20–BOB
Yalangʻoch Ishayo xalq uchun alomatdir
1 Ossuriya shohi Sargon oʻz lashkarboshisini Ashdod shahriga yubordi. Lashkarboshi kelib, Ashdodni qoʻlga oldi . 2 Oʻsha paytda Omiz oʻgʻli Ishayoga Egamiz shunday dedi:
— Qani, egningdagi qanorni yech, oyoqlaringdagi choriqlaringni yech.
Ishayo aytilganlarni qildi. U yalangʻoch, yalangoyoq yuradigan boʻldi. 3 Shunda Egamiz dedi:
— Qulim Ishayo uch yil yalangʻoch, yalangoyoq yurgani Misr va Habashiston qismatini bildiruvchi belgi va alomatdir. 4 Ossuriya shohi Misr asirlarini, Habashiston tutqunlarini, yoshu qarisini yalangʻoch, yalangoyoq, uyatli joylari ochiq holda haydab ketadi. Misr sharmanda boʻladi. 5 Habashistonga umid bogʻlagan, Misrdan faxrlangan xalq isnodga qoladi. 6 Oʻsha kuni qirgʻoqdagi yurtning aholisi shunday deb aytadi: “Biz ishongan odamlarning ahvolini koʻrib qoʻying. Ular bizga yordam berib, Ossuriya shohining qoʻlidan qutqaradi, deb yurardik. Endi qanday qutular ekanmiz?!”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020