11–BOB
Tavera nomli joy
1 Oradan koʻp vaqt oʻtmay xalq qiyinchiliklardan mingʻirlab noliy boshladi. Ularning nolishlarini eshitgan Egamiz gʻoyat gʻazablanib, qarorgohga alanga tushirdi. Alanga avj olib, qarorgohning chetlarini kuydirib yubordi. 2 Xalq Musoga faryod qildi. Muso Egamizga iltijo qilgan edi, alanga oʻchdi. 3 Egamizning alangasi qarorgohni yondirgani uchun bu joyga Tavera deb nom berildi.
Muso yetmishta oqsoqolni tanlaydi
4 Isroil xalqi orasidagi qalangʻi–qasangʻilarning nafsiga oʻt tushdi. Isroil xalqi ham ularga qoʻshilishib figʻon chekib, zorlana boshladi: “Qaniydi goʻsht boʻlsa! 5 Biz Misrda tekinga baliq, bodring, qovun, piyoz, koʻk piyoz, sarimsoq yerdik. 6 Endi esa sillamiz qurigan, mannadan boshqa yeydigan hech narsa yoʻq.”
7 Manna kashnich urugʻiga oʻxshardi, uning rangi daraxt yelimi rangiday edi. 8 Xalq mannani yerdan yigʻishtirib olar, tegirmonda yanchib yoki havonchada tuyib, soʻng qozonga solib qaynatardi, non ham yopardi. Uning mazasi zaytun moyi qoʻshib yopilgan nonga oʻxshardi. 9 Tunda qarorgohga shabnam tushganda, shabnam bilan birga manna ham yogʻilardi.
10 Hamma odamlar oila aʼzolari bilan birga oʻz chodirlarining kiraverishida turib faryod qilishayotgan edi. Buni eshitgan Muso qattiq ranjidi. Egamizning gʻazabi ham alanga oldi. 11 Shunda Muso Egamizga dedi:
— Nimaga qulingning boshiga shuncha azoblarni solding? Nima uchun mendan marhamatingni darigʻ tutding? Nima uchun bu xalqning ogʻirligini menga yuklading? 12 Shu xalqning hammasini men qornimda koʻtarib yurganmidim?! Ularni men tuqqanmidim?! Nimaga unda Sen menga: “Enaga chaqaloqni koʻtarib yurganday, sen bu xalqni Men ota–bobolaringga vaʼda qilgan yurtga qoʻllaringda koʻtarib borasan”, deb aytyapsan? 13 Ular yigʻlab, bizga goʻsht ber, deb aytishyapti! Shuncha xalqqa goʻshtni qayerdan topib beraman, axir?! 14 Bu xalqning ogʻirligini men bir oʻzim koʻtara olmayman. Bunga ortiq chiday olmayman. 15 Agar menga munosabating shu boʻlsa, hoziroq jonimni olib qoʻya qol. Bordi–yu, Sendan marhamat topgan boʻlsam, mening bunchalik xor boʻlishimga yoʻl qoʻyma.
16 Shunda Egamiz Musoga dedi:
— Menga Isroil oqsoqollaridan yetmishtasini yigʻib ber. Ular xalqning orasida yoʻlboshchi deb tan olingan obroʻli odamlardan boʻlishsin. Ularni Uchrashuv chodiriga olib kelib, oʻzingning yoningga turgʻizib qoʻy. 17 Men tushib kelib, u yerda sen bilan gaplashaman. Soʻng senga bergan Ruhimdan olib, ularga ham beraman. Sen bu xalqning ogʻirligini yolgʻiz oʻzing koʻtarmasliging uchun, ular yoningga kirib, ogʻiringni yengil qilishadi. 18 Xalqqa esa shu gapni ayt: “Ertangi kunga tayyorlanib poklaninglar , goʻsht yeysizlar. Sizlar Egamizning qulogʻi ostida mingʻirlab nolib, qaniydi goʻsht boʻlsa, biz Misrda davr surgan ekanmiz–da, deb faryod qildingizlar. Shuning uchun Egamiz sizlarga goʻsht beradi, sizlar goʻsht yeysizlar. 19 Sizlar goʻshtni bir–ikki kun emas, besh–oʻn kun ham emas, yigirma kun ham emas, 20 balki bir oy davomida — goʻsht burningizdan chiqquncha, koʻnglingizga urguncha yeysizlar. Chunki sizlar, Misrdan chiqishimizning nima keragi bor edi, deya mingʻirlab nolib, orangizdagi Egangizni rad etdingiz.”
