19–BOB
Dovud Ommon va Oram xalqlarini magʻlub qiladi
1 Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, Ommon shohi Naxosh olamdan oʻtib, oʻrniga oʻgʻli Xanun shoh boʻldi. 2 Dovud: “Naxosh menga sodiq edi, men ham uning oʻgʻli Xanunga sodiq boʻlayin”, deb koʻnglidan oʻtkazdi. Shunday qilib, Dovud Xanunga otasining vafoti munosabati bilan tasalli berish uchun oʻz elchilarini joʻnatdi.
Dovudning elchilari Xanunga tasalli bergani Ommon yurtiga borishgach, 3 Ommon beklari Xanunga shunday deb oʻrgatishdi: “Dovud bu odamlarini otangiz hurmati uchun joʻnatgan, deb oʻylaysizmi? Yoʻq, bu elchilar sizning huzuringizga yomon niyat bilan kelishgan, ular yurtni kuzatib, tekshirib, keyin qoʻlga kiritishmoqchi.” 4 Shu gapdan soʻng Xanun Dovudning elchilarini ushladi, ularning soqollarini qirdirib, kiyimlarini sonlarigacha kestirib, orqaga qaytarib yubordi. 5 Elchilar qaytib ketishdi. Dovud bu voqeani eshitdi–yu, elchilarini kutib olish uchun odamlar joʻnatdi. Elchilar juda sharmandali ahvolda qolgan edilar. Shoh oʻsha elchilariga: “Soqolingiz oʻsguncha Yerixoda qolinglar, keyin mening oldimga qaytib kelinglar”, deb ayttirib yubordi.
6 Ommon xalqi: “Endi Dovudning gʻazabiga duchor boʻldik”, deb oʻyladilar. Shuning uchun Xanun va Ommon xalqi Oram–Naxrayimdan, Oram–Maxodan va Zoʻvo shohliklaridan jang aravalari va otliqlar yollash uchun 2000 pud kumush yubordilar. 7 Xanun 32.000 ta jang aravasini va Maxo shahri shohini lashkari bilan yolladi. Maxo shohi kelib, Midavo shahri yonida qarorgoh qurdi. Ommon xalqi ham oʻz shaharlaridan chiqib, jangga otlandi.
8 Dovud bu xabarni eshitdi–yu, lashkarboshi Yoʻab boshchiligida qoʻriqchilarining hammasini urushga safarbar qildi. 9 Ommon lashkari shahar darvozasi oldida Dovudga qarshi saf tortdi. Yordamga kelgan shohlar ham yalanglikda alohida saf tortdilar.
10 Yoʻab gʻanim toʻdalari orqayu oldindan hujum qilayotganini koʻrdi. U Isroilning saralangan sipohlaridan tanlab oldi–da, Oram lashkariga qarshi saf torttirdi. 11 Qolganlariga esa ukasi Abushayni bosh qilib, Ommonlarga qarshi shay qilib qoʻydi. 12 Yoʻab Abushayga:
— Oram lashkari mendan ustun kelsa, sen yordamga kelasan, — dedi. — Bordi–yu, Ommonlar sendan baland kelsa, men yordamga boraman. 13 Bardam boʻl! Xalqimiz va Xudoyimizning shaharlari uchun mardlarcha kurash olib boraylik. Egamizning xohish–irodasi bajo boʻlsin.
14 Yoʻab boshchiligidagi sipohlar Oram lashkariga qarshi tashlandilar. Oram lashkari esa ularning oldiga tushib qochib qoldi. 15 Ularning qochganini koʻrgan Ommonlar ham Yoʻabning ukasi Abushaydan qochib, shaharga berkindilar. Shundan keyin Yoʻab Quddusga qaytib ketdi.
16 Oram lashkari Isroil lashkaridan yengilganini anglab yetgach, xabarchilar yuborib, Furot daryosining narigi tomonida turgan oʻz lashkarini chaqirtirib keldilar. Ularga lashkarboshi qilib, shoh Hadadzar lashkarining qoʻmondoni Shoʻvaxni tayinladilar. 17 Dovud bu voqeani eshitib, jamiki Isroil lashkarini yigʻdi. Iordan daryosini kechib oʻtib, Oram lashkariga qarshi saf tortdi. Oram lashkari hujumga oʻtdi. 18 Ammo ular bu safar ham Isroil lashkarining oldiga tushib qochib qolishdi. Dovud Oram lashkarining 7000 nafar jang aravasi aravakashini va 40.000 nafar sipohini oʻldirdi. Hadadzarning lashkarboshisi Shoʻvax ham Dovudning qoʻlidan halok boʻldi.
19 Shunday qilib, Hadadzarning qoʻli ostidagi shohlar Isroildan magʻlub boʻlib, Dovud bilan sulh tuzishga majbur boʻlishdi. Ular Dovudga qaram boʻlib qolishdi. Shundan keyin Oram xalqi Ommon xalqiga yordam berishdan bosh tortadigan boʻldi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020