9–BOB
Egamiz yana Sulaymonga zohir boʻladi
1 Sulaymon Egamizning uyini ham, oʻzining saroyini ham qurib boʻldi. Moʻljallangan hamma yumushlarni tamom qildi. 2 Shundan keyin Egamiz Sulaymonga, ilgari Givonda zohir boʻlganiday , yana zohir boʻldi. 3 Egamiz unga shu soʻzlarini ayon qildi:

“Menga qilgan iltijolaringni eshitdim. Sen qurgan va Oʻzim ulugʻlanadigan uyni muqaddas qildim. Koʻzlarim, koʻnglim doimo oʻsha yerda boʻladi.
4 Sen ham Mening oldimda, otang Dovud kabi, sofdil va toʻgʻri boʻlib yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun–qoidalarimni mahkam tutsang, 5 Isroil ustidan shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Otang Dovudga ham: «Sening naslingdan boʻlgan erkak zoti to abad Isroil taxtida oʻtiradi», deb vaʼda bergan edim .
6 Bordi–yu, sen ham, sening nasling ham Men koʻrsatgan yoʻldan qaytsangiz, sizlarga bergan amr va farmonlarimga rioya qilmasangiz, borib boshqa xudolarga xizmat qilsangiz, ularga topinsangiz, 7 Isroil xalqini Oʻzim bergan yurtdan uloqtirib tashlayman. Men muqaddas qilgan, Oʻzim ulugʻlanadigan uyni tark etaman. Ana oʻshanda Isroil xalqi hammaning ogʻzida duv–duv gap boʻladi, hamma xalqlar ularni masxara qiladi. 8 Hozir ajoyib boʻlib turgan uyning yonidan oʻtganlar buning ayanchli ahvolini koʻrganda, dahshatga tushib: «Nimaga ularning Egasi bu yurtni va bu uyni mana shu ahvolga soldi ekan–a?» deb qotib qoladi. 9 Soʻng yana oʻzlari shunday xulosa chiqaradilar: «Eha, ular ota–bobolarini Misr yurtidan olib chiqqan oʻzlarining Egasi Xudodan yuz oʻgirdilar–ku! Boshqa xudolarga ergashib, oʻsha xudolarga topinib, xizmat qildilar–ku! Qilmishlariga yarasha oʻzlarining Egasi ularning boshiga shu koʻrgiliklarni solibdi–da.»”
Sulaymonning shoh Xiram bilan tuzgan bitimi
10 Sulaymon ikkala uyni — Egamizning uyini va oʻz saroyini yigirma yilda bitirgan edi. 11 Tir shohi Xiram Sulaymonning ehtiyojiga koʻra, sadr yogʻochi, sarv yogʻochi, oltin yetkazib bergan edi. Shoh Sulaymon Xiramga bu xizmatlari uchun Jalila hududidagi yigirmata shaharni berdi. 12 Xiram: “Sulaymon bergan shaharlarni koʻray–chi”, deb Tirdan yoʻlga chiqdi, lekin u shaharlar Xiramga maʼqul kelmadi.
13 — Doʻstim, menga bergan shaharlaring bori–yoʻgʻi shumi?! — dedi Xiram Sulaymonga. Xiram oʻsha yerlarga Kavul deb nom berdi va bugunga qadar shu nom bilan yuritiladi. 14 Xiram esa shoh Sulaymonga 250 pud oltin yuborgan edi.
Sulaymonning yutuqlari
15 Shoh Sulaymon majburlab olgan qarollarni chaqirtirib, Egamizning uyini, oʻzining saroyini barpo ettirgan edi. Shuningdek, Quddusning sharq tomonidagi Milloni mustahkam qildirgan va shahar devorini qurdirgan edi. Xazor, Magidoʻ va Gezer shaharlarini mustahkamlagan edi. 16 Misr firʼavni Gezerga bostirib kelib, shaharni qoʻlga olgan va oʻt qoʻygandi. Shu yerda istiqomat qilayotgan Kanʼon aholisini qirib tashlab, shaharni oʻzining qizi — Sulaymonning xotiniga sep qilib bergandi. 17 Shundan soʻng Sulaymon Gezer shahrini, Pastki Bayt–Xoʻronni, 18 Baalatni, Yahudoning choʻlidagi Tamarni , 19 oʻzining hamma ombor shaharlarini, jang aravalari saqlanadigan shaharlarni, otliqlari turadigan shaharlarini qaytadan tuzatib mustahkamladi. Bundan tashqari, Quddusda, Lubnonda, shohlikning hamma burchaklarida nima istasa, barpo qildi.
20 Shu oʻlkada qolib ketgan Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlari Isroil xalqidan emasdi. 21 Isroil xalqi ularning bu yurtda qolib ketgan avlodlarini tamomila qirib bitirolmagan edi. Sulaymon oʻsha qolib ketganlarini qarol qilib oldi. Ular bugungacha bor. 22 Lekin Sulaymon Isroil xalqidan birortasini qul qilmadi. Aksincha, ularni shohning sipohlari, aʼyonlari, akobirlari , lashkarboshilari, jang aravalarining qoʻmondonlari va suvorilarining qoʻmondonlari lavozimiga tayinladi.
23 Sulaymonning ishboshilari 550 kishi boʻlib, ular ishlayotgan odamlar ustidan nazoratchi edilar.
24 Firʼavnning qizi Dovud qalʼasidan oʻziga atalgan saroyga koʻchib oʻtdi. Bu saroyni Sulaymon unga atab barpo qilgan edi. Shundan keyin Sulaymon Quddusning sharq tomonidagi Milloni mustahkam qildirgandi.
25 Xullas, Sulaymon Egamizning uyini bitkazdi. U Egamizga atab qurgan qurbongohda yiliga uch marta kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari qilar, tutatqi tutatardi.
26 Shoh Sulaymon Edom yurtida, Qizil dengiz boʻyidagi Elet shahri yonida joylashgan Ezyoʻn–Geber shahrida kemalar yasadi. 27 Xiram oʻz tajribali dengizchilarini Sulaymonning odamlari bilan birga kemalarda joʻnatdi. 28 Ular Ofir yurtiga borib, u yerdan 900 pud oltin olib, shoh Sulaymonga keltirib berdilar.