49–BOB
Egamiz Ommon xalqini hukm qiladi
1 Egamiz Ommon xalqi toʻgʻrisida shunday deydi:

“Isroil tirnoqqa zormidi?!
Uning merosxoʻri yoʻqmidi?!
Nimaga unda Moʻlaxga topinadiganlar
Gad hududini egallab olishdi?
Nimaga Ommon xalqi Gad shaharlarida yashayapti?
2 Bu qilmishlari uchun shunday kunlar keladiki,
Men Ommonliklarning Rabba shahriga qarshi urush eʼlon qilaman,
— deb aytmoqda Egamiz. —
Rabba shahrini vayronalar uyumiga aylantiraman,
Atrofdagi qishloqlariga oʻt qoʻyaman.
Shunda Isroil xalqi Ommon bosqinchilarining yerlarini bosib oladi,
— deb aytmoqda Egamiz. —

3 Dod sol, ey Xashbon!
Ay shahri vayron boʻldi!
Ey Rabba aholisi, faryod qiling!
Qanorga oʻranib , marsiya ayting,
Qaygʻudan badaningizni tiling .
Axir, xudoyingiz Moʻlax surgun qilinadi,
Ruhoniylaru aʼyonlaringiz asirga olib ketiladi.
4 Ey isyonkor qiz Ommon,
Nechun kuching bilan maqtanasan?
Sening kuching qirqiladi!
Sen boyligingga ishonasan,
«Bizga hujum qilishga kim jurʼat etar?» deysan.
5 Men Oʻzim senga har tomondan dahshat solaman,
— deb aytmoqda Sarvari Olam — Rabbiy. —
Hammangiz tumtaraqay boʻlib qochasizlar,
Qochoqlarni hech kim toʻplay olmaydi.

6 Ammo shundan soʻng
Men Ommon xalqini yana farovonlikka erishtiraman .”
Egamizning kalomi shudir.
Edom xalqi hukm qilinadi
7 Sarvari Olam Edom haqida shunday demoqda:

“Temonda farosatli kishi qolmadimi?
Oqilona nasihat beradigan topilmadimi?
Aqllarini mogʻor bosdimi?
8 Ey Dedonliklar , qochinglar,
Chuqur gʻorlarda bekinib olinglar!
Vaqt keldi Esov naslini jazolashga,
Falokat keltiraman uning boshiga.
9 Bogʻingizda uzum tergan odamlar
Bir–ikki bosh boʻlsa–da, uzum qoldiradi–ku!
Kechasi uyga tushgan oʻgʻri
Faqat xohlagan narsasini oladi–ku!
10 Men esa Esovning bor–yoʻgʻini tortib olaman,
Uning pana joylarini oshkor qilaman,
U hech qayerga yashirina olmaydi.
Uning bolalari halok boʻladi,
Ogʻa–ini, qoʻshnilari oʻladi.
Undan asar ham qolmaydi.
11 Yetimlaringizni qoldiring,
Ularning jonini asrayman.
Bevalaringiz Menga inonib yashasin.”

12 Egamiz shunday demoqda: “Aybsiz odamlar jabr tortsa–yu, sen, ey Edom, jazosiz qolasanmi?! Yoʻq, sen jazodan qochib qutulolmaysan. Jazo kosasidan albatta ichasan. 13 Oʻz nomim bilan qasam ichib aytamanki, Bozrax shahri vayron boʻladi. Uning ayanchli ahvoli odamlarni vahimaga soladi. Oʻtgan–ketganlar uni mazax qilib, nomini qargʻishlarda ishlatadi. Yon–atrofidagi hamma shaharlar ham to abad tashlandiq boʻlib qoladi.” Egamizning kalomi shudir.

14 Egamiz barcha xalqlarga jarchi yubordi,
Men, Yeremiyoga shunday xabar yetib keldi:
“Toʻplaning! Edomga hujum qiling,
Qani, jangga otlaning!”

15 Egamiz deydi:
“Ey Edom, seni xalqlar orasida arzimas qilib qoʻyaman,
Butun odamzod sendan hazar qiladigan boʻladi.
16 Vajohating seni aldadi,
Takabburliging seni ahmoq qildi.
Sen–ku tik qoyada yashaysan,
Azim choʻqqilarni egallagansan.
Burgut kabi iningni baland qurgan boʻlsang ham,
Seni u yerdan tortib tushiraman.”
Egamizning kalomi shudir.

