50–BOB
Bobil magʻlub boʻladi
1 Egamiz Bobil yurti, Bobilliklarning diyori xususida Yeremiyo paygʻambar orqali shunday soʻzlarni aytdi:

2 “Xalqlarga eʼlon qiling, xabar yetkazing!
Bayroq koʻtarib, yangilikni ayting.
Hech narsa yashirmay shunday jar soling:
«Bobil qulaydi,
Ularning xudosi Bel sharmanda boʻladi,
Xudosi Mardux parcha–parcha qilinadi.
Bobil butlari xor boʻladi,
Sanamlari sindirib tashlanadi.»

3 Shimoldagi bir xalq Bobil ustiga bostirib keladi. Ular butun yurtni vayron qilishadi. U yerda hech kim yashamaydigan boʻladi. Odamlar va hayvonlar u yerdan qochib ketadi.”
Isroil xalqi surgundan qaytib keladi
4 Egamiz shunday demoqda: “Oʻsha kunlar kelganda, Isroil xalqi Yahudo xalqi bilan birga koʻz yosh toʻkib, Egasi Xudoga intiladigan boʻladi. 5 Ular yuzlarini Quddus tomon buradilar, u yerga olib boradigan yoʻlni soʻrab–surishtiradilar. Egasiga bogʻlanib qoladilar, U bilan unutilmas, abadiy bir ahd tuzadilar.
6 Mening xalqim adashgan qoʻylarga oʻxshaydi. Choʻponlari ularni yoʻldan adashtirib, togʻlarga haydab yubordilar. Ular togʻlaru qirlarda darbadar kezib, oromgohini unutdilar. 7 Qoʻylarimga duch kelgan odam ularni yedi. Dushmanlar shunday dedi: «Bizning aybimiz yoʻq. Ularning oʻzlari Egasiga qarshi gunoh qildi. Egasi ular uchun asil yaylovday edi, ota–bobolari Egasiga umid bogʻlagan edi.»
8 Ey Isroil xalqi, Bobildan qochib chiqing! Bobilliklarning yurtini tark eting! Suruvni boshqarib ketayotgan serkaday birinchi boʻlib chiqing. 9 Mana, Men shimoldagi qudratli xalqlarni Bobilga qarshi qoʻzgʻatyapman. Ular saf tortib, Bobilga hujum qiladilar. Bobil jangda magʻlub boʻladi. Dushman oʻqlarining hammasi toʻgʻri nishonga tegadi, ularning oʻqlari merganlarning oʻqlaridaydir. 10 Bobil talon–taroj qilinadi, hamma talonchilari oʻljaga toʻyadi.” Egamizning kalomi shudir.
Bobil qulaydi
11 Ey Xudoning xalqini talagan Bobilliklar!
Sizlar sevinib, xursand boʻlyapsizlar,
Yaylovdagi buzoqday shodon sakrayapsizlar,
Otlar kabi kishnayapsizlar.
12 Ammo bilib qoʻying, ona yurtingiz xor boʻladi,
Siz tugʻilgan yurt oyoq osti qilinadi.
Yurtingiz xalqlar orasida arzimas boʻlib qoladi,
Choʻl, qaqroq yer, sahroga aylanadi.
13 Egamiz Bobilga qahrini sochadi,
U yerda hech kim yashamaydi.
Butunlay tashlandiq boʻlib qoladi.
U yerdan kim oʻtsa yoqasini ushlaydi,
Bobil xarobalarini koʻrib qotib qoladi.
14 Ey merganlar!
Bobil atrofiga saf torting!
Unga qarshi oʻq uzing!
Oʻqingizni sira ayamang.
Axir, Bobil Egamizga qarshi gunoh qildi.
15 Har yoqdan Bobilga shunday deb xitob qiling:
“Bobil taslim boʻlyapti,
Istehkomlari yiqilyapti,
Devorlari oʻpirilib tushyapti.”
Egamizning qasosidir bu.
Sizlar ham Bobildan oʻch oling,
Qilmishlarini oʻz boshiga qaytarib soling.
16 Bobildagi urugʻ sepuvchilarni yoʻq qiling,
Oʻrim mavsumida oʻroqchilarni oʻldiring.
Dushman qilichidan hamma qochsin,
U yerdagi asirlar oʻz xalqi orasiga qaytsin,
Ona yurtiga qochib borsin.
Isroil tiklanadi
17 Isroil xalqi sherlar har yoqqa tumtaraqay qochirib yuborgan qoʻylarga oʻxshaydi. Ilk bor Isroilga Ossuriya shohi tashlangan edi, Isroilning suyaklarini esa Bobil shohi Navuxadnazar gʻajigan edi. 18 Shu sababdan Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Men Ossuriya shohini qanday jazolagan boʻlsam, Bobil shohini va uning yurtini ham xuddi shunday jazolayman. 19 Isroilni oʻz yayloviga qaytarib olib kelaman, ular Karmil togʻining yon bagʻirlarida va Bashanda oʻtlab yuradilar. Efrayim qirlarida va Giladda yurib, qorinlarini toʻygʻizadilar. 20 Oʻsha kunlar kelganda Isroildan biron gunoh topilmaydi, Yahudo ham benuqson boʻladi, — deb aytmoqda Egamiz. — Zero, Men asragan xalqimning gunohlarini kechiraman.”
Xudo Bobilni hukm qiladi
21 Egamiz shunday demoqda:
“Marotayim yurtiga bostirib boringlar,
Paxoʻd aholisiga hujum qilinglar,
Ularni tamomila qirib bitiringlar.
Sizlarga Men buyurgan hamma ishni bajaringlar.
22 Bobildan jang shovqin–suroni koʻtarilmoqda,
Hamma yoq xarobaga aylanmoqda.
23 Bobil butun dunyoni bolgʻaday parcha–parcha qildi,
Eh, endi oʻzi sinib parchalanib ketdi!
Bobilning ahvoli xalqlarni vahimaga soldi.
24 Ey Bobil, Men senga tuzoq qoʻygandim,
Bilmasdan tuzogʻimga tushib qolding.
Seni fosh qildim, qoʻlga oldim.
Axir, sen Menga qarshi chiqqan eding.”

