6–BOB
1 Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: 2 agar birortangiz Egamizga xiyonat qilsangiz, yaʼni sizga omonatga berilgan yoki garovga qoʻyilgan narsa borasida qoʻshningizni aldasangiz, yoki qoʻshningizning biror narsasini oʻgʻirlasangiz, yoki tovlamachilik qilsangiz, 3 yoki yoʻqolgan narsani topib olib, topmadim, deb aytsangiz, yoki qasam ichib turib yolgʻon guvohlik bersangiz, siz gunoh qilgan boʻlasiz. 4 Gunoh qilib, aybingizni tan olganingizdan keyin oʻgʻirlagan, tovlamachilik qilib qoʻlga kiritgan, omonatga berilgan, topib olgan, 5 yolgʻon qasam ichib oʻzingizga olib qolgan har qanday narsani egasiga qaytarib bering. Ustiga oʻsha narsaning beshdan bir qismi qiymatini ham qoʻshib bering. 6 Bundan tashqari, ayb qurbonligi uchun Egamizga nuqsonsiz bir qoʻchqorni yoki qoʻchqorning qiymatiga yarasha kumushni olib keling. 7 Ruhoniy Egamiz huzurida sizni gunohdan poklaydi, shunda qilgan har qanday aybingiz kechiriladi.
Kuydiriladigan qurbonlik keltirish qoidasi
8 Egamiz Muso orqali 9 Horun va uning oʻgʻillariga kuydiriladigan qurbonlikka oid quyidagi qoidalarni berdi: kuydiriladigan qurbonlik qurbongoh ustida tun boʻyi, ertalabgacha qolsin. Qurbongoh ustidagi olov doim yonib tursin. 10 Ertasi kuni ertalab ruhoniy zigʻir matosidan tikilgan libosni va ichidan ishtonni kiysin. Soʻng kuydirilgan qurbonlikning kulini qurbongoh ustidan yigʻishtirib olsin. Kulni qurbongohning yoniga tashlasin. 11 Keyin ustidagi liboslarni yechib, boshqa liboslarni kiysin. Kulni qarorgohdan tashqaridagi halol joyga olib chiqib tashlasin. 12 Qurbongohdagi olov oʻchmay doim yonib turishi shart. Har kuni ertalab ruhoniy olovga oʻtin tashlab, uning ustiga kuydiriladigan qurbonlikni qoʻysin. Tinchlik qurbonligining yogʻini ham oʻsha olovda kuydirsin. 13 Qurbongohdagi olov zinhor oʻchmasin, u muttasil yonib tursin.
Don nazri
14 Don nazr qilinganda quyidagi qoidaga rioya qilinsin: Horunning oʻgʻillari don nazrini Egamizning huzuriga, qurbongoh oldiga olib kelishsin. 15 Ruhoniy zaytun moyi qoʻshilgan sifatli unning bir hovuchini va ustidagi xushboʻy tutatqining hammasini olib, qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish unning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 16 Unning qolganidan xamirturushsiz nonlar yopilsin. Horun va uning oʻgʻillari bu nonlarni muqaddas joyda yesinlar. Nonlar Uchrashuv chodirining hovlisida tanovul qilinishi lozim. 17 Unga xamirturush qoʻshilmasin. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan ularga beriladigan ulush shudir. U gunoh qurbonligi va ayb qurbonligi singari, gʻoyat muqaddasdir. 18 Horunning naslidan boʻlgan har bir erkak zoti bu nazrdan yesa boʻladi. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan Horunning nasliga avlodlar osha berilgan doimiy ulush shudir. Bu nazrga tekkan har qanday narsa muqaddas boʻladi .
19 Egamiz Muso orqali yana quyidagi qoidalarni berdi: 20 Horun va uning oʻgʻillari ruhoniylikka tayinlangan kuni Egamizga don nazrini keltirishsin. Bu nazrning miqdori, kundalik nazrday, toʻrt kosa sifatli undan tashkil topsin. Unning ikki kosasi ertalab, ikki kosasi kechqurun nazr qilinsin. 21 Undan zaytun moyiga xamir qorilsin, soʻng tovada qovurilsin. Qovurilgan xamir moyga yaxshilab boʻktirilgan boʻlsin, uni burdalab Egamizga nazr qiling. Bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 22 Boshiga moy surtilib, ruhoniylikka tayinlanadigan Horunning oʻgʻli bu nazrni tayyorlasin. Bu turdagi nazr har bir ruhoniylikka tayinlash marosimida Egamizga keltirilsin. Nazrni butunlay kuydirish lozim. 23 Xullas, ruhoniy keltirgan har qanday don nazri butunlay kuydirilsin, uni yeyish mumkin emas.
Gunoh qurbonligi
24 Egamiz Muso orqali 25 Horun va uning oʻgʻillariga gunoh qurbonligiga oid quyidagi qoidalarni berdi: gunoh qurbonligi qilinadigan jonivor Egamizning huzurida, kuydiriladigan qurbonlik boʻgʻizlanadigan joyda boʻgʻizlansin. Bu gʻoyat muqaddas qurbonlikdir. 26 Gunoh qurbonligini keltirgan ruhoniy qurbonlik goʻshtidan tanovul qilsin. Qurbonlik goʻshti muqaddas joyda, yaʼni Uchrashuv chodirining hovlisida yeyilishi lozim. 27 Qurbonlik goʻshtiga tekkan har qanday narsa muqaddas boʻladi . Agar qurbonlikning qoni kiyimga sachrasa, kiyim muqaddas joyda yuvilsin. 28 Goʻsht pishirilgan sopol idish sindirilsin . Bordi–yu, goʻsht bronza qozonda pishirilgan boʻlsa, qozonni ishqalab yuvish lozim. 29 Ruhoniylar urugʻiga mansub har bir erkak zoti bu qurbonlik goʻshtidan tanovul qilsa boʻladi. Bu qurbonlik gʻoyat muqaddasdir. 30 Bordi–yu, gunoh qurbonligining qoni Uchrashuv chodirining ichiga, gunohdan poklash uchun Muqaddas xonaga olib kirilsa, bunday qurbonlik goʻshtini tanovul qilish mumkin emas. Uni butunlay kuydirish lozim.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020