16–BOB
Hojar va Ismoil
1 Ibromning xotini Soray hamon bola koʻrmas edi. Soray Misrlik Hojar degan bir ayolni choʻri qilib olgan edi. 2 Bir kuni Soray Ibromga aytdi:
— Egamiz meni farzanddan qisdi. Endi choʻrimning yoniga kiravering. Balki u orqali farzandli boʻlarman .
Ibrom Sorayning taklifiga rozi boʻldi. 3 Shunday qilib, Ibromning xotini Soray Misrlik choʻrisi Hojarni eriga xotin qilib olib berdi. Bu voqea yuz berganda, Ibrom Kanʼon yurtiga kirganiga oʻn yil boʻlgan edi. 4 Ibrom Hojarning yoniga kirdi. Hojar homilador boʻldi. Hojar homiladorligini bilgach, bekasi Sorayni nazar–pisand qilmay qoʻydi. 5 Shunda Soray Ibromga dedi:
— Choʻrimga imtiyoz berib, oʻzim uni sizning qoʻyningizga solib qoʻydim. Endi u homilador boʻlib, meni nazariga ilmay qoʻydi–ya. Bularning hammasiga siz aybdorsiz! Xudoga soldim, qay birimizning haq ekanimizni Xudo hal qilsin!
6 Ibrom Sorayga:
— Hozir ham u sening choʻring, unga istaganingni qilaver, — deb javob berdi. Soray Hojarga shunaqangi shafqatsizlik qildiki, Hojar qochib ketishga majbur boʻldi.
7 Egamizning farishtasi sahrodagi buloq yonida — Shurga boradigan yoʻl boʻyida Hojarni topdi.
8 — Ey Hojar, Sorayning choʻrisi! Qayerdan kelib, qayerga ketyapsan? — deb soʻradi.
— Bekam Soraydan qochib kelyapman, — deb javob berdi Hojar.
9 — Bekangning yoniga qayt, unga itoat et, — dedi Egamizning farishtasi Hojarga. 10 — Sening naslingni shu qadar koʻp qilamanki, koʻpligidan hech kim sanay olmaydi.
11 Egamizning farishtasi Hojarga yana gapirdi:
“Sen homiladorsan va tuqqaysan oʻgʻil,
Egamiz eshitdi jafolaringni,
Uning ismini qoʻygaysan Ismoil .
12 Oʻgʻling boʻlgʻay asov eshakday,
Uning qoʻli koʻtarilgay hammaga qarshi
Va hammaning qoʻli — unga qarshi,
Qarindoshlari bilan dushman boʻlib yashagay .”
13 Hojar: “Meni koʻradigan Xudoni koʻrdim–a!” dedi. Shuning uchun u oʻziga gapirgan Egamizga: “Meni koʻradigan Xudosan” deb nom berdi. 14 Shuning uchun bu quduqqa Ber–Laxay–Ruy deb nom berilgan. Quduq Kadesh bilan Barid orasida joylashgan.
15 Hojar Ibromga oʻgʻil tugʻib berdi, Ibrom bu bolaga Ismoil deb ism qoʻydi. 16 Bu paytda Ibrom sakson olti yoshda edi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020