10–BOB
Shogirdlarning voizlik safari
1 Shundan keyin Rabbimiz Iso yetmish ikki odamni tanlab oldi. Ularni ikkita–ikkita qilib, borishni moʻljallagan har bir shaharga, har bir joyga Oʻzidan oldin joʻnatdi. 2 Iso ularga shunday dedi: “Hosil moʻl, ammo ishchilar oz. Hosil Egasidan: «Hosilingni yigʻib olishga yana ishchilar yubor», deb soʻranglar. 3 Boringlar! Sizni boʻrilar orasiga qoʻzilarday yuboryapman. 4 Oʻzlaringiz bilan hamyon, toʻrva, choriq olmanglar. Yoʻlda odamlardan hol–ahvol soʻrashga vaqtingizni ketkizmanglar.
5 Biror xonadonga kirganlaringizda, avvalo: «Xonadoningizda tinchlik–omonlik boʻlsin», deb aytinglar. 6 Agar oʻsha xonadonda tinchliksevar odam yashayotgan boʻlsa, siz tilagan tinchlik oʻsha odamda qoladi. Boʻlmasa, oʻzingizga qaytib keladi. 7 Bir xonadondan boshqa xonadonga koʻchib yurmanglar. Kirgan xonadoningizda qolinglar. Oldingizga nima qoʻyishsa, oʻshani yeb–ichinglar. Chunki mehnatkash ish haqini olishga munosibdir.
8 Bir shaharga kirganingizda, shahar aholisi sizlarni qabul qilsa, oldingizga qoʻyganlarini yenglar. 9 Oʻsha yerdagi xastalarga shifo berib, shahardagi odamlarga: «Xudoning Shohligi sizlarga yaqinlashdi», deb aytinglar. 10 Ammo biron shaharga kirganingizda sizlarni qabul qilmasalar, oʻsha shaharning shoh koʻchalariga chiqib shunday deb aytinglar: 11 «Ogohlantirish tariqasida shahringizdan oyoqlarimizga yopishgan changni ham qoqib ketyapmiz . Ammo bilib qoʻying, Xudoning Shohligi yaqinlashdi!» 12 Sizlarga aytamanki, qiyomat kunida oʻsha shaharning holi Sadoʻm shahrining holidan battar boʻladi.
Xudoni rad etgan shaharlarning holi
13 Sening holingga voy, ey Xorazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Agar sizlarda qilingan moʻjizalar Tir bilan Sidon shaharlarida qilinganda edi, ular allaqachon qanorga oʻranib, kulga oʻtirib , tavba qilgan boʻlardilar. 14 Qiyomat kunida sizning holingiz Tir va Sidonning holidan battar boʻladi. 15 Ey Kafarnahum! Xudo seni koʻklarga koʻtaradi, deb oʻylaysanmi?! Yoʻq, U seni tubsiz chuqurlikka uloqtiradi!”
16 Iso shogirdlariga dedi: “Sizlarga quloq solgan Menga quloq solgan boʻladi. Sizlarni rad qilgan Meni rad qilgan boʻladi. Meni rad qilgan esa Meni Yuborganni rad qilgan boʻladi.”
Shogirdlar safardan qaytadi
17 Yetmish ikki shogird xursand boʻlib safardan qaytib keldilar. Ular Isoga shunday dedilar:
— Hazrat, biz Sizning nomingizdan buyruq berganimizda, hatto jinlar ham itoat etyaptilar.
18 Iso ularga dedi:
— Men shaytonning osmondan yashinday tushganini koʻrdim. 19 Men sizlarga ilonu chayonlarni bosib ezish hokimiyatini va iblisning butun kuch–qudratini oyoq osti qilish hokimiyatini berganman. Hech narsa sizlarga zarar yetkazmaydi. 20 Biroq jinlar sizga boʻysunayotganidan xursand boʻlmanglar, balki nomlaringiz osmonda yozilganidan xursand boʻlinglar!
21 Shu on Iso Muqaddas Ruhning shodligiga toʻlib, dedi: “Ey Ota, yeru osmonning Egasi! Sen bu ishlarni donolaru idroklilardan yashirib, goʻdaklarga maʼlum etganing uchun Senga shukurlar aytaman. Ha, Ota, bu Sening ezgu xohishing edi.”
