4–BOB
1 Men bunday demoqchiman: merosxoʻr hali yosh bola ekan, garchi u butun mulkning egasi boʻlsa ham, quldan hech farq qilmaydi. 2 U otasi belgilagan fursatgacha vasiyga va uy–roʻzgʻorni boshqaruvchi xizmatkorga boʻysunadi. 3 Xuddi shu singari, bizlar ham oldin bolalarday boʻlib, xurofot kuchlariga qul edik. 4 Muddat bitgandan keyin, Xudo Oʻz Oʻgʻlini yubordi. Uning Oʻgʻli qonun ostidagi hayot uchun ayoldan tugʻildi. 5 Xudoning Oʻz Oʻgʻlini yuborishdan maqsadi bizni qonun ostidagi hayotdan xalos etib, Oʻziga farzand qilib olish edi. 6 Biz Xudoning farzandlari ekanligimizni koʻrsatish uchun U yuragimizga Oʻz Oʻgʻlining Ruhini yubordi. Bu Ruh orqali biz Xudoni “Otajon” deb chaqiramiz. 7 Demak, endi siz qul emas, balki farzandsiz. Farzand ekansiz, Xudoning sharofati bilan U Oʻz farzandlariga atagan qut–barakalarga ega boʻlasiz.
Pavlus Galatiyaliklar uchun qaygʻuradi
8 Oldin sizlar Xudoni bilmagan paytingizda, asli xudolar boʻlmagan kuchlarga qul edingiz. 9 Endi esa Xudoni bilasizlar, toʻgʻrirogʻi, Xudo sizlarni biladi. Shunday ekan, qanday qilib yana oʻsha kuchsiz, qadrsiz xurofotlarga qaytyapsiz?! Qanday qilib yana oʻshalarga qul boʻlishni xohlayapsiz?! 10 Sizlar belgilangan alohida kunlar, oylar, yillarga rioya qilib, diniy marosimlar oʻtkazyapsiz! 11 Sizlar uchun qaygʻuryapman! Nahotki sizlarni deb chekkan zahmatlarim bekor ketgan boʻlsa?!
12 Ey birodarlar, sizlardan iltimos qilaman, menga oʻxshagan boʻlinglar, chunki men ham sizlarga oʻxshab qonun ostidagi hayotdan ozodman. Sizlar menga hech ham ozor bermagansiz. 13 Oʻzingiz bilasiz, men sizlarga birinchi marta Xushxabar aytganimda, jisman ojiz edim. 14 Ojizligim tufayli sizlarga ogʻirligim tushgan boʻlsa ham, mendan nafratlanmadingiz, meni rad etmadingiz. Aksincha, meni Xudoning farishtasiday, xuddi Iso Masihning Oʻzini qabul qilganday qabul qildingiz. 15 Qani endi oʻsha xayrixohligingiz?! Axir, oʻzim shohidman: agar iloji boʻlganda, hatto koʻzlaringizni ham sugʻurib olib, menga bergan boʻlardingiz! 16 Nahotki endi sizlarga haqiqatni aytganim uchun dushmaningiz boʻlib qolgan boʻlsam?!
17 Baʼzi birovlar sizlarni oʻzlariga ogʻdirib olishga tirishmoqdalar . Lekin ular sizlarning foydangizni koʻzlamayaptilar. Sizlar ularning atrofida girdikapalak boʻlishingiz uchun ular bizni bir–birimizdan ajratib tashlamoqchi. 18 Yaxshi gʻoyaga bagʻishlanish yaxshidir. Lekin bu faqat men sizlarning oldingizdaligimda emas, balki doim shunday boʻlishi kerak. 19 Bolalarim, men sizlarni yangidan tugʻayotganday, toʻlgʻoq azobidaman. Maqsadim shuki, sizlarda Masihning tabiati namoyon boʻlsin. 20 Sizlar meni taajjubga solib qoʻydingiz! Qani, endi sizlarning oldingizda boʻlsam–u, boshqa ohangda gapira olsam!
Ibrohimning ikki oʻgʻli va ularning onalari misoli
21 Ey sizlar, qonun ostidagi hayotni afzal koʻrganlar, menga aytinglar–chi, nahot sizlar Tavrotdagi qonunlarni tushunmasangizlar?! 22 Axir, unda yozilganlardan bilamizki, Ibrohimning ikki oʻgʻli boʻlgan. Oʻgʻillarining biri choʻridan , ikkinchisi esa ozod ayoldan tugʻilgan. 23 Choʻrisiniki inson tashabbusi bilan, ozod xotininiki esa Xudoning vaʼdasiga binoan tugʻilgan edi. 24 Bunda ramziy maʼno bor. Ikki ona Xudoning ikki ahdini bildiradi: birinchisi — qullarni tugʻadigan Hojar bibi Sinay togʻida qilingan ahdning ramzidir. 25 Hojar Arabistondagi Sinay togʻini bildirsa–da, u yahudiy dinining markazi boʻlmish hozirgi Quddusning ramzidir. Axir, Quddus va uning bolalari qullikdalar–ku. 26 Samoviy Quddus esa ozoddir: u bizlarning onamizdir! 27 Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan:

“Ey bola koʻrmagan bepusht ayol!
Shod boʻlgin!
Ey toʻlgʻoq ogʻrigʻini bilmagan ayol!
Xitob qil, hayqirgin!
Axir, tashlab ketilgan ayolning bolalari
Eri bor xotinnikidan ham koʻproq boʻladi!”

28 Sizlar esa, ey birodarlar, Isʼhoqqa oʻxshab vaʼdaga binoan tugʻilgan farzandlarsiz. 29 Oʻsha zamonda tabiiy yoʻl bilan tugʻilgan oʻgʻil Ruhning kuchi bilan tugʻilgan oʻgʻilni quvgʻin qildi. Hozir ham xuddi shunday. 30 Ammo bu haqda Muqaddas bitiklarda nima deyilgan? “Choʻrini va uning oʻgʻlini haydab yuboring, chunki choʻrining oʻgʻli ozod ayolning oʻgʻli bilan birga merosxoʻr boʻlmaydi” , — deb yozilgan–ku! 31 Shunday qilib, ey birodarlar, biz choʻrining emas, balki ozod ayolning farzandlarimiz.