25 Egamiz Oʻz aslahaxonasini ochdi,
Gʻazab qurollarini olib chiqdi.
Sarvari Olam — Rabbiy
Bobilliklar yurtida bir ish qilishga shaylandi.
26 Uzoq yurtlardan Bobilga hujum qiling!
Omborxona eshiklarini buzing!
Bobilni don uyumlariday yigʻing,
Hammasini yoʻq qiling.
Undan asar ham qolmasin!
27 Yosh jangchilarini oʻldiring,
Hammasini qirib tashlang.
Bobilning holiga voy, uning kuni bitdi,
Jazo oladigan vaqti yetdi.

28 Bobildan qochib kelganlarning gaplarini eshiting. Ular Quddusga kelib, Egamiz Xudo Oʻz Maʼbadi uchun qasos olganini eʼlon qilishmoqda.

29-30 Egamiz shunday demoqda: “Bobilga hujum qilish uchun kamonkashlarni yigʻinglar. Shaharni qurshovga olinglar, bironta odam qochib keta olmasin. Bobilliklarning qilgan ishiga yarasha jazosini beringlar, qilmishlarini oʻz boshiga qaytarib solinglar. Zero, ular Menga, Isroil xalqining Muqaddas Xudosiga nisbatan takabburlik qildilar. Oʻsha kuni Bobilliklarning yigitlari maydonlarda oʻlib ketadi, hamma sipohlari halok boʻladi.”

