13–BOB
Tavba va halokat haqida
1 Oʻsha vaqtda baʼzi odamlar kelib, Isoga hokim Pilat oʻldirgan Jalilaliklar haqida xabar qilishdi. Jalilaliklar qurbonlik keltirayotgan paytda Pilat ularni oʻldirib, qonlarini soʻyilgan qurbonliklar qoniga aralashtirib tashlagan edi.
2 Iso xabarchilarga dedi: “Sizningcha, bu Jalilaliklar boshqa hamma Jalilaliklarga qaraganda koʻproq gunoh qilganlari uchun shunchalik jafo chekdilarmi? 3 Sizga yoʻq, deyman. Lekin tavba qilmasangizlar, hammalaringiz ular kabi halok boʻlasizlar. 4 Yoki Siloam qishlogʻidagi minora qulaganda nobud boʻlgan oʻn sakkiz kishini olaylik. Sizlarning fikringizcha, oʻsha nobud boʻlganlar Quddusda yashaydigan qolgan hamma odamdan koʻra, koʻproq gunoh qilgan edilarmi? 5 Sizlarga, yoʻq, deb aytaman. Lekin tavba qilmasangizlar, hammangiz ular kabi halok boʻlasizlar.”
Hosilsiz anjir daraxti haqida masal
6 Shundan keyin Iso shu masalni aytib berdi: “Bir odamning uzumzoriga anjir daraxti ekilgan ekan. Oʻsha odam kelib, anjir daraxtidan meva izlabdi, ammo topa olmabdi. 7 U bogʻbonga debdi:
— Menga qara, uch yildirki, men mana bu anjir daraxtidan meva izlayman, ammo shu paytgacha bironta meva topa olmadim. Uni kesib tashla! Bekorga yerni egallab turishining nima keragi bor?!
8 Bogʻbon esa shunday javob beribdi:
— Xoʻjayin, daraxtingiz bu yil ham tursin. Men uning atrofini chopib, goʻng solay. 9 Balki kelgusi yil meva berar. Agar bermasa, unda kesib tashlaymiz.”
Shabbat kuni Iso bukri ayolga shifo beradi
10 Shabbat kuni Iso sinagogalarning birida taʼlim berayotgan edi. 11 U yerda oʻn sakkiz yildan beri jinga chalingan bir ayol bor edi. U ikki bukilib qolgan boʻlib, qaddini umuman rostlay olmasdi. 12 Iso uni koʻrgach, yoniga chaqirib dedi:
— Ey ayol, sen dardingdan xalos boʻlding!
13 Soʻng ayolga qoʻllarini qoʻydi, shu zahoti ayolning qaddi tiklandi–qoldi. Ayol Xudoga hamdu sanolar aytdi.
14 Iso Shabbat kuni xastaga shifo bergani uchun sinagoga boshligʻi achchiqlanib, olomonga shunday dedi:
— Ishlash uchun olti kun bor. Shifo topmoqchi boʻlsangiz, Shabbatdan boshqa kuni kelinglar.
15 Rabbimiz Iso unga javoban dedi:
— Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar oʻzlaringiz ham Shabbat kuni hoʻkizingiz yoki eshagingizni oxurdan yechib, sugʻorgani olib borasizlar–ku! 16 Bu esa Ibrohimning qizi, axir! Shayton oʻn sakkiz yildan beri uni bogʻlab qoʻygan edi. Uni Shabbat kuni kishanlaridan ozod qilish nahotki mumkin boʻlmasa?!
17 Iso shu gaplarni aytganda, Uning hamma raqiblari sharmanda boʻldilar. Jamiki olomon esa Iso qilgan ajoyib ishlardan xursand edi.
Xantal urugʻi haqida masal
18 Iso dedi: “Xudoning Shohligi nimaga oʻxshaydi? Uni nimaga oʻxshatsam boʻladi? 19 Xudoning Shohligi bir odam oʻz bogʻiga ekkan xantal urugʻiga oʻxshaydi. Urugʻ unib–oʻsib, daraxt boʻladi, qushlar uning shoxlariga uya quradi.”
Xamirturush haqida masal
20 Iso yana shunday dedi: “Xudoning Shohligini yana nimaga oʻxshatsam boʻladi? 21 Xudoning Shohligi xamirturushga oʻxshaydi. Ayol bir boʻlak xamirturushni bir togʻora unga qorsa ham, hamma xamir oshadi.”
Najot eshigi tordir
22 Iso Quddusga yoʻl oldi va shaharu qishloqlarga borib, taʼlim berar edi. 23 Bir odam Undan soʻradi: “Hazrat, nahotki sanoqli odam najot topsa?!”
Iso shunday javob berdi: 24 “Tor eshikdan kirishga jon–jahdingiz bilan harakat qilinglar. Sizlarga shuni aytay: koʻp odam ichkari kirishga intiladi, ammo kira olmaydi. 25 Uy egasi oʻrnidan turib eshikni yopganda, sizlar tashqarida qolib eshikni taqillatasizlar va:
— Hazrat, bizga eshikni oching! — deb aytasizlar. U esa sizlarga:
— Kimligingizni va qayerdan kelganingizni bilmayman! — deb javob beradi. 26 Shunda sizlar:
— Axir, biz Siz bilan birga yeb–ichganmiz! Koʻchalarimizda taʼlim bergansiz! — deb aytasizlar. 27 Ammo U sizlarga deydi:
— Men sizlarni tanimayman! Qayerdanligingizni ham bilmayman! Yoʻqolinglar oldimdan, ey badkirdorlar!
28 Sizlarni tashqariga quvib chiqarishganda, qattiq pushaymon boʻlasizlar, figʻon chekasizlar, chunki Ibrohim, Isʼhoq, Yoqub va barcha paygʻambarlar Xudoning Shohligida ekanini koʻrasizlar. 29 Shundan keyin sharqu gʻarbdan, shimolu janubdan odamlar kelib, Xudoning Shohligida ziyofatga oʻtiradilar. 30 Shunda oxirgi boʻlgan baʼzi odamlar birinchi boʻladilar, birinchi boʻlgan baʼzilar esa oxirgi boʻladilar.”
Isoning Quddus uchun nolasi
31 Shu paytda farziylardan ayrimlari Isoning oldiga kelib deyishdi:
— Bu yerdan ketishingiz kerak. Hirod Sizni oʻldirmoqchi.
32 Iso ularga shunday dedi:
— Borib u tulkiga aytinglar: “Eshitib ol, Men bugun ham, ertaga ham jinlarni quvib, xastalarga shifo beraman. Uchinchi kuni esa ishimni tugataman.” 33 Ammo shunday boʻlsa ham, Men bugun, ertaga va indinga Oʻz yoʻlimdan qolmasligim kerak. Axir, paygʻambar Quddusdan tashqarida oʻldirilishi mumkin emas. 34 Eh Quddus, Quddus! Paygʻambarlarni qatl etib, huzuriga yuborilganlarni toshboʻron qiluvchi shahar! Tovuq oʻz joʻjalarini qanotlari ostiga qanday toʻplasa, Men ham sening xalqingni bir necha marta shunday toʻplamoqchi boʻldim. Lekin sen istamading. 35 Ey Quddus aholisi, sizning Maʼbadingiz huvullab qoladi. Sizga shuni aytay: “Egamiz nomidan keladigan Inson baraka topsin” , deb aytmaguningizcha, Meni koʻrmaysizlar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020