9–BOB
Isroilning dushmanlari ustidan chiqarilgan hukm
1 Bashorat. Egamizning soʻzi Xadrax yurtiga qarshidir.
Damashq shahriga qaratilgandir.
Egamiz barcha Isroil qabilalarini kuzatib turganday,
Butun insoniyatni ham kuzatadi .
2 Xadraxga chegaradosh boʻlgan Xomat ham,
Donolarga toʻla boʻlgan Tir va Sidon ham Egamizning koʻzi ostidadir .
3 Tir shahri oʻziga qalʼa qurib olgan,
Shunchalik koʻp kumush va oltin yiqqanki,
Ular koʻchadagi chang va loydaydir.
4 Lekin endi Rabbiy ularning mulkini tortib oladi,
Boyliklarini dengizga uloqtiradi.
Shaharning oʻzi esa olovga yem boʻladi.

5 Ashqalon shahri buni koʻrib, qoʻrquvga tushadi,
Gʻazo ham dahshatga tushib qaltiraydi,
Umidi puchga chiqqan
Exron ham shu ahvolga tushadi.
Gʻazoning shohi halok boʻladi,
Ashqalonda esa hech bir zot qolmaydi.
6 Egamiz shunday deydi:
“Ashdodda nasli buzilgan xalqlar yashaydi.
Ha, Men Filistlarning takabburligiga chek qoʻyaman.
7 Men Filistlarning ogʻzidagi qonli goʻshtni,
Tishlaridagi harom ovqatni olib tashlayman.
Filistlarning tirik qolganlari Menga tegishli boʻladi,
Ular Yahudoning avlodiday boʻlib qoladi.
Exron ham Yobus xalqiday
Oʻz xalqimning bir qismi boʻladi.
8 Bosqinchilardan asray deb
Men Oʻzim uyimni qoʻriqlayman.
Xalqimning yurtini hech kim bosib ololmas,
Ha, Men hammasini koʻrib turibman.
Boʻlajak shoh
9 Xursand boʻlib, quvoning,
Ey Quddus xalqi!
Shodlik ila hayqiring,
Ey Sion aholisi!
Mana, shohingiz kelyapti.
U zafar qozongan gʻolibdir.
Shunga qaramay,
Kamtarindir shohingiz,
U eshakning ustida,
Ha, eshakning bolasini —
Xoʻtikni minib kelyapti.
10 Men Efrayimning jang aravalarini yoʻqotaman,
Quddusning jang otlarini tortib olaman.
Urush kamonlari ham yoʻq qilinadi,
Shohingiz xalqlarga tinchlik keltiradi.
Men bir dengizdan ikkinchisiga qadar,
Furot daryosidan tortib
Yer yuzining toʻrt tomoniga hukmronlik qilaman.
Xudo Oʻz xalqini qayta tiklaydi
11 Men sizlar bilan qilgan,
Qurbonlik qoni bilan tasdiqlangan ahdim tufayli,
Asirlaringizni suvsiz chuqurlikdan ozod qilaman.
12 Ey umidvor asirlar,
Oʻz qalʼangizga qayting.
Bugun Men aytyapman,
Yoʻqotganlaringizni ikki barobar qilib tiklayman.
13 Men Yahudoni Oʻz kamonimdek qayirdim,
Efrayimni esa kamonim oʻqi qildim.
Ey Sion , Men sening oʻgʻillaringni
Yunon oʻgʻillariga qarshi qoʻzgʻataman.
Mening qoʻlimda jangchining qilichiday oʻynaysan.”
Egamiz Oʻz xalqini himoya qiladi
14 Shundan keyin Egamiz Oʻz xalqi uzra zohir boʻladi,
Uning oʻqi yashinday otiladi.
Egamiz Rabbiy burgʻuni chalib,
Janubdan kelgan quyunlar orasida hujum qiladi.
15 Sarvari Olam Oʻz xalqini himoya qiladi,
Ular dushmanlarini qirib,
Yov palaxmonlarini oyoq osti qilib tashlaydilar.
Qurbonlik soʻyganday yov qonini toʻkadilar,
Qurbongoh shoxlari qonga belanganday,
Ular dushmanlarining qoniga belanadilar.
Sharobu may bilan gʻalabani nishonlaydilar,
Xursandligidan mast odamday hayqiradilar.

16 Oʻsha kuni ularning Egasi Xudo
Oʻz xalqini qutqaradi.
Axir, ular Egamizning suruvidir.
Egamizning yurtida ular
Toj gavharlariday porlaydilar.
17 Uning xalqi qanday goʻzal va ajoyib!
Yangi sharobu donlar
Yigit–qizlarni baquvvat qilar.