22–BOB
Isoni oʻldirish rejasi
1 Xamirturushsiz non bayramiga yaqin qolgan edi. Bu bayram Fisih deb atalardi. 2 Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari Isoni yashirincha oʻldirish uchun fursat poylab yurgan edilar, chunki ular xalqdan qoʻrqardilar. 3 Shunda oʻn ikki havoriydan biri — Yahudo Ishqariyotning ichiga shayton kirib oldi. 4 Yahudo bosh ruhoniylarning va Maʼbad mirshabboshilarining oldiga borib, Isoni qanday tutib berish toʻgʻrisida ular bilan gaplashdi. 5 Ular juda xursand boʻlib, Yahudoga pul beradigan boʻldilar. 6 Yahudo rozi boʻldi va Isoni xalqdan yashirincha ularning qoʻliga tutib berish uchun qulay fursatni kuta boshladi.
Qutlugʻ kecha va Isoga xiyonat
7 Xamirturushsiz non bayrami keldi. Shu kuni Fisih qoʻzisi qurbonlik qilinar edi. 8 Iso Butrus bilan Yuhannoni yuborayotib shunday dedi:
— Boringlar, biz uchun Fisih taomini tayyorlanglar.
9 Ular Isodan soʻradilar:
— Bayram taomini qayerda tayyorlashimizni xohlaysiz?
10 Iso ularga dedi:
— Quddusga kirishlaringiz bilanoq, koʻzada suv koʻtarib ketayotgan bir odamni uchratasizlar. Oʻsha odamga ergashib, u kiradigan uyga kiringlar. 11 Xonadon egasiga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz shogirdlari bilan Fisih taomini yemoqchilar. U sizdan: «Bizga tayyorlab qoʻyilgan mehmonxona qayerda?» deb soʻrab yubordilar.” 12 Uy egasi sizlarga jihozlangan katta boloxonani koʻrsatadi. U yerda biz uchun hozirlik koʻringlar.
13 Shogirdlar ketdilar. Hamma narsa xuddi Iso aytganday roʻy berdi. Ular Fisih taomini tayyorladilar.
14 Ziyofat vaqti boʻldi. Iso bilan havoriylari dasturxon atrofiga yonboshlashdi. 15 Iso ularga dedi:
— Men azob chekmasimdan avval bu Fisih taomini sizlar bilan birga yeyishni juda ham orzu qilgandim. 16 Sizlarga aytay: biz Xudoning Shohligida haqiqiy Fisih taomini yemagunimizcha, Men bu taomdan boshqa yemayman.
17 Keyin Iso sharob quyilgan kosani olib, shukrona duosini aytib dedi:
— Buni olinglar, oʻzaro boʻlishinglar. 18 Sizlarga aytay: Xudoning Shohligi kelmaguncha, Men uzum neʼmatidan boshqa ichmayman.
19 Soʻngra nonni oldi, shukrona duosini aytib sindirdi va shogirdlariga berib dedi:
— Bu non Mening tanamni bildiradi. Tanam sizlar uchun fido boʻladi. Birgalikda non sindirib yeganingizda Meni xotirlanglar.
20 Ovqatlanib boʻlganlaridan keyin, Iso yana sharob quyilgan kosani olib, shunday dedi:
— Bu kosa Xudoning yangi ahdini bildiradi. Bu ahd sizlar uchun toʻkiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. 21 Ana, qarang! Menga xiyonat qiladigan odam Men bilan bir dasturxonda oʻtiribdi. 22 Ha, Xudo reja qilganday, Inson Oʻgʻli jon beradi. Ammo Inson Oʻgʻliga xiyonat qilgan odamning holiga voy!
23 Shunda ular bir–birlaridan:
— Oramizda bunday ishga qoʻl uradigan kim ekan? — deb soʻray boshladilar.
Eng katta kim?
