11–BOB
Egamizning buyukligi
1 Egangiz Xudoni sevinglar. Har doim Uning amrlariga, qonun–qoidalariga va farmonlariga rioya qilinglar, talablarini bajaringlar. 2 Shuni unutmanglarki, bolalaringiz emas, sizlar Egangiz Xudoning tarbiyasini olgansizlar. Farzandlaringiz Egamizning buyukligini, qudrati va ajoyibotlarini koʻrmagan. 3 Egamiz Misr firʼavniga va uning butun yurtiga qilgan moʻjizalaru ishlarini ular bilmaydi. 4 Orqangizdan quvayotgan Misr lashkarini, ot–aravalarini Egamiz Qizil dengizga choʻktirib, tamomila yoʻq qilganini bolalaringiz koʻrmagan. 5 Shu yerga yetib kelguningizcha sahroda Egamiz sizlar uchun nimalar qilganini ular bilmaydilar. 6 Ruben qabilasidan Eliyobning oʻgʻillari Datan va Aburamni Egamiz nimalar qilganini bilmaydilar. Butun Isroil xalqining koʻz oʻngida yer yorilib ularni, oilalarini, chodirlarini, ularga qarashli barcha jonivorlarni yutib yuborganini bolalaringiz koʻrmagan. 7 Egamizning qilgan barcha buyuk ishlarini bolalaringiz emas, sizlar oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz.
Vaʼda qilingan yurtning barakalari
8 Shunday ekan, Men bugun sizlarga berayotgan amrlarning hammasiga rioya qilinglar. Shunda kuchli boʻlasizlar. Iordan daryosidan kechib, mulk qilib oladigan yurtni qoʻlga kiritasizlar. 9 Egamiz ota–bobolaringizga va ularning avlodiga qasam ichib, vaʼda bergan sut va asal oqib yotgan yurtda uzoq yashaysizlar. 10 Sizlar kirib mulk qilib olayotgan bu yer oʻzlaringiz chiqqan Misr yurtiday emas. Misrda sabzavot urugʻini oʻzlaringiz ekib, oʻzlaringiz sugʻorar edingizlar . 11 Sizlar Iordanni kechib oʻtib, mulk qilib oladigan yurtdagi qirlaru vodiylarni esa osmon yomgʻiri sugʻoradi. 12 Egangiz Xudoning Oʻzi uni parvarish qiladi. Yil boshidan oxirigacha Egangiz Xudoning koʻzi doim oʻsha yurtdadir.
13 Bugun men sizlarga berayotgan amrlarga quloq solinglar, Egangiz Xudoni sevinglar, Unga butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan xizmat qilinglar. 14 Shunda U yeringizga kuz va bahor yomgʻirini oʻz vaqtida yogʻdiradi. Doningizni, sharobingizni va zaytun moyingizni yigʻib olasiz . 15 Egamiz dalalaringizda chorvangiz uchun oʻt oʻstiradi, sizlarning rizqingiz ham but boʻladi. 16 Ammo ehtiyot boʻlinglar! Yana vasvasaga tushib, yoʻldan ozmanglar. Boshqa xudolarga xizmat qilib, sigʻinmanglar. 17 Aks holda, Egamiz sizlardan gʻazablanib, osmonni yopib qoʻyadi, yomgʻir yogʻmaydi, yer hosil bermaydi. Natijada Egamiz sizlarga mulk qilib berayotgan yaxshi yurtdan tez qirilib ketasizlar.
18 Mening bu soʻzlarimni yuragingiz va qalbingizda saqlanglar. Bularni qoʻlingizga belgi qilib bogʻlanglar, peshanangizga nishona qilib taqib olinglar. 19 Bularni bolalaringizga oʻrgatinglar. Uyda oʻtirganda ham, yoʻlda yurganda ham, yotganingizda, turganingizda ham shular haqida gapiringlar. 20 Eshigingiz kesakisiga, darvozalaringizga yozib qoʻyinglar, 21 toki Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, mulk qilib beraman, deb vaʼda qilgan yurtda oʻzlaringiz ham, farzandlaringiz ham uzoq umr koʻringlar. Osmon yer ustida qancha tursa, oʻsha yurtda shuncha yashanglar.
22 Men bugun sizlarga aytayotgan amrlarni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudoni sevsangiz, Uning yoʻlidan yursangiz, Unga sodiq boʻlsangiz, 23 Egamiz bu yurtdagi xalqlarning hammasini sizlarning oldingizdan haydaydi. Sizlar oʻzingizdan koʻproq va qudratliroq xalqlarning yurtlarini egallab olasiz. 24 Oyogʻingiz tekkan har qanday yer sizniki boʻladi. Chegarangiz janubdagi sahrodan to shimoldagi Lubnongacha, sharqdagi Furot daryosidan to gʻarbdagi Oʻrta yer dengizigacha choʻziladi. 25 Sizlarga hech kim bas kela olmaydi. Egangiz Xudo sizlarga vaʼda berganday, qadamingiz yetib borgan yerdagi hammani sizlardan qoʻrqadigan, vahimaga tushadigan qilib qoʻyadi.
26 Mana bugun men sizlarga barakani yoki laʼnatni tanlang, deyapman. 27 Men bugun sizlarga aytayotgan Egangiz Xudoning amrlarini bajarsangiz, baraka topasiz. 28 Bordi–yu, Uning amrlariga quloq solmasangiz, bugun sizlarga buyurayotgan yoʻldan ozsangiz, oldin bilmagan xudolarga ergashsangiz, laʼnati boʻlasiz.
29 Egangiz Xudo oʻzlaringizga mulk qilib berayotgan yerga sizlarni olib kirganda, Garizim togʻidan barakalarni aytinglar, Ebal togʻidan laʼnatlarni aytinglar. 30 Bu ikkala togʻ Iordanning kunbotar tomonida joylashgan. Ular Iordan vodiysida yashaydigan Kanʼonliklar yurtida, Gilgal yaqinida, Moʻredagi emanzor yonidadir. 31 Iordandan kechib oʻtib, Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib beradigan yurtni olasizlar. U yerni qoʻlga kiritib joylashib olganingizda, 32 men bugun sizlarga aytayotgan Uning hamma farmonlari va qonun–qoidalarini bitta qoldirmay bajaringlar.