3–BOB
Mixo Isroil yoʻlboshchilariga tanbeh beradi
1 Men shunday dedim:
“Ey Yoqub naslining yoʻlboshchilari, eshiting!
Ey Isroil hukmdorlari, quloq soling!
Adolat oʻrnatish sizning vazifangiz–ku!
2 Sizlar esa yaxshilikdan nafratlanasiz,
Qabihlikka mehr qoʻyasiz,
Siz xalqimning terisini shilib,
Etini suyagidan ajratib olasiz.
3 Siz xalqimning etini yeysiz,
Terisini shilib, suyaklarini maydalaysiz,
Qozonga solinadigan goʻshtday ularni nimtalaysiz.
4 Vaqti kelib, Egamizga iltijo qilasiz,
Oʻshanda Xudodan javob olmaysiz.
Sizlar qabihlarcha ish tutdingiz,
Shu bois U sizlardan yuz oʻgiradi.”

5 Egamiz shunday demoqda:
“Ey xalqimni yoʻldan ozdirgan paygʻambarlar!
Sizlar qorningizni toʻygʻizganlarga tinchlikni bashorat qilasiz,
Ogʻzingizni moylamaganlarga esa urushni eʼlon qilasiz.
6 Endi ustingizga tun bostirib keladi,
Sizlar vahiylarni koʻrmaysiz.
Qaro zulmat sizni oʻrab oladi,
Bashorat qilishingizga imkon boʻlmaydi.
Sizlar uchun quyosh botadi,
Kunduz ham zulmat boʻladi.
7 Sharmanda boʻlasiz, ey valiylar,
Uyatga qolasiz, ey folchilar.
Mendan soʻz olmaganingiz uchun
Ogʻzingizni ocholmay qolasiz.”

8 Ammo mening vujudim kuchga toʻlgan,
Egamizning Ruhi meni toʻldirgan.
Qudrat va adolatga toʻlganman.
Endi men Yoqub naslining itoatsizligini fosh qilaman,
Isroil xalqining gunohini yuziga solaman.
9 Ey Yoqub naslining yoʻlboshchilari, eshiting!
Ey Isroil hukmdorlari, quloq soling!
Sizlar adolatdan hazar qilasiz,
Haqiqatni buzib koʻrsatasiz.
10 Qonlar evaziga barpo qildingiz Quddusni,
Zulm evaziga bunyod etdingiz Sionni!
11 Ey Quddus hokimlari, sizlar pora olib hukm qilasiz,
Ey Quddus ruhoniylari, sizlar tama qilib taʼlim berasiz,
Ey Quddus paygʻambarlari, sizlar pul uchun bashorat qilasiz.
Tagʻin Egamizning nomini roʻkach qilib, aytasiz:
“Egamiz biz bilan, bunga shubha yoʻq!
Boshimizga biror koʻrgilik tushmas.”
12 Sizlar sababli
Quddus daladay shudgor qilinadi,
Sion xarobazor boʻladi,
Egamizning uyi turgan togʻni
Qalin chakalakzor qoplaydi.