24 Shogirdlar orasida: “Qaysi birimiz eng katta hisoblanishimiz kerak?” degan bahs boʻldi.
25 Iso ularga dedi: “Butparastlarning hukmdorlari xalqlariga oʻz hukmini oʻtkazadilar. El boshliqlari oʻzlarini oliyhimmat deb ataydilar. 26 Sizlar esa bunday boʻlmanglar. Aksincha, orangizda kim katta boʻlsa, oʻzini eng kichikday tutsin. Kim boshliq boʻlsa, xizmatkorday boʻlsin. 27 Xoʻsh, kim katta? Dasturxon atrofida oʻtirganmi yoki unga xizmat qilayotganmi? Dasturxon atrofida oʻtirgan emasmi?! Men esa orangizda xizmatkordayman.
28 Ogʻir kunlarimda yonimda boʻldingizlar. 29 Shuning uchun osmondagi Otam Menga inʼom qilgan Shohlikni Men sizlarga inʼom qilyapman. 30 Sizlar Mening Shohligimda dasturxonim atrofida oʻtirib yeb–ichasizlar, taxtlarda oʻtirib, Isroilning oʻn ikki qabilasiga hukmronlik qilasizlar.”
Iso Butrusning tonishi toʻgʻrisida bashorat qiladi
31 Iso dedi:
— Shimoʻn , Shimoʻn! Mana, bugʻdoyni gʻalvirdan oʻtkazishganday, shayton sizlarni sinovdan oʻtkazishga izn talab qildi . 32 Biroq imondan toymasin deb, Men sen uchun ibodat qildim. Sen tavba qilib, Menga qaytganingdan keyin, birodarlaringni imonda mustahkamla.
33 Shimoʻn Isoga javoban dedi:
— Hazrat! Men Siz bilan zindonga ham, oʻlimga ham borishga tayyorman!
34 Iso esa dedi:
— Eh Butrus! Senga shuni aytay: bugun xoʻroz qichqirmasdan oldin sen uch marta Meni tanimasligingni aytasan.
Hamyon, toʻrva, qilich
35 Iso shogirdlariga dedi:
— Men sizlarni hamyonsiz, toʻrvasiz, choriqsiz yuborganimda , biron narsada kamchiligingiz bormidi?
— Hech narsada! — javob berdi ular. 36 Iso ularga shunday dedi:
— Endi esa kimning hamyoni yoki toʻrvasi boʻlsa, olsin. Kimda qilich yoʻq boʻlsa, choponini sotib, qilich xarid qilsin. 37 Sizlarga aytay: “U gunohkorlar qatorida sanaldi” , — deb Men haqimda aytilgan bashorat bajo boʻlishi kerak. Ha, Men haqimda yozilgan bu soʻz bajo boʻlyapti.
38 Shogirdlar:
— Hazrat, qarang, mana bu yerda ikkita qilich bor ekan! — dedilar.
— Boʻldi, bas qilinglar! — dedi Iso.
Iso Zaytun togʻida ibodat qiladi
39 Iso shahardan chiqib, odatdagiday Zaytun togʻiga yoʻl oldi. Shogirdlari ham Uning orqasidan ketdilar. 40 Iso oʻsha joyga yetib kelgandan keyin, shogirdlariga:
— Vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar , — dedi. 41 Oʻzi ulardan bir tosh otar masofacha nari bordi–da, tiz choʻkib ibodat qildi:
42 — Ey Ota! Qaniydi, bu azob kosasini Mendan uzoqlashtirsang! Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo boʻlsin.
43 Shu orada osmondan bir farishta Isoga zohir boʻlib, Unga kuch ato qildi. 44 Iso ogʻir iztirob ichida jon–jahdi bilan ibodat qildi. Undan oqqan ter esa yerga tomayotgan qon tomchilariga oʻxshar edi .
45 Iso ibodatni tugatib, shogirdlari yoniga keldi. Ularning uxlab yotganini koʻrdi. Shogirdlar qaygʻudan holdan toygan edilar. 46 Iso ularga:
— Nega uxlab yotibsizlar? Qani, turinglar, vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar, — dedi.
