yerda qolinglar–da, koʻz–quloq boʻlib turinglar, — dedi.
35 Bir oz nari ketib yerga muk tushdi: “Agar iloji boʻlsa, bu lahza Meni chetlab oʻtsin”, deb ibodat qildi. 36 U shunday deb yolvordi:
— Otajon! Sen uchun hamma narsaning imkoni bor! Bu azob kosasini Mendan uzoqlashtir. Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo boʻlsin.
37 Iso qaytib kelib, shogirdlarining uxlab yotganini koʻrdi. Butrusga dedi:
— Shimoʻn! Uxlayapsanmi? Bir soatgina ham uygʻoq oʻtira olmadingmi? 38 Koʻz–quloq boʻlib turinglar, vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar . Ruh tetik, tana esa zaifdir.
39 Iso yana borib, oʻsha soʻzlarni aytib ibodat qildi. 40 U qaytib kelib, shogirdlarining yana uxlab yotganini koʻrdi. Ularning koʻzlari yumilib ketavergan edi. Ular Isoga nima deb aytishni bilmay qoldilar.
41 Uchinchi marta borib kelib, Iso shogirdlariga dedi:
— Haligacha dam olib, uxlab yotibsizlarmi?! Boʻldi, vaqt–soati keldi! Inson Oʻgʻli gunohkorlar qoʻliga tutib berilyapti. 42 Turinglar, ketaylik! Ana, Menga xoinlik qiluvchi kelyapti!
Iso hibsga olinadi
43 Iso hali gapini tugatmagan ham ediki, Yahudo kelib qoldi. U oʻn ikki shogirddan biri boʻlib, uning yonida qilich va tayoq koʻtarib olgan olomon bor edi. Bu olomonni bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yoʻlboshchilar yuborgan edilar. 44 Xoin Yahudo olomon bilan til biriktirib, shunday degandi: “Men kimni oʻpsam, U oʻsha Kishidir. Uni qoʻlga olinglar, qoʻriqlab olib ketinglar.”
45 Yahudo toʻppa–toʻgʻri Isoning oldiga borib:
— Ustoz! — deb Uni oʻpdi.
46 Shu zahotiyoq odamlar Isoni ushlab, qoʻlga oldilar. 47 Oʻsha yerda turganlardan biri qilichini qinidan sugʻurdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, qulogʻini kesib tashladi.
48 Iso ularga dedi:
— Sizlar Meni qoʻlga olish uchun qoʻzgʻolonchiga qarshi chiqqandek qilichu tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar. 49 Men har kuni Maʼbadda sizning orangizda edim, taʼlim berardim. Sizlar oʻshanda Meni qoʻlga olmadingizlar. Ammo bular Muqaddas bitiklarda aytilganlar bajo boʻlishi uchun roʻy berdi.
50 Oʻshanda hamma shogirdlari Isoni tashlab, qochib ketishdi. 51 Bir yosh yigit Isoga ergashib ketayotgan edi. U zigʻir matosiga oʻranib olgan, boshqa kiyimi yoʻq edi. Odamlar oʻsha yigitni ham ushlagan edilar, 52 u zigʻir matosini tashlab, yalangʻoch holicha qochib ketdi.
Iso yahudiylarning Oliy kengashi oldida
53 Isoni oliy ruhoniyning oldiga olib keldilar. Bosh ruhoniylar, yoʻlboshchilar va Tavrot tafsirchilarining hammasi yigʻilgan edilar. 54 Butrus esa Isoning orqasidan masofa saqlab ergashib kelib, oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. U soqchilar bilan birga olov yonida oʻtirib, isindi.
55 Bosh ruhoniylar va Oliy kengashning barcha aʼzolari Isoni oʻlimga mahkum qilish uchun Unga qarshi guvoh izlar edilar , lekin topolmasdilar. 56 Koʻp odamlar Unga qarshi soxta guvohlik berayotgan boʻlsalar–da, ammo bergan guvohliklari bir–biriga mos kelmas edi. 57 Soxta guvohlardan baʼzilari soʻzga chiqib shunday der edilar:
58 — U: “Inson qoʻli bilan qurilgan bu Maʼbadni Men buzib tashlayman–u, uch kunda inson qoʻllarisiz, boshqa bir Maʼbadni tiklayman”, — deganini eshitgan edik .
59 Lekin bu xususda ham guvohlarning bergan maʼlumotlari bir–biriga mos kelmas edi.
60 Bundan keyin oliy ruhoniy oldinga chiqib, Isoga:
— Indamay turaverasanmi?! Ularning Senga qoʻygan ayblariga javob qaytarmaysanmi?! — dedi.
61 Iso esa indamadi, hech javob qaytarmadi. Oliy ruhoniy yana Undan soʻradi:
— Muborak Xudoning Oʻgʻli — Masih Senmisan?
62 Iso dedi:
— Men Oʻshaman. Sizlar Inson Oʻgʻlini Qodir Xudoning oʻng tomonida oʻtirganini va osmon bulutlarida kelayotganini koʻrasizlar .
63 Shundan keyin oliy ruhoniy oʻz kiyimlarini yirtib dedi:
— Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor?! 64 Uning kufr ketganini oʻzlaringiz eshitdingizlar. Sizlarning qaroringiz qanday?
Hammalari Uni oʻlimga loyiq deb topishdi. 65 Baʼzilar Unga tupurishdi. Uning yuz–koʻzini bogʻlab, mushtlashdi: “Paygʻambar, qani, top–chi, Seni kim urdi ekan?” deb aytishdi. Soqchilar ham Uni olib ketib, urdilar.
Butrus Isodan tonadi
66 Butrus pastdagi hovlida ekan, oliy ruhoniyning bir choʻrisi kelib qoldi. 67 Isinib turgan Butrusni koʻrib, unga tikilib qaradi–da:
— Siz ham oʻsha Nosiralik Iso bilan birga edingiz–ku! — dedi. 68 Lekin Butrus inkor etib:
— Nima deyapsan oʻzi, tushunmayapman, — dedi–yu, boshqa yoqqa, tashqi hovliga chiqib ketdi. Shu payt xoʻroz qichqirdi.
69 Choʻri uni yana uchratib, u yerda turganlarga:
— Bu odam oʻshalardan biri, — deb yana aytdi.
70 Butrus yana inkor etdi.
Bir ozdan keyin u yerda turganlar yana Butrusga gapira boshlashdi:
— Sen Jalilaliksan–ku! Oʻshalardan biri ekanliging aniq .
71 — Xudo ursin! Sizlar aytayotgan bu Odamni men tanimayman! — deb qasam ichdi Butrus.
72 Naq shu payt xoʻroz ikkinchi marta qichqirdi. Isoning: “Xoʻroz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan” degan soʻzi Butrusning esiga tushib ketdi. U chidolmay yigʻlab yubordi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020