17-18 Egamiz shunday demoqda: “Edomning boshiga tushadigan kulfatlar shu qadar dahshatli boʻladiki, bu yurtning oldidan oʻtgan har bir kishi uning ayanchli ahvolidan vahimaga tushib, qotib qoladi. Sadoʻm, Gʻamoʻra va ularning atrofidagi shaharlar qanday vayron boʻlgan boʻlsa, Edom ham xuddi shunday vayron boʻladi. U yerda hech kim yashamaydi.
19 Men, Iordan chakalakzoridagi arslonday, yaylovdagi qoʻylarga hujum qilaman. Bir zumda Edom xalqini oʻz yurtidan haydab chiqaraman. Oʻzim xohlagan insonni u yerga bosh qilaman. Axir, kim Menga teng kela oladi?! Kim Mendan hisobot soʻray oladi?! Qaysi choʻpon Menga qarshi tura oladi?! 20 Shunday ekan, Edom xalqiga qarshi tuzgan rejalarimni eshitib qoʻying. Temon aholisiga qilgan niyatlarimga quloq tuting: yirtqichlar suruvdagi qoʻzichoqlarni sudrab ketadi. Qilmishlari dastidan yam–yashil yaylovlari payhon boʻladi. 21 Edom gursullab qulaganda, yer yuzi larzaga keladi. Xalqning dodu voylari Qizil dengizgacha eshitiladi. 22 Qaranglar! Dushman burgutday Bozraxga hujum qilmoqda. Qanot kerib shahar uzra parvoz etmoqda. Oʻsha kuni Edom lashkari dard tutgan ayol kabi vahimaga tushadi.”
Damashq hukm qilinadi
23 Quyidagi xabar Damashq haqidadir:

Egamiz shunday deydi:
“Xomat bilan Arpad ahli shum xabar eshitishadi,
Shuning uchun ular sarosimaga tushadi.
Yuragiga tushgan gʻulgʻula bosilmaydi,
Joʻshqin dengiz kabi tinchlanmaydi.
24 Damashq madorsiz qoladi,
Orqaga qochmoqchi boʻladi,
Butun vujudini vahima qamrab oladi.
Dard tutgan ayolday azobu qiynoqda qoladi.
25 Evoh, mashhur shahar tark etiladi!
Quvonch makoni tashlab ketiladi!
26 Oʻsha kuni yigitlari maydonlarda oʻladi,
Hamma sipohlari halok boʻladi,
— deb aytmoqda Sarvari Olam. —
27 Men Damashq devorlariga oʻt qoʻyaman,
Olov Banhadad qalʼalarini yondirib tashlaydi.”
Kedar va Xazor hukm qilinadi
28 Bobil shohi Navuxadnazar magʻlub qilgan Kedar va Xazor shohliklari haqida Egamiz shunday deydi:

“Qani boʻling, Kedarga hujum qiling!
Oʻsha sharq qabilalarini halok eting!
29 Qoʻlga kiriting chodirlariyu qoʻylarini,
Chodir pardalariyu bor bisotini.
Tuyalarini oʻzingizga oling.
Odamlar baqiradi:
«Atrofni dahshat qamradi!»

30 Ey Xazor aholisi!
Qoching! Uzoqlarga bosh olib keting.
Chuqur gʻorlarda yashirinib oling,
— deb aytmoqda Egamiz. —
Zero, Bobil shohi Navuxadnazar
Sizlarga qarshi bir reja tuzdi,
Sizlarni halok etish niyatida yuribdi.

31 Ey Bobil lashkarlari,
Qani, xotirjam boʻlgan xalqqa hujum qilinglar!
Bexatar yashayotganlarga tashlaninglar!
— deb aytmoqda Egamiz. —
Ular sahroda yolgʻiz yashaydilar,
Shaharlarining na darvozalari, na tambalari bor.
32 Ularning tuyalarini oʻlja olasiz,
Mol podalarini qoʻlga kiritasiz.
Sochini oldirib yurgan Xazorliklarni
Men toʻrt tomonga tarqatib yuboraman.
Ularning ustiga har yoqdan kulfat yogʻdiraman,
— deb aytmoqda Egamiz. —
33 Xazor to abad tashlandiq boʻlib qoladi,
Chiyaboʻrilar makoniga aylanadi.
U yerda hech kim yashamaydi,
U joylarga hech kim borib oʻrnashmaydi.”
Elam hukm qilinadi
34 Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining ilk davrida Egamiz Yeremiyo paygʻambarga Elam yurti toʻgʻrisida Oʻz soʻzini ayon qildi.
35 Sarvari Olam demoqda: “Men Elam merganlarini nobud qilaman. Qudratining manbaini sindiraman. 36 Ular ustiga toʻrt tomondan dushman solaman. Hammasini yer yuzining toʻrt tomoniga tarqatib yuboraman. Elamliklar qochib bormagan biron–bir yurt qolmaydi.
37 Men Elamni qasdi bor dushmanlari qarshisida sarosimaga solaman. Qaynagan gʻazabimni ustilariga kulfat qilib yogʻdiraman, — deb aytmoqda Egamiz. — Ortidan qilich solib, hammasini bitta qoldirmay qirib tashlayman. 38 Ularning shohini aʼyonlari bilan birga yoʻq qilaman. Elamda Oʻz taxtimni oʻrnataman.
39 Ammo keyinchalik Men Elam xalqini yana farovonlikka erishtiraman.” Egamizning kalomi shudir.