9–BOB
Iso sholni sogʻaytiradi
1 Iso qayiqqa tushib, koʻlning narigi tomonidagi Kafarnahum shahriga suzib bordi. U oʻsha paytda Kafarnahumda yashardi. 2 Iso shaharga kirishi bilanoq bir necha kishi Uning oldiga toʻshakda yotgan bir shol odamni koʻtarib keldilar. Iso ularning ishonchini koʻrib, sholga:
— Dadil boʻl, oʻgʻlim, gunohlaring kechirildi, — dedi. 3 Shunda Tavrot tafsirchilaridan baʼzilari oʻzlaricha: “Bu Odam kufrlik qilyapti–ku!” deyishdi. 4 Ularning bu oʻy–fikrlarini bilgan Iso dedi:
— Nega sizlar bunday yomon narsalarni oʻylaysizlar? 5 Qaysi biri osonroq? “Gunohlaring kechirildi!” deb aytishmi, yoki: “Oʻrningdan turib yur!” deb aytishmi? 6 Inson Oʻgʻliga yer yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar.
Iso shunday dedi–yu, sholga:
— Oʻrningdan tur! Toʻshagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi. 7 Shol oʻrnidan turib, uyiga ketdi. 8 Olomon bu voqeani koʻrib, qoʻrqib ketdi . Ular inson zotiga bunday hokimiyat bergan Xudoni ulugʻladilar.
Iso Mattoni chaqiradi
9 Iso yoʻlda davom etarkan, soliq yigʻadigan joyda oʻtirgan Mattoni koʻrib qoldi. Iso unga:
— Ortimdan yur! — dedi. Matto oʻrnidan turib, Isoga ergashdi.
10 Bir ozdan keyin Iso Mattoning uyida mehmon boʻldi. Koʻp soliqchilar va gunohkorlar kelib, Iso va Uning shogirdlari bilan birga dasturxon atrofiga oʻtirdilar. 11 Farziylar buni koʻrib, Isoning shogirdlaridan:
— Nega Ustozingiz soliqchilaru gunohkorlar bilan birga yeb–ichib oʻtiribdi? — deb soʻradilar. 12 Iso bu gapni eshitib, ularga shunday javob berdi:
— Sogʻlar emas, xastalar tabibga muhtojdir. 13 Boringlar–da, Tavrotdagi: “Men qurbonlikni emas, rahm–shafqatni istayman” degan soʻzlarning maʼnosini oʻrganib kelinglar. Axir, Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
Roʻza tutish haqida savol
14 Bir kuni Yahyoning shogirdlari Isoning oldiga kelib, shunday savol berdilar:
— Bizlar va farziylar koʻp roʻza tutamiz, nega Sizning shogirdlaringiz roʻza tutmaydilar?
15 Iso ularga dedi:
— Kuyov davrada boʻlganda toʻydagi mehmonlar qaygʻuradimi? Biroq ular kuyovdan judo boʻladigan kunlar keladi, ana oʻshanda roʻza tutadilar. 16 Hech kim eski kiyimga yangi matodan yamoq solmaydi. Chunki yangi yamoq eski kiyimni battar yirtib yuboradi. 17 Shuningdek, yangi sharobni ham eski meshga quymaydilar. Chunki mesh yorilib ketadi , sharob ham toʻkiladi, mesh ham nobud boʻladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quyadilar, shunda unisi ham, bunisi ham saqlanib qoladi.
Tirilgan qiz, sogʻaygan ayol
18 Iso ularga bu soʻzlarni aytib turganda, bir sinagoga boshligʻi kelib qoldi. U Isoning oldida tiz choʻkib, shunday deb yolvordi:
— Qizim hozirgina vafot etdi. Yuring, qizimga qoʻlingizni tekkizing, u tirilib ketadi.
19 Iso oʻrnidan turib, shogirdlari bilan oʻsha odamning orqasidan bordi. 20 Shu payt oʻn ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol Isoning orqasidan kelib, Uning kiyimi etagiga qoʻl tekkizdi. 21 U oʻzicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam, sogʻayib ketaman”, deb oʻylagan edi.
22 Iso orqasiga oʻgirildi. Ayolni koʻrib, dedi:
— Dadil boʻl, qizim, ishonching seni sogʻaytirdi.
Ayol shu zahoti dardidan xalos boʻldi.
23 Iso sinagoga boshligʻining uyiga yetib borganda, nay chaluvchilarni va dod–faryod qilayotgan olomonni koʻrdi. 24 Iso:
— Hammalaringiz chiqinglar! — deb buyurdi. — Qizcha oʻlmagan, u uxlab yotibdi.
Odamlar Isoning ustidan kulishdi. 25 Olomon tashqariga chiqarilgandan soʻng Iso ichkariga kirib, qizchaning qoʻlidan ushladi. Qizcha oʻrnidan turib ketdi. 26 Bu xabar butun atrofga yoyildi.
Iso ikkita koʻr odamga shifo beradi
27 Iso u yerdan joʻnab ketayotganda, ikki koʻr Uning orqasidan ergashgancha dod solib:
— Ey Dovud Oʻgʻli Iso, bizlarga rahm qiling! — deb faryod qilishardi. 28 Iso uyga kirganda, koʻrlar Uning yoniga kelishdi. Iso ulardan soʻradi:
— Sizlarga shifo bera olishimga ishonasizlarmi?
— Ha, Hazrat! — deb javob berishdi ular. 29 Shunda Iso ularning koʻzlariga qoʻlini tekkizib:
— Sizlarning ishonchingizga yarasha boʻlsin, — dedi. 30 Ularning koʻzlari ochilib ketdi. Iso ularga:
— Buni hech kim bilmasin! — deb qatʼiy ogohlantirdi. 31 Ammo ular oʻsha yerdan chiqiboq, butun atrofga Iso haqida ovoza qildilar.
Iso soqov odamga shifo beradi
32 Ular ketgandan keyin, Isoning oldiga jin chalgan bir soqovni olib kelishdi. 33 Iso jinni quvib chiqargandan keyin, soqov tilga kirdi, xalq esa hayratda qolib:
— Isroil xalqi orasida bunday hodisa hech qachon boʻlmagan, — dedi. 34 Ammo farziylar shunday derdilar:
— U ins–jinslar hukmdorining kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti.
Hosil moʻl, ishchilar oz
35 Iso hamma shaharu qishloqlarga borib, sinagogalarda taʼlim berardi, Xudoning Shohligi toʻgʻrisidagi Xushxabarni eʼlon qilib, odamlarning turli xastaligu dardlariga shifo berardi. 36 Iso olomonni koʻrib, ularga achinib ketdi, chunki ular choʻponsiz qoʻylarday dovdiragan va holdan toygan edilar.
37 Shunda Iso shogirdlariga dedi:
— Hosil moʻl, ammo ishchilar oz. 38 Shuning uchun hosil Egasidan: “Hosilingni yigʻib olishga yana ishchilar yubor”, deb soʻranglar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020