6–BOB
Quddus qizlari:
1 Sevgiling qayerga ketdi,
Ey goʻzallarning goʻzali?
Ayt–chi, qaysi tomonga yoʻl oldi?
Biz sen bilan uni qidiraylik.
Qiz:
2 Sevgilim oʻz bogʻiga,
Xushboʻy ziravorlar bogʻiga ketdi.
U nilufar gullar terib,
Oʻz bogʻidan zavq olgani ketdi.
3 Men sevgilimniki, sevgilim esa menikidir!
U nilufarlar terib, oʻz bogʻidan zavq oladi.
Beshinchi qoʻshiq
Yigit:
4 Sen Tirza shahriday goʻzaldirsan, sevgilim,
Quddus shahriday xushroʻydirsan,
Bayroqlari koʻtarilgan qoʻshinday savlatlisan.
5 Koʻzlaringni olib qoch mendan,
Ular meni maftun qilganlar.
Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan
Qop–qora qoʻylardaydir sening sochlaring.
6 Yuvib–taralgan oppoq
Echkilardaydir sening tishlaring.
Har birining egizi bor,
Oʻrni hech boʻsh qolmagan.
7 Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa
Anorlarday qip–qizil.
8 Ana, oltmishta malika, saksonta kanizak,
Son–sanoqsiz qizlar!
9 Ammo mening kabutarim,
Komil sevgilim oʻzgachadir.
Onasining erkasi,
Tuqqan onasining yagonasidir.
Qizlar uni koʻrib, u baxtlidir, deyishadi,
Malikayu kanizaklar uni koʻrib, maqtashadi.
10 Mahbubamning nigohlari tongdaydir.
Oʻzi esa toʻlin oyday goʻzal, quyoshday yorqin,
Bayroqlari koʻtarilgan qoʻshinday savlatlidir.
11 Men bodomzorga,
Vodiy chechaklarini koʻrishga bordim.
Toklaru anorlar gullaganmikin, deya bordim.
12 Shohona aravada oʻtirganday,
Hayajondan titrar edim.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020