7–BOB
Diniy urf–odatlar va Xudoning amri
1 Farziylar va Quddusdan kelgan ayrim Tavrot tafsirchilari Isoning yoniga yigʻilib keldilar. 2 Ular Isoning shogirdlaridan baʼzilari harom, yaʼni yuvilmagan qoʻllari bilan non yeyayotganlarini koʻrib qoldilar. 3 Farziylar va umuman yahudiylar ota–bobolarining urf–odatini saqlab, hech ham qoʻllarini yuvmasdan ovqat yemaydilar. 4 Bozordan qaytganlarida ham yuvinmay ovqat yemaydilar. Shuningdek, soʻri, kosa, tovoq, qozonni yuvish kabi koʻpgina udumlarga rioya qiladilar.
5 Shunday qilib, farziylar va tafsirchilar Isodan soʻradilar:
— Nega Sizning shogirdlaringiz ota–bobolarimizning urf–odatini saqlashmaydi? Nima uchun harom qoʻllari bilan non yeyishadi?
6 Iso ularga shunday javob berdi:
— Ishayoning bashorati siz ikkiyuzlamachilarga juda toʻgʻri keladi. Xudoning quyidagi soʻzlarini Ishayo yozib qoldirgan:

“Bu xalq Meni tilidagina izzat qiladi,
Yuraklari esa Mendan uzoqdir.
7 Ular Menga sajda qiladilar,
Ammo sajdalari behudadir.
Chunki ular inson yaratgan qoidalarni
Ilohiy qonun deb oʻrgatadilar.”

8 Sizlar Xudoning amrlarini yigʻishtirib qoʻyasizlar, insoniy urf–odatlarga esa yopishib olasizlar .
9 Iso yana ularga dedi:
— Ha, sizlar urf–odatlaringizni saqlash uchun Xudoning amrlarini chetlab oʻtishning zoʻr yoʻlini topgansizlar! 10 Muso aytgan edi: “Ota–onangizni hurmat qiling. Otasini yoki onasini xoʻrlagan har qanday odamga oʻlim jazosi berilsin.” 11 Ammo sizlar shunday taʼlim berasizlar: odam oʻz otasi yoki onasiga: “Farzandlik burchim — Xudoga qurbon, yaʼni Xudoga inʼom qilingan”, deb aytishi mumkin. 12 Shundan keyin oʻsha odamning otasiga yoki onasiga yaxshilik qilishiga sizlar yoʻl qoʻymaysizlar. 13 Shu tariqa sizlar oʻzlaringiz oʻrnatgan urf–odatlaringiz orqali Xudoning kalomini bekor qilasizlar. Sizlar bunga oʻxshash yana koʻp ishlarni qilasizlar.
Insonni nima harom qiladi?
14 Keyin Iso butun xalqni yana yoniga chaqirib, dedi:
— Hammalaringiz Menga quloq solib, tushunib olinglar! 15-16 Tashqaridan inson ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmaydi. Aksincha, inson ichidan chiqadigan narsa uni harom qiladi .
17 Iso xaloyiq orasidan chiqib uyga kirdi, shogirdlar Undan: “Haligi aytganlaringizni tushuntirib bering”, deb iltimos qilishdi. 18 Iso ularga dedi:
— Sizlar ham shunchalik befahmmisizlar?! Tashqaridan insonning ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmasligini anglamaysizlarmi? 19 Bu narsalar insonning qalbiga emas, qorniga kiradi va kerakli joydan chiqib ketadi.
Iso bu gaplari bilan hamma yeguliklar halol ekanini eʼlon qildi.
20 U yana dedi:
— Insonning ichidan chiqadigan narsalar insonni harom qiladi. 21 Chunki ichdan, yaʼni inson qalbidan yomon fikrlar, fahsh, oʻgʻrilik, qotillik, 22 zino, ochkoʻzlik, fosiqlik, makkorlik, shahvat, hasad, tuhmat, manmanlik va nodonlik chiqadi. 23 Ana shu yomonliklarning hammasi insonning ichidan chiqib, uni harom qiladi.
Gʻayriyahudiy ayolning ishonchi
24 Iso u yerdan chiqib, Tir hududiga ketdi. Bir uyga kirdi va buni hech kim bilib qolishini istamas edi, lekin yashirina olmadi.
25 Qizalogʻini yovuz ruh chalgan bir ayol Iso haqida eshitib qoldi–da, tez kelib, Uning oyogʻiga yiqildi. 26 Bu ayol Suriyadagi Finikiya oʻlkasida tugʻilgan boʻlib, yahudiy emas edi. U:
— Qizimdan jinni quvib chiqaring, — deb Isodan yolvorib soʻradi. 27 Biroq Iso unga:
— Avval bolalar toʻysin, bolalardan nonni olib kuchuklarga tashlash yaxshi emas, — dedi.
28 — Toʻgʻri, Hazrat , — dedi ayol. — Lekin kuchuklar ham bolalarning dasturxonidan toʻkilgan ushoqlarini yeydi–ku.
29 Iso unga:
— Mana shu gaping uchun senga yordam beraman. Endi ketaver. Qizingdan jin chiqib ketdi, — dedi.
30 Ayol uyiga borganda, qizini jindan qutulib, toʻshakda yotgan holda koʻrdi.
Iso kar odamga shifo beradi
31 Iso Tir hududidan chiqib, Sidonga bordi. Soʻng Jalila koʻli boʻylaridan oʻtib, Dekapolis hududiga bordi. 32 Ayrim odamlar Isoning oldiga zoʻrgʻa gapiradigan bir kar odamni olib kelib, unga qoʻl tekkizishini soʻrashdi. 33 Iso u odamni xaloyiq orasidan bir chetga olib chiqdi, soʻng Oʻz barmoqlarini uning quloqlariga tiqib qoʻydi. Soʻng tupurib, soʻlagini oʻsha odamning tiliga tekkizdi. 34 Keyin osmonga qarab, chuqur xoʻrsindi–da, unga: “Effatah!” dedi. Bu soʻzning tarjimasi “Ochil!” demakdir. 35 Shu onda u odamning quloqlari ochilib, tilga kirdi, ravongina gapira boshladi.
36 Iso u yerdagilarga, buni hech kimga aytmanglar, deb buyurdi. Biroq Iso odamlarga qancha man etsa ham, ular bu hodisani yanada koʻproq yoyishardi. 37 Ular haddan tashqari hayratda qolib, shunday deyishardi: “U hamma narsani yaxshi qiladi, karlarni eshitadigan, soqovlarni gapiradigan qiladi.”