Iso hibsga olinadi
47 Iso hali gapini tugatmagan ham ediki, olomon kelib qoldi. Olomonni oʻn ikki shogirddan biri — Yahudo boshlab kelgandi. Yahudo Isoni oʻpmoqchi boʻlib, Unga yaqinlashdi . 48 Iso esa unga dedi:
— Yahudo, sen Inson Oʻgʻliga birgina oʻpich bilan xiyonat qilyapsanmi?!
49 Isoning yonidagilar voqea qayoqqa yoʻnalayotganini payqab:
— Hazrat, qilichni ishga solaylikmi? — deyishdi. 50 Ulardan biri esa oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, uning oʻng qulogʻini kesib tashladi. 51 Shunda Iso:
— Qoʻyinglar, bas! — dedi–da, xizmatkorning qulogʻiga qoʻl tekkizib unga shifo berdi. 52 Soʻng Uni qoʻlga olishga kelgan bosh ruhoniylar, Maʼbad mirshabboshilari va yoʻlboshchilarga dedi:
— Men qaroqchimidim, Meni olib ketgani qilichu tayoqlar bilan kelibsizlar?! 53 Sizlar bilan har kuni Maʼbadda birga edim, Menga qoʻl tekkizmadingizlar. Ammo endi zamon sizniki, zulmat hukmronligi keldi!
Butrus Isodan tonadi
54 Isoni ushlab, oliy ruhoniyning uyiga olib ketdilar. Butrus esa masofa saqlab ularga ergashib bordi. 55 Oliy ruhoniyning hovlisi oʻrtasida gulxan yoqishdi. Butrus gulxan atrofida oʻtirgan odamlarning yoniga borib oʻtirdi. 56 Bir choʻri qiz gulxan yonida oʻtirgan Butrusni koʻrdi. U Butrusga tikilib qaradi–da:
— Bu odam ham U bilan birga edi! — dedi.
57 Lekin Butrus inkor etib:
— Ey singlim, men Uni tanimayman! — dedi.
58 Bir ozdan keyin boshqa bir odam Butrusni koʻrib:
— Sen ham ulardan birisan–ku! — dedi. Lekin Butrus unga ham:
— Yoʻgʻ–e, men ulardan emasman! — dedi.
59 Oradan bir soatlar oʻtgandan keyin yana kimdir:
— Haqiqatan ham, manavi odam U bilan birga boʻlgan. Axir, u ham Jalilalik–ku! — deb turib oldi.
60 — Menga qara, nima toʻgʻrisida gapiryapsan, tushunmayapman, — deb eʼtiroz bildirdi Butrus.
U gapini tugatmasdanoq, xoʻroz qichqirdi. 61 Rabbimiz Iso oʻgirilib, Butrusga qaradi. Shunda Butrus Rabbimizning: “Bugun xoʻroz qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan” degan gapini esladi. 62 Butrus hovlidan chiqib, achchiq–achchiq yigʻladi.
63 Isoni qoʻriqlagan odamlar Uni haqoratlab kaltakladilar. 64 Ular Isoning koʻzlarini bogʻlab qoʻyib:
— Paygʻambar, qani, top–chi, Seni kim urdi ekan? — derdilar. 65 Isoga yana koʻp haqoratli soʻzlar aytdilar.
Iso Oliy kengash oldida
66 Tong otganda Oliy kengash aʼzolari — bosh ruhoniylar va tafsirchilar yigʻildilar. Isoni ularning oldiga olib kelishdi.
67 — Bizga ayt–chi, Sen Masihmisan? — deb soʻradilar. Iso shunday javob berdi:
— Agar sizlarga aytsam, Menga ishonmaysizlar. 68 Agar sizlarga savol bersam, javob bermaysizlar . 69 Biroq bundan buyon Inson Oʻgʻli Qodir Xudoning oʻng tomonida oʻtiradi .
70 Shunda hamma birdaniga:
— Bundan chiqdi, Sen Xudoning Oʻgʻli ekansan–da? — deb soʻradilar.
— Oʻzlaringiz Mening kimligimni aytdingizlar, — dedi ularga Iso. 71 Shunda ular:
— Boshqa guvohga ehtiyoj qolmadi! Oʻz ogʻzidan oʻzimiz eshitdik, axir! — deyishdi.