22 Soʻng Iso odamlarga dedi: “Osmondagi Otam hamma narsani Mening ixtiyorimga topshirgan. Oʻgʻilning kimligini Otadan boshqa hech kim bilmaydi. Otaning kimligini ham Oʻgʻildan boshqa va Oʻgʻil ayon qilishni istagan odamdan boshqa hech kim bilmaydi.”
23 Iso shogirdlariga oʻgirilib qaradi–da, ularga alohida dedi: “Sizlar koʻrayotganlarni koʻradigan koʻzlar baxtlidir! 24 Sizlarga shuni aytay: qanchadan–qancha paygʻambarlar, qanchadan–qancha shohlar sizlar koʻrgan voqealarni koʻrishni istaganlar, ammo koʻrmaganlar. Sizlar eshitganlaringizni eshitishni ular istaganlar, ammo eshitmaganlar.”
Rahmdil Samariyalik haqida masal
25 Shunda Isoni sinash maqsadida kelgan Tavrot tafsirchilaridan biri turib, Unga savol berdi:
— Ustoz, abadiy hayotga ega boʻlishim uchun men nima qilishim kerak?
26 Iso:
— Tavrotda bu toʻgʻrida nima yozilgan? Siz nima deb tushunasiz? — deb soʻradi. 27 U kishi shunday javob berdi:
— U yerda yozilganki: “Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan, kuchingiz boricha seving” , yana: “Oʻzgani oʻzingizni sevganday seving.”
28 Iso unga:
— Toʻgʻri javob berdingiz. Siz ham shunday qiling, ana shunda yashaysiz! — dedi. 29 Ammo u odam oʻzini oqlamoqchi boʻlib, Isodan:
— Mening yaqinim kim? — deb soʻradi. 30 Iso shunday javob berdi:
— Bir odam Quddusdan Yerixoga borayotgan ekan, qaroqchilar qoʻliga tushib qolibdi. Qaroqchilar uning kiyimlarini yechib olib, kaltaklab, chalajon qilib tashlab ketibdilar. 31 Tasodifni qarangki, oʻsha yoʻldan bir ruhoniy ketayotgan ekan. U haligi odamni koʻribdi–yu, yoʻlning narigi chetidan oʻtib ketaveribdi. 32 Oʻsha joydan oʻtib ketayotgan levi ham xuddi shunday qilibdi. U yarador odamni koʻrib, yoʻlning narigi chetidan oʻtib ketaveribdi. 33 Ammo oʻsha yerdan oʻtib ketayotgan bir Samariyalik yarador odamni koʻrib, unga achinib ketibdi. 34 Uning yoniga kelib, yaralariga zaytun moyi, sharob surib , bogʻlab qoʻyibdi. Soʻng uni oʻz uloviga mindiribdi–da, mehmonxonaga olib kelib, uni parvarish qilibdi. 35 Ertasi kuni ikki kumush tanga chiqaribdi–da, mehmonxona egasiga berib: “Unga yaxshi qarang, agar bundan ortiq xarajat qilsangiz, qaytishimda sizga toʻlayman”, debdi. 36 Sizningcha, oʻsha uch odamdan qaysi biri qaroqchilar qoʻliga tushgan odamning yaqini hisoblanadi?
37 Tafsirchi:
— Unga shafqat koʻrsatgan odam–da, — deb javob berdi.
— Boring, siz ham shunday qiling! — dedi unga Iso.
Iso Maryam bilan Martaning uyida
38 Iso va Uning shogirdlari yoʻlda davom etdilar. Ular bir qishloqqa kirdilar. U yerda Marta ismli ayol Isoni uyiga taklif qildi. 39 Uning Maryam ismli bir singlisi bor edi. Maryam Rabbimiz Isoning oyoqlari oldida oʻtirib, Uning soʻzlarini tinglar edi. 40 Marta esa mehmon kutish bilan ovora edi.
U Isoning oldiga kelib dedi:
— Hazrat! Eʼtibor bermayapsizmi, singlim hamma ishni bir oʻzimga tashlab qoʻydi–ku! Unga ayting, menga yordam bersin.
41 Rabbimiz Iso unga shunday javob berdi:
— Eh, Marta, Marta, buncha urinib tashvishlanmasang! 42 Zarur boʻlgan bittagina narsa bor. Maryam oʻzi uchun eng yaxshisini tanladi va bu undan tortib olinmaydi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020