31 Sarvari Olam — Rabbiy shunday demoqda:
“Ey takabbur Bobil, Men senga qarshi chiqyapman!
Sening kuning bitdi,
Seni jazolaydigan vaqt yetdi.
32 Bu takabbur xalqing qoqilib tushadi,
Seni hech kim turgʻizib qoʻymaydi.
Men hamma shaharlaringga oʻt qoʻyaman,
Olov atrofdagi hamma narsani yondirib yuboradi.”

33 Sarvari Olam shunday demoqda: “Isroil va Yahudo xalqlari zulm iskanjasida qolishdi. Dushmanlarning hammasi ularni qattiq tutib turibdi. Ularni qoʻyib yuborishdan bosh tortyapti. 34 Ammo Men ularning qudratli Qutqaruvchisiman, Mening nomim Sarvari Olamdir. Men xalqimni astoydil himoya qilaman, ularning yurtiga orom beraman. Bobilliklarni esa tinchlikdan mahrum qilaman.”

35 Egamiz shunday demoqda:
“Bobilliklarga oʻlim!
Butun Bobil aholisiga,
Aʼyonlariyu donishmandlariga oʻlim!
36 Folbinlariga oʻlim!
Naqadar ahmoqdir ular!
Jangchilariga oʻlim!
Naqadar vahimaga tushgan ular!
37 Otlariyu jang aravalariga oʻlim!
Yollangan jangchilariga oʻlim!
Ayollarga oʻxshagan zaifdir ular!
Zeb–ziynatu boyliklarini yoʻq qiling,
Talang, oʻlja qilib oling.
38 Butun yurtga qurgʻoqchilik kelsin!
Daryolari qurib ketsin.
Zero, bu yurt butlar makoni boʻldi,
Vahimaga solgan oʻsha butlar dastidan
Odamlari aqldan ozdi.

39 Shuning uchun Bobilda sirtlonlaru tuyaqushlar yashaydi. U yer yovvoyi dasht hayvonlarining makoniga aylanadi. Inson zoti endi u yerda hech qachon yashamaydi, Bobil to abad boʻm–boʻsh boʻlib qoladi. 40 Sadoʻm, Gʻamoʻra va ularning atrofidagi shaharlar qanday vayron boʻlgan boʻlsa, Bobil ham shunday vayron boʻladi. U yerda hech kim yashamaydi.” Egamizning kalomi shudir.

41 Ana, shimoldan olomon kelmoqda.
Dunyoning chetidan
Buyuk bir xalqu koʻp shohlar qoʻzgʻalmoqda.
42 Kamonu nayzalar bilan qurollangan ular,
Shafqat qilmaydigan zolimdir bu odamlar.
Ular otlarini yeldiradi,
Dengizday guvullab keladi.
Ey qiz Bobil, ular senga qarshi chiqadi,
Jang qilgani saf tortishadi.

43 Bobil shohi bu xabarni eshitdi,
Qoʻllarida mador qolmadi.
Dard tutgan ayol kabi
Azobu iztirobda qoldi.

44 Egamiz shunday deydi: “Men, Iordan chakalakzoridagi arslonday, yaylovdagi qoʻylarga hujum qilaman. Bir zumda Bobil xalqini oʻz yurtidan haydab chiqaraman. Oʻzim xohlagan insonni u yerga bosh qilaman. Axir, kim Menga teng kela oladi?! Kim Mendan hisobot soʻraydi?! Qanday choʻpon Menga qarshi tura oladi?! 45 Shunday ekan, Bobil yurtiga qarshi Men tuzgan rejalarni eshitinglar. Bobil xalqi toʻgʻrisida qilgan niyatlarimga quloq tutinglar: yirtqichlar suruvdagi qoʻzichoqlarni sudrab ketadi. Qilmishlari dastidan yam–yashil yaylovlari payhon boʻladi. 46 Bobil gursullab qulaganda, yer yuzi larzaga keladi, xalqning dodu voylari olisdagi ellarga eshitiladi.”