1–BOB
Duoyi salom
1 Xudo tanlab olgan aziz xonim va uning bolalariga men — oqsoqoldan salom! Men sizlarni chin dildan yaxshi koʻraman, mengina emas, haqiqatni bilib olganlarning hammasi sizlarni yaxshi koʻradi. 2 Bu sevgiga dilimizdan joy olgan va to abad biz bilan boʻladigan haqiqat asos boʻldi.
3 Biz haqiqat va sevgi boʻyicha yashar ekanmiz, Otamiz Xudo va Otamizning Oʻgʻli Iso Masih beradigan inoyat, marhamat va tinchlik bizga doim yor boʻladi.
Haqiqat va mehr–muhabbat
4 Hurmatli xonim, farzandlaringizning bir nechtasi Otamiz Xudoning bizga bergan amrini bajarib, haqiqat yoʻlida yurayotgan ekanlar. Men bundan gʻoyat xursand boʻldim.
5 Sizdan bir iltimosim bor, bir–birimizni yaxshi koʻraylik. Sizga yangi amrni yozayotganim yoʻq, bu amr bizga boshidan berilgan. 6 Sevgi — biz Xudoning amrlariga amal qilishimizdan iborat. Sizlar bu amrni boshidan eshitgansizlar va unga amal qilib yashashingiz kerak.
7 Bularni yodingizda tutinglar, chunki dunyoda yolgʻonchilar koʻpayib ketgan. Iso Masih inson boʻlib kelganini ular tan olmaydilar . Ularning har biri yolgʻonchi va Masihning dushmanidir! 8 Shunday ekan, ogoh boʻlinglar! Mukofotingizni toʻliq olish uchun Masihga boʻlgan haqiqiy imoningizni mahkam tutinglar. 9 Masih taʼlimotini ortda qoldirib, oʻzicha “jadallab ketgan” odamda Xudo yoʻq. Masih taʼlimoti boʻyicha yashagan odamda esa Ota ham, Oʻgʻil ham bor. 10 Agar biror kishi oldingizga kelib, sizlarga boshqacha taʼlimotni oʻrgatsa, uni uyingizga kiritmanglar, taklif ham qilmanglar. 11 Agar uni taklif qiladigan boʻlsangiz, uning yomon ishlariga sherik boʻlgan hisoblanasiz.
Xayrlashuv
12 Sizlarga aytadigan gapim koʻp, ammo bularni siyoh bilan qogʻozga yozishni istamadim. Undan koʻra, oldingizga borib, sizlar bilan yuzma–yuz gaplashaman, deb umid qilaman. Shunda shodligimiz tugal boʻladi.
13 Xudo tanlab olgan aziz singlingizning bolalari sizlarga salom yoʻllashyapti .