61–BOB
Najot haqida xushxabar
1 Egamiz Rabbiyning Ruhi meni qamrab olgan,
Chunki U meni tanlagan.
“Yoʻqsillarga xushxabar yetkazsin,
Xasta qalblarga shifo bersin,
Asirlarga ozodlik eʼlon qilsin,
Zindondagilarga erkinlik xabarini bersin” deb,
Egam meni yubordi.
2 “Egamning marhamat yilini,
Xudoning qasos oladigan kunini eʼlon qilsin,
Azadorlarning hammasini ovutsin” deb,
Egam meni yubordi.
3 “Quddusda nola qilayotganlarga tasalli bersin,
Ularga kul oʻrniga zeb–ziynat,
Aza oʻrniga shodlik moyi,
Maʼyus ruh oʻrniga madhiya bersin” deb,
Egam meni yubordi.
Endi ularni “Egamiz Oʻz shuhrati uchun ekkan koʻchatlar,
Solihlik emanlari” deb atashadi.
4 Endi ular qadimgi vayronalarni qayta tiklaydi,
Azaliy vayrona yerlarni yana oʻnglaydi,
Nasllar osha vayron yotgan shaharlarni qayta quradi.
5 Ey xalqim, begonalar kelib, mol–qoʻylaringizni boqadi,
Yot xalq oʻgʻillari dehqoningiz, bogʻboningiz boʻladi.
6 Sizlarni esa Egamizning ruhoniylari deb atashadi,
Xudoyimizning xizmatkorlari degan nom olasizlar.
Elatlarning boyliklari sizlarniki boʻladi,
Oʻzga xalqlardan kelgan mol–mulk bilan faxrlanasiz.
7 Uyat oʻrniga sizlar ikki hissa ulush olasiz.
Sharmanda boʻlmaysiz, olgan mulkingizdan shodlanasiz.
Ha, oʻz yurtingizda ikki hissa ulush olasiz,
Abadiy shodlikka ega boʻlasiz.
8 Egam aytar: “Men, Egangiz, adolatni sevaman,
Talonchilik, haqsizlikdan nafratlanaman.
Sadoqat bilan xalqimga mukofotini beraman.
Ular bilan abadiy ahd tuzaman.
9 Ularning nasli xalqlar orasida mashhur boʻladi,
Ularning zurriyoti ellar orasida dong taratadi,
Koʻrganlarning hammasi ularni
«Egamiz baraka bergan xalq» deb tan oladi.”
10 Egam tufayli men buyuk shodlik topaman,
Xudoyim deb qalbim joʻsh uradi.
Zotan, U meni najot libosi bilan oʻradi,
Zafar kiyimini menga kiydirdi.
Men toj kiygan kuyovga oʻxshayman,
Zeb–ziynat bilan bezangan kelindayman.
11 Yer oʻsimlikni yetishtirgani kabi,
Bogʻ ekilganlarni oʻstirgani singari,
Egamiz Rabbiy barcha xalqlar koʻz oʻngida
Solihlik va madhiyalarni yetishtiradi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020