3–BOB
Tilni tiymoq haqida
1 Ey birodarlarim, hammangiz ham ustoz boʻlavermanglar! Biz, ustozlar, jiddiyroq hukmga duchor boʻlishimiz oʻzingizga maʼlum. 2 Odamlarning hammasi koʻp xato qiladi. Soʻzlayotganda xato qilmagan inson yetukdir. U butun vujudini jilovlay oladi. 3 Biz otlarni itoat ettirish uchun ogʻizlariga suvluq solamiz. Shu orqali ularning butun tanasini boshqaramiz. 4 Mana, kemalar ham, qancha ulkan boʻlmasin va kuchli shamollar yordamida yurmasin, kichkina bir rul bilan boshqariladi. Kemachi rul yordamida kemani istagan joyga yoʻnaltiradi. 5 Til ham xuddi shundaydir, til badanning kichkina bir uzvidir, ammo katta muammolarni keltirib chiqaradi.
Qara, kichkina bir olov bepoyon oʻrmonni yondirib yuboradi! 6 Til ham olovga oʻxshaydi. Til — uzvlarimiz orasida bir buzgʻunchi dunyo! U butun vujudimizni bulgʻaydi. U doʻzaxdan alangalanib, butun hayotimizni yondiradi.
7 Turli xil yovvoyi hayvonlar bilan qushlar, sudraluvchi va dengiz hayvonlari inson zoti tomonidan boshqarilgan va boshqarilmoqda. 8 Ammo tilni hech bir inson boshqara olmaydi. Tinib–tinchimas bu yovuz til zahri qotildir. 9 Biz tilimiz bilan samoviy Otamiz boʻlgan Egamizni olqishlaymiz va tilimiz bilan Xudoning suratida yaratilgan insonlarni laʼnatlaymiz. 10 Olqish va laʼnat bir ogʻizdan chiqadi. Ey birodarlarim, bunday boʻlmasligi kerak! 11 Axir, bitta buloqdan ham shirin, ham achchiq suv oqib chiqmaydi–ku! 12 Ey birodarlarim, anjir daraxti zaytun mevasini beradimi?! Yoki tok novdasi anjir tugadimi?! Yoʻq! Shoʻr buloqdan ham shirin suv oqib chiqmaydi!
Kim dono?
13 Dono va farosatlimisiz? Buni ibratli hayotingiz orqali namoyon qiling. Har bir ishni kamtarlik va donolik bilan bajaring. 14 Bordi–yu, yuragingizda achchiq hasad va xudbinlik boʻlsa, donoman, deb maqtanmang. Oʻzingizni shunday tutayotgan boʻlsangiz, haqiqatni rad etgan boʻlasiz. 15 Dunyoga va moddiyatga xos boʻlgan bunday “donolik” Xudodan emas, shaytondandir. 16 Chunki hasadgoʻylik va xudbinlik bor joyda janjal va yovuzlik hukm suradi.
17 Xudodan kelgan donolik esa, avvalo pokdir. Shuningdek, bu asl donolik tinchliksevar, muloyim, haqiqatga boʻysunadigan, mehr–shafqatli, xayrli ishlarga boy, tarafkashlik qilmaydigan, oʻta samimiydir. 18 Tinchlik oʻrnatuvchilar tinchlikni ekib, solihlikni oʻrib oladilar.