15–BOB
1 Oradan vaqt oʻtdi. Bugʻdoy oʻrimi paytida, Shimshoʻn bir uloqcha olib, xotinining oldiga bordi. U qaynatasiga:
— Men xotinimning oldiga kirmoqchiman, — dedi.
Qaynatasi esa Shimshoʻnni ichkariga kirgizmadi.
2 — Sen qizimni tashlab ketding, deb oʻylagandim, — dedi u. — Shuning uchun uni kuyov joʻrangga uzatib yubordim. Qara, kenja qizim undan ham chiroyliroq. Kel, uning oʻrniga singlisini ola qol.
3 — Bu safar Filistlarga yomonlik qilsam, aybga buyurmaysiz, — deb chiqib ketdi Shimshoʻn.
4 Shimshoʻn uch yuzta tulki ushlab keldi. Tulkilarni juft–juft qilib, dumlarini bir–biriga bogʻladi–da, orasiga bittadan mashʼala qistirdi. 5 Soʻng mashʼalalarni yoqib, tulkilarni Filistlarning bugʻdoyzorlariga qoʻyib yubordi. Bugʻdoyzor va don gʻaramlarini alanga oldi–yu, Filistlarning uzumzorlari va zaytun bogʻlarini yamladi. 6 Filistlar: “Buni kim qildi?” deb surishtira boshladilar. “Buni Timnaxlik bir odamning kuyovi, Shimshoʻn qildi, — dedi bir kishi. — U oʻsha Timnaxlikning qiziga uylangan ekan, qaynatasi esa qizini kuyovning joʻrasiga uzatib yuboribdi.” Shunda Filistlar kelib, oʻsha juvon bilan otasining xonadonini yoqib yuborishdi. 7 Shimshoʻn bundan xabardor boʻlgach, Filistlarning oldiga borib: “Ont ichib aytamanki, shu qilmishlaringiz uchun sizlardan oʻch olmagunimcha qoʻymayman!” — dedi. 8 Shimshoʻn ularni shafqatsizlarcha qirib tashladi. Keyin esa u yerlarni tark etib, Etom qoyasidagi bir gʻorga borib yashadi.
Shimshoʻn Filistlarni yengadi
9 Koʻp oʻtmay Filistlar Yahudoda qarorgoh qurib, Lexi shahrini bosib olishdi. 10 Yahudo odamlari: “Nima uchun bizga hujum qildingizlar?” deb soʻradilar. Ular esa: “Biz Shimshoʻnni qoʻlga olmoqchimiz. Bizga qilgan yomonligini qaytarib oʻz boshiga solmoqchimiz”, deb javob berishdi. 11 Yahudo qabilasidan uch mingta odam Etom qoyasiga borib Shimshoʻnga:
— Filistlar bizga hukmronlik qilishlarini bilmaysanmi? — dedilar. — Sen boshimizga bitgan balo boʻlding–ku!
Shimshoʻn javob berib dedi:
— Men qilmishlariga yarasha jazosini berdim, xolos.
12 — Biz seni olib ketgani keldik, — dedi Yahudo odamlari. — Seni bogʻlab Filistlarga bermoqchimiz.
— Xoʻp, mayli, — dedi Shimshoʻn. — Ammo sizlar meni oʻldirmaslikka soʻz beringlar.
13 — Biz seni oʻldirmaymiz, — deb soʻz berdi ular. — Biz seni bogʻlab, ularga topshirsak boʻldi.
Yahudo odamlari Shimshoʻnni ikkita yangi arqon bilan bogʻlab, shaharga olib keldilar. 14 Shimshoʻn Lexiga kelganda, Filistlar uni qiy–chuv bilan qarshilab olishdi. Shu zahoti Egamizning Ruhi Shimshoʻnni qamrab olib, yanada kuchini oshirdi. Shimshoʻn qoʻllaridagi arqonlarni kuygan zigʻir tolalarini uzayotganday osonlikcha uzib tashladi. 15 Soʻng atrofiga bir nazar solib, eshakning jagʻ suyagini koʻrib qoldi. Jagʻ suyagi oftobda qurib ketmagani uchun qattiq va ogʻir edi. Shimshoʻn suyakni olib, Filistlarni savalay boshladi. Oʻsha kuni u ming nafar odamni oʻldirdi. 16 Shunda Shimshoʻn dedi:

“Eshakning jagʻ suyagi bilan mingta odamni oʻldirdim.
Eshakning jagʻ suyagi bilan ularni uyum–uyum qildim.”

17 U gapini tugatib boʻlgach, suyakni uloqtirib yubordi–da, oʻsha joyni Ramat–Lexi deb atadi.
18 Shimshoʻn rosa chanqab ketdi, soʻng Egamizga iltijo qilib dedi: “Sen qulingga shunday buyuk bir gʻalabani berding. Hozir esa men tashnalikdan ado boʻlib, sunnatsizlarning qoʻliga tushamanmi?!” 19 Xudo Lexida yer ostidagi boʻshliqni yorib, u yerdan suv chiqardi. Shimshoʻn suv ichib oʻziga keldi. Shuning uchun buloq En–Xaqqor deb ataldi, u bugunga qadar Lexidadir.
20 Filistlar hukmronligi davrida Shimshoʻn Isroil xalqiga yigirma yil hakamlik qildi.