21 Lekin Muso Egamizga aytdi:
— Mening yonimdagi bu xalq 600.000 jondan iborat. Sen esa: “Ularni bir oy davomida goʻsht bilan boqaman”, deyapsan! 22 Bor mol–qoʻyimizni soʻysak ham, dengizdagi hamma baliqlarni yigʻishtirib kelsak ham, ularni toʻydira olarmidik?!
23 Egamiz shunda Musoga aytdi:
— Nima, Men, Egangning qoʻli kaltamidi?! Mening senga aytgan gaplarim bajo boʻlishi yoki boʻlmasligini endi koʻrasan.
24 Shundan keyin Muso tashqariga chiqib, Egamizning soʻzlarini xalqqa yetkazdi. Soʻng yetmishta xalq oqsoqolini yigʻib, ularni Muqaddas chodir atrofiga joylashtirdi. 25 Shunda Egamiz bulut ichida tushib kelib, Muso bilan gaplashdi, Musoga bergan Oʻz Ruhidan olib, yetmishta oqsoqolga berdi. Ruh oqsoqollarni qamrab oldi va ular zikr tusha boshladilar. Lekin bunday hol boshqa takrorlanmadi.
26 Yetmishta oqsoqolning ikkitasi Muqaddas chodirga bormay qarorgohda qolgan edi. Birining ismi Eldod, ikkinchisiniki Midod edi. Biroq Egamizning Ruhi ularni ham qamrab oldi, ular ham qarorgohda zikr tusha boshladilar. 27 Bir oʻspirin yugurib kelib, Musoga: “Eldod bilan Midod qarorgohda zikr tushishyapti”, dedi. 28 Musoga yoshligidan xizmat qilib kelgan yordamchisi Nun oʻgʻli Yoshua dedi:
— Muso hazratlari! Ularni toʻxtating!
29 Muso esa unga shunday javob berdi:
— Sen mening manfaatimni koʻzlab, shu gaplarni aytyapsanmi? Menga qolsa, Egamning butun xalqi paygʻambar boʻlsin, Egamiz Oʻz Ruhini ularning hammasiga bersin, deyman!
30 Shundan soʻng Muso bilan Isroil oqsoqollari qarorgohga qaytib kelishdi.
Egamiz bedanalar yuboradi
31 Egamiz shamol qoʻzgʻatdi. Shamol dengizdan bedanalarni qarorgohga va qarorgoh atrofiga uchirib keldi–da, koʻplarini yerga tushirdi. Anchasi esa qarorgohning aylanasi boʻylab bir kunlik masofada, ikki tirsak balandlikda uchib yurgan edi .
32 Xalq oʻsha kuni kunduzi va kechasi, keyingi kuni ham ertadan kechgacha bedana yigʻishtirdi. Eng oz tergan odamniki oltmish savat chiqdi. Ular bedanalarni quritish uchun butun qarorgoh atrofiga yoyib tashlashdi. 33 Lekin odamlar goʻshtni endi ogʻziga olib, hali yeyishga ham ulgurmagan edilarki, Egamiz xalqqa gʻazabini sochib, qaqshatqich oʻlat yubordi. 34 Bu yerga Xivrut–Xattavo deb nom berildi, chunki bu yerga nafsi buzuq odamlar dafn qilingandi.
35 Xalq Xivrut–Xattavodan Xazeroʻtga qarab yoʻlga chiqdi. Ular Xazeroʻtga yetib borganlaridan keyin qarorgoh qurishdi.