12–BOB
Yahudo shohi Yoʻsh
1 Isroil shohi Yohu hukmronligining yettinchi yilida Yoʻsh Yahudo shohi boʻlgan edi. U Quddusda qirq yil hukmronlik qildi. Onasi Bersheba shahridan boʻlib, ismi Zibiyox edi.
2 Yoʻsh umri boʻyi Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi, chunki ruhoniy Yohayido unga yoʻl koʻrsatardi. 3 Lekin sajdagohlar hamon yoʻq qilinmagan, xalq hali ham oʻsha joylarda qurbonlik qilib, tutatqi tutatardi.
4 Yoʻsh ruhoniylarga farmon berdi:
— Egamizning uyiga ehson sifatida olib kelingan kumushni, doimiy soliqni, vaʼda qilingan nazrni va ixtiyoriy berilgan hadyalarni toʻplanglar. 5 Bu kumushlarni ruhoniylar olib keluvchilardan qabul qilib olib, Egamiz uyining buzilgan joylarini tuzatishga sarflashsin.
6 Yoʻsh hukmronligining yigirma uchinchi yilida ham ruhoniylar Egamiz uyining buzilgan joylarini hali tuzatmagan edilar. 7 Shundan keyin shoh Yoʻsh ruhoniy Yohayido bilan boshqa ruhoniylarni chaqirib:
— Nimaga Egamizning uyini tuzatmayapsizlar? — dedi ularga, — endi odamlardan kumush olmanglar. Olgan kumushlaringizni Egamizning uyini tuzatishga beringlar.
8 Ruhoniylar xalqdan oʻzlari pul yigʻmaslikka va Egamizning uyi taʼmirlanishini nazorat qilmaslikka rozi boʻlishdi. 9 Ruhoniy Yohayido bir quti olib, qopqogʻi ustidan teshik ochdi. Uni qurbongohning yoniga — odamlar Egamizning uyiga kiradigan joyning oʻng tomoniga joylashtirdi. Ostonada qorovul boʻlib turgan ruhoniylar Egamizning uyiga keltirilgan hamma kumushni qutiga tashlayverishdi. 10 Qutida koʻp pul yigʻilgandan keyin, shohning mirzasi bilan oliy ruhoniy kelib, Egamizning uyiga keltirilgan kumushlarni qoplarga solib tortishardi. 11 Tortilgan kumushlar Egamizning uyidagi ishlarning boshida turgan odamlarga berilardi. Ular esa bu kumushlarni Egamizning uyida ishlayotgan duradgor va binokorlarga, 12 tosh teruvchilarga, sangtaroshlarga toʻlashar, uyni tuzatmoq uchun yogʻoch va tosh sotib olishga ishlatishar, uyni tuzatishga kerak boʻlgan boshqa ashyolarga sarf qilishardi.
13 Egamizning uyida yigʻilgan kumush bu joy uchun kumush togʻoralar, qaychilar, togʻorachalar va karnaylar, har xil oltin yoki kumush buyumlar yasashga sarf qilinmadi. 14 Bu kumushning hammasi ishlovchilarga toʻlashga va uyni tuzatishga sarf qilindi. 15 Egamizning uyida ishlovchilarga pul taqsimlaydigan odamlardan hisob–kitob talab qilinmadi, chunki ular halol ishlashdi.
16 Ayb va gunoh qurbonliklariga qoʻshib, zararni qoplash uchun beriladigan pul esa Egamizning uyiga olib kiritilmasdi. Bu pul ruhoniylarga tegishli edi.
17 Oʻsha paytda Oram shohi Xazayil Gat shahriga hujum qilib, shaharni qoʻlga kiritdi. Keyin Quddusga hujum qilmoqqa qaror qildi. 18 Yahudo shohi Yoʻsh esa ota–bobolari — Yahudo shohlari Yohushafatning, Yohuramning, Oxoziyoning va oʻzining Egamizga atagan hamma muqaddas nazrlarini, Egamizning uyidan va saroy xazinalaridan olingan jamiki oltinlarni Oram shohi Xazayilga yubordi. Shundan keyin Xazayil Quddusga hujum qilish qaroridan qaytdi.
19 Yoʻshning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 20 Shoh Yoʻshning aʼyonlari isyon koʻtarib, uni Silloga boradigan yoʻlda — Millodagi uyda oʻldirdilar. 21 Uni oʻldirganlar Yoʻshning aʼyonlaridan Shimat degan odamning oʻgʻli Yoʻzabad bilan Shoʻmer deganning oʻgʻli Yohuzabad edilar. Yoʻsh Dovud qalʼasida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Emoziyo shoh boʻldi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020