7–BOB
Xudoning xalqi
1 Egangiz Xudo sizlarni egalik qiladigan yurtingizga olib kiradi. Oʻshanda U oldingizdan Xet, Girgosh, Amor, Kanʼon, Pariz, Xiv, Yobus kabi yettita xalqni haydaydi. Ular sizlardan koʻra, koʻproq va qudratliroqdir. 2 Egangiz Xudo bu xalqlarni sizlarning qoʻlingizga topshirganda, sizlar ularni magʻlub etasizlar. Shunda ularning hammasini tamomila qirib bitiringlar. Ular bilan ittifoq tuzmanglar, ularga rahm–shafqat qilmanglar. 3 Ular bilan quda–andachilik qilmanglar, ularga qiz uzatmanglar, oʻgʻillaringizga ularning qizlaridan olib bermanglar. 4 Aks holda, ular farzandlaringizni Egamizdan qaytaradi. Farzandlaringiz boshqa xudolarga xizmat qiladigan boʻladi. Oʻshanda Egamiz gʻazablanib, sizlarni bir lahzada halok qiladi. 5 Aksincha, oʻsha xalqlarni sizlar shunday qilinglar: ularning qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini parchalab tashlanglar, Asheraga atalgan ustunlarni kesinglar, butlarini yondiringlar. 6 Sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz. U sizlarni yer yuzidagi jamiki xalqlar orasidan Oʻz xalqi, Oʻz xazinasi qilib tanlab oldi.
7 Egamiz sizlarni boshqa xalqlardan koʻp boʻlganingiz uchun sevib tanlamadi. Sizlar boshqa hamma xalqlardan oz edingiz. 8 Egamiz sizlarni sevgani uchun va ota–bobolaringizga bergan vaʼdasini ado etish uchun sizlarni tanladi. Shu bois U sizlarni Misr firʼavni hukmronligidan, Misrdagi qullikdan Oʻz qudrati bilan olib chiqib, ozod qildi. 9 Shunday qilib, Egangiz Xudo haqiqiy Xudo ekanini bilib qoʻyinglar. U sodiq Xudodir! Uni sevadigan, Uning amrlarini bajaradiganlarning minginchi avlodigacha ahdini sodiq saqlaydi. 10 Xudodan nafratlanganlarning esa qilmishlariga yarasha boshlariga kulfat yogʻdiradi. Ha, Egamiz Undan nafratlanganlarga javob berishda kechikmaydi. 11 Shuning uchun bugun men sizlarga berayotgan amrlarni, farmonlar va qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar.
Itoatgoʻylikdan kelgan baraka
12 Agar mana shu qonun–qoidalarga itoat etib, ularni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudo ham ota–bobolaringizga ont ichib, vaʼda qilgan ahdini sizlar bilan sodiq saqlaydi. 13 U sizlarga mehr qoʻyadi, ota–bobolaringizga beraman, deb ont ichgan yurtda sizlarga baraka berib, koʻpaytiradi. Uvali–juvali boʻlasizlar, yeringiz hosildor, doningiz, sharobingiz va moyingiz serob boʻladi, mol–qoʻyingiz barakali boʻladi, sigirlaringiz bolalaydi, qoʻylaringiz qoʻzilaydi. 14 Sizlar barcha xalqlar orasida barakaga eng boy xalq boʻlasizlar, orangizda farzandsiz erkak ham, ayol ham boʻlmaydi, mollaringiz orasida qisiri boʻlmaydi. 15 Egamiz sizlarni har qanday kasallikdan saqlaydi. Misrda oʻzlaringiz koʻrgan har xil qoʻrqinchli xastaliklar sizlarning boshingizga kelmaydi. Oʻsha xastaliklarni Egamiz sizlarning gʻanimlaringizga yuqtiradi. 16 Egangiz Xudo sizlarning qoʻlingizga topshiradigan barcha xalqlarni qirib yuboringlar, ularga rahm qilmanglar, ularning xudolariga sigʻinmanglar. Aks holda, ularning xudolari sizlarga tuzoq boʻladi.
17 Xayolingizda: “Bu xalqlar bizdan juda kuchli–ku, qanday qilib ularni haydaymiz?” deb oʻylashingiz mumkin, 18 ammo ulardan qoʻrqmanglar. Egangiz Xudo firʼavnni, butun Misrni nima qilganini esingizda tutinglar. 19 Egangiz Xudo Oʻz qudrati va ajoyibotlari bilan sizlarni u yerdan olib chiqdi, buyuk sinovlar, alomatu moʻjizalar koʻrsatdi. Bularni oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz. Siz qoʻrqayotgan hamma xalqlarni Egangiz Xudo xuddi oʻsha ahvolga soladi. 20 Hatto sizlardan yashirinib tirik qolganlarni U vahimaga solib, quvib yuboradi . 21 Ulardan qoʻrqmanglar. Orangizdagi Egangiz Xudo buyuk va haybatli Xudodir. 22 U oʻsha xalqlarni sizlarning oldingizdan oz–ozdan haydaydi. Sizlar ularni birdaniga halok qilolmaysizlar. Boʻlmasa atrofingizda yovvoyi hayvonlar koʻpayib ketadi. 23 Egangiz Xudo oʻsha xalqlarni sizlarning qoʻlingizga beradi, ularning hammasini qattiq sarosimaga solib, halok qiladi. 24 Shohlarini ham sizlarning qoʻlingizga beradi. Sizlar ularning nomlarini yer yuzidan oʻchirasizlar. Hech kim sizlarga bas kelolmaydi, ularning hammasini halok qilasizlar. 25 Xudolarining tasvirlarini olovda yondiringlar, ularni qoplagan oltinu kumushlarga koʻz olaytirmanglar, oʻsha narsalarni olmanglar, toki ular sizlarga tuzoq boʻlmasin. Bu butlar Egangiz Xudoga jirkanchdir. 26 Bu jirkanchli narsalarni uyingizga olib kirmang, aks holda, oʻshalar singari yoʻq qilinasiz. Oʻsha narsalardan nafratlaninglar, jirkaninglar, chunki ular laʼnatlangandir.