24–BOB
1 Yahudo shohi Yohayiqim hukmronligi davrida Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoga hujum qildi. Yohayiqim uch yil uning hukmdorligi ostida boʻldi. Oxiri u Navuxadnazarga qarshi isyon koʻtardi.
2 Egamiz Oʻz qullari paygʻambarlar orqali aytganiga koʻra, Yahudo xalqiga qarshi Bobil , Oram, Moʻab va Ommon bosqinchi toʻdalarini yuborib, bu yurt xalqini yoʻq qilmoqchi boʻldi. 3-4 Egamizning amri bilan Yahudo xalqining boshiga koʻp kulfatlar keldi. Manashe qilgan barcha gunohlari uchun, aybsizlarning qonini toʻkkani uchun Egamiz Yahudo xalqini Oʻz huzuridan haydamoqchi boʻldi. Manashe Quddusni aybsizlarning qoniga botirgan edi. Egamiz Manasheni bu qilmishi uchun kechirmoqchi emasdi.
5 Yohayiqimning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 6 Yohayiqim olamdan oʻtgach, oʻrniga oʻgʻli Yohayixin shoh boʻldi.
7 Misr firʼavni qaytib oʻz yurtidan tashqariga chiqmadi . Bobil shohi Misrning shimoliy chegarasi — Misr chegarasidagi irmoqdan tortib, Furot daryosigacha firʼavnga qarashli boʻlgan hamma yerlarni bosib olgan edi.
Yahudo shohi Yohayixin
8 Yohayixin oʻn sakkiz yoshida shoh boʻlib, Quddusda uch oy hukmronlik qildi. Onasining ismi Naxushta boʻlib, Qudduslik Elnatanning qizi edi. 9 Yohayixin ham, otasi kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi.
10 Oʻsha paytda Bobil shohi Navuxadnazarning lashkari Quddusni qamal qildi. 11 Qamal paytida Navuxadnazarning oʻzi Quddusga keldi. 12 Yahudo shohi Yohayixinning oʻzi, onasi, xizmatkorlari, lashkarboshilari, saroy aʼyonlari Navuxadnazarga taslim boʻldilar. Bobil shohi hukmronligining sakkizinchi yilida Yohayixin asirga olindi.
13 Egamizning aytgani boʻyicha , Navuxadnazar Egamizning uyidagi va shoh saroyidagi barcha xazinalarni boʻshatdi. Isroil shohi Sulaymon Egamizning uyi uchun yasattirgan oltin ashyolarning hammasini maydaladi. 14 Jamiki Quddus aholisini, beklarni, jasur sipohlarni, hunarmandlarni, temirchilarni, hammasi boʻlib oʻn mingta odamni asir qilib olib ketdi. Yahudo xalqining eng qashshoqlaridan boshqa hech kim bu yurtda qolmadi.
15 Bobil shohi Navuxadnazar Yohayixinni asir qilgandan keyin, Bobilga olib ketdi. Yohayixin bilan birga uning onasini, xotinlarini, aʼyonlarini va yurtning obroʻli odamlarini ham Quddusdan Bobilga haydab ketdi. 16 Bundan tashqari, hamma jasur sipohlarni — yetti mingta sipohni, jang qilishga qodir mingta hunarmand va temirchini ham asir qilib olib ketdi.
17 Yohayixinning oʻrniga esa amakisi Mattaniyoni shoh qilib tayinladi va uning otini oʻzgartirib, Zidqiyo qoʻydi.
Yahudo shohi Zidqiyo
18 Zidqiyo yigirma bir yoshida shoh boʻldi va Quddusda oʻn bir yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Xamutal boʻlib, Libnalik Yeremiyoning qizi edi. 19 Zidqiyo ham, Yohayiqim kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qilgani uchun 20 Egamiz Quddus va Yahudo xalqidan gʻoyat gʻazablangan, oqibatda ularni Oʻz huzuridan quvib yuborgan edi.
Quddus qulaydi
Zidqiyo Bobil shohiga qarshi isyon koʻtardi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020