35–BOB
Xudo Baytilda Yoqubga marhamat qiladi
1 Xudo Yoqubga dedi:
— Qani, otlan, Baytilga koʻchib bor, oʻsha yerda joylashib, Menga atab qurbongoh oʻrnat. Sen akang Esovdan qochib ketayotganingda, Men u yerda senga zohir boʻlgan edim .
2 Yoqub xonadonidagilarga va yonidagilarga aytdi:
— Begona xudolaringizni yoʻqotinglar, oʻzlaringizni poklab, toza kiyimlaringizni kiyinglar. 3 Endi bu yerdan ketib, Baytilga boramiz. U yerda men Xudoga qurbongoh quraman. Kulfatda qolganimda, Xudo menga madad bergan edi. Qayerga borsam, U men bilan birga boʻldi.
4 Hammalari begona xudolarini, ziraklarini Yoqubga berishdi. Yoqub bu narsalarni Shakam yaqinidagi eman daraxtining ostiga koʻmdi.
5 Yoqub xonadonidagilarini boshlab yoʻlga tushganda, Xudo butun atrofdagi shaharlar aholisiga qoʻrquv yubordi. Shuning uchun hech kim ularni taʼqib qilmadi. 6 Nihoyat, Yoqub butun xonadon ahlini boshlab Luz shahriga yetib keldi. (Luz hozir Baytil deb yuritiladi.) 7 Yoqub bu yerda bir qurbongoh qurib, bu joyni Baytilning Xudosi deb atadi. Yoqub akasidan qochib ketayotganda, Xudo Oʻzini unga shu yerda zohir qilgan edi.
8 Shu orada Rivqoning enagasi Dobira vafot etdi . Uni Baytilning yonidagi eman daraxti ostiga dafn qildilar. Oʻshandan buyon bu daraxt Yigʻi daraxti deb yuritiladi.
9 Yoqub Paddon–Oramdan qaytib kelgandan keyin, Xudo unga yana zohir boʻldi va unga marhamat koʻrsatib, dedi: 10 “Sening isming Yoqub, lekin bundan keyin seni Yoqub deb chaqirmaydilar, sening isming Isroil boʻladi.” Shuning uchun u Isroil deb nom oldi.
11 Xudo shunday dedi:
— Men Qodir Xudoman, barakali boʻl, nasling koʻp boʻlsin. Buyuk xalq, hatto koʻp xalqlar sendan paydo boʻladi. Sen shohlarning bobosi boʻlasan. 12 Men Ibrohimga va Isʼhoqqa vaʼda qilgan yurtni senga beraman. Sendan keyin bu yerni naslingga beraman.
13 Shundan keyin Xudo Yoqubga gapirgan joyidan ketdi. 14 Yoqub oʻsha joyga yodgorlik toshi oʻrnatdi. Soʻngra yodgorlik toshi ustiga Xudoga atab sharob va zaytun moyi quydi. 15 Yoqub bu joyga Baytil deb nom berdi.
Rohila vafot etadi
16 Yoqub bilan uning oilasi Baytildan chiqib, Efrat tomon yoʻl oldilar. Ular Efratga hali yetib bormasdan, Rohilaning koʻzi yoriydigan payti keldi, uni qattiq toʻlgʻoq tutib qoldi. 17 Rohila toʻlgʻoqdan koʻp azob chekkandan keyin, nihoyat, doyasi: “Qoʻrqma, yana oʻgʻil tugʻding”, dedi. 18 Rohila jon berayotganda, oxirgi nafasda oʻgʻlining ismini Benoʻn deb qoʻydi. Otasi esa unga Benyamin deb ism qoʻydi. 19 Shunday qilib, Rohila vafot etdi va Efrat yoʻlida dafn qilindi. (Efrat hozir Baytlahm deb yuritiladi.) 20 Yoqub Rohilaning qabriga yodgorlik toshi oʻrnatdi. Bu tosh shu kungacha bor.
21 Shundan keyin Yoqub yana koʻchib, Eder minorasi ortida chodirini tikdi.
Yoqubning oʻgʻillari
22 Yoqub oʻsha yerda yashayotganda, Ruben otasining choʻrisi Bilxaxning yoniga kirdi . Yoqub buni eshitib qoldi.
Yoqubning oʻn ikkita oʻgʻli bor edi:
23 Leax tuqqan oʻgʻillari — Ruben (Yoqubning toʻngʻich oʻgʻli), Shimoʻn, Levi, Yahudo, Issaxor va Zabulun.
24 Rohila tuqqan oʻgʻillari — Yusuf bilan Benyamin.
25 Rohilaning choʻrisi Bilxax tuqqan oʻgʻillari — Dan bilan Naftali.
26 Leaxning choʻrisi Zilpo tuqqan oʻgʻillari — Gad bilan Osher.
Yoqubning Paddon–Oramda tugʻilgan oʻgʻillari ana shular edi.
Isʼhoq vafot etadi
27 Yoqub Mamrega — Xirat–Arbaga otasining uyiga keldi. (Xirat–Arba hozir Xevron deb yuritiladi.) Ibrohim va Isʼhoq Xevronda istiqomat qilgan edilar. 28 Isʼhoq 180 yil umr koʻrdi. 29 U keksayib, yoshini yashab olamdan oʻtdi. Oʻgʻillari Esov bilan Yoqub uni dafn qilishdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020