39–BOB
Ruhoniylik liboslari tikiladi
1 Ular koʻk, safsar va qirmizi iplardan Muqaddas xonada xizmat qilganda kiyish uchun ruhoniylarga liboslarni ajoyib qilib tikdilar. Horunga muqaddas ruhoniylik liboslari tikishdi. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
Oliy ruhoniy uchun efod
2 Ular efodni mayin zigʻir matosidan tikib, ustiga koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan naqsh soldilar. 3 Oltinni yupqa qilib yoyib, ingichka–ingichka qilib kesib, zar ip qilishdi. Ular oʻz mahoratlarini ishga solib koʻk, safsar, qirmizi iplardan naqsh solingan mayin zigʻir matosini bu zar ip bilan bezatdilar. 4 Efodning old va orqa qismlarini bir–biriga bogʻlash uchun ikkita yelka bogʻichini qilib, ularni old va orqa qismlarining ustki chetiga tikdilar. 5 Kamar yasab, uni efodga bogʻladilar. Kamarni ham mayin zigʻir matosidan qildilar. Unga koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan mahorat bilan naqsh soldilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
6 Keyin muhr oʻyganday qilib, Isroil oʻgʻillarining ismini ikkita aqiq toshga oʻyib yozdilar. Yozilgan toshlarni oltindan qilingan naqshli uyalar ichiga qoʻyib, 7 Isroilning oʻn ikki qabilasini eslatib turish uchun efodning yelka bogʻichlariga oʻrnashtirdilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
Oliy ruhoniy uchun koʻkrakpech
8 Ular koʻkrakpechni yasadilar. Koʻkrakpechni, efod singari, mayin zigʻir matosidan qilib, koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan unga mahorat bilan naqsh soldilar. 9 Koʻkrakpechni toʻrtburchak xalta shaklida, ikki buklangan, boʻyi bir qarich, eniga ham bir qarich qilib yasadilar. 10 Koʻkrakpechga toʻrt qator toshni toʻgʻri qilib terdilar: qizil yoqut, xrizolit va zumrad toshlarni birinchi qatorga terdilar. 11 Ikkinchi qatorga firuza, zangori yoqut va olmosni terdilar. 12 Uchinchi qatorga lojuvard, agat va ametist toshlarni terdilar. 13 Toʻrtinchi qatorga topaz, aqiq va yashma toshlarni terdilar. Hamma toshlarni oltindan qilingan naqshli uyalarga oʻrnashtirdilar. 14 Bu oʻn ikki tosh Isroilning oʻn ikki qabilasini eslatib turardi. Muhr oʻyganday qilib, Isroilning oʻn ikki oʻgʻlidan har birining ismini bu toshlarning har biriga oʻyib yozdilar.
15 Ular koʻkrakpechni efodga bogʻlash uchun toza oltindan ipga oʻxshatib eshilgan ikkita zanjir yasadilar. 16 Yana naqshli ikkita oltin uya va ikkita oltin halqa yasab, ikkala halqani koʻkrakpechning ustki burchaklariga mahkamladilar. 17 Ikkala oltin zanjirning bir uchini koʻkrakpechdagi halqalarga bogʻlab, 18 ikkinchi uchini naqshli oltin uyalarga mahkamladilar. Uyalarni efodning old tomonidagi yelka bogʻichlariga oʻrnashtirdilar. 19-20 Yana oltindan toʻrtta halqa yasadilar. Ikkitasini koʻkrakpechning ostki burchaklariga — efodga yaqin boʻlgan ichki qirgʻogʻiga mahkamladilar. Ikkitasini efodning old tomoniga, ikkala yelka bogʻichining pastiga — naqshli kamardan yuqoriga mahkamladilar. 21 Koʻkrakpech efodning naqshli kamaridan yuqorida boʻlsin, efoddan osilib turmasin deb, koʻkrakpechni halqalari yordamida efodning halqalariga koʻk bogʻich bilan mahkamladilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
Boshqa ruhoniylik liboslari
22 Efodning ridosini koʻk iplardan toʻqilgan matodan tikdilar. 23 Ridoning oʻrtasidan bosh sigʻadigan teshik qildilar. Rido yirtilib ketmasligi uchun teshikning chetini toʻqidilar. 24-26 Rido etagining uchiga aylanasi boʻylab anor shaklini va qoʻngʻiroqchalarni birin–ketin qilib bittama–bitta osib chiqdilar. Anor shakli yigirilgan koʻk, safsar va qirmizi iplardan qilingan edi. Qoʻngʻiroqchalar toza oltindan qilingan boʻlib, anor shakli oralariga osilgan edi. Horun oliy ruhoniy boʻlib xizmat qilganda, u shu ridoni kiyishi kerak edi. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
27 Horun bilan uning oʻgʻillariga mayin zigʻir matosidan koʻylaklarni, 28 sallani, peshanabogʻlarni va ishtonlarni qildilar. 29 Belbogʻini mayin zigʻir matosidan toʻqib, ustiga koʻk, safsar va qirmizi iplardan mahorat bilan naqsh soldilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
30 Toza oltindan lavhani — muqaddaslik ramzini yasadilar. Lavhaning yuzasiga muhr oʻyganday, “Egamizga bagʻishlangan” deb oʻyib yozdilar. 31 Lavhani sallaga mahkamlash uchun koʻk bogʻichni lavhaga bogʻlab qoʻydilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
Ish nihoyasiga yetadi
32 Shunday qilib, Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodir yasalishiga oid hamma ishlar nihoyasiga yetdi. Isroil xalqi hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. 33 Keyin Musoning oldiga quyidagilardan iborat Muqaddas chodirni olib keldilar:
Chodirning ichki qavatini va uning hamma qismlarini — ilgaklarini, romlarini, tambalarini, ustunlari va tagliklarini,
34 qizilga boʻyalgan qoʻchqor terisidan yopinchiqni, yumshoq teridan yopinchiq va Eng muqaddas xonani toʻsib turadigan ichki pardani,
35 Ahd sandigʻini , uning xodalari va qopqogʻini,
36 xontaxtani, uning hamma buyumlarini va unga qoʻyiladigan muqaddas nonlarni ,
37 toza oltindan qilingan chiroqpoya, unga oʻrnatilgan moychiroqlarni, uning hamma buyumlarini va moychiroqlar uchun zaytun moyini,
38 oltin tutatqi qurbongohini,
muqaddas qiladigan moy va xushboʻy tutatqini,
Chodirga kiraverishdagi pardani,
39 bronza qurbongohni, uning bronza panjarasini, xodalari va hamma buyumlarini,
qoʻlyuvgichni va uning tagligini,
40 hovlini toʻsib turadigan pardalarni, pardalarni ushlab turadigan ustunlarni, ustunlarning tagliklarini va hovliga kiraverishdagi pardani,
Chodir va hovli uchun arqonlarni, qoziqlarni,
Muqaddas chodir — Uchrashuv chodirida foydalanadigan hamma ashyolarni,
41 Ruhoniy Horun va uning oʻgʻillari Muqaddas xonada xizmat qilganda kiyadigan, ajoyib qilib tikilgan muqaddas liboslarni.
42 Xullas, Isroil xalqi hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. 43 Muso qilingan hamma ishlarni koʻzdan kechirdi, Isroil xalqi bu ishlarni Egamizning amri boʻyicha qilganlarini koʻrib, Muso ularni duo qildi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020