2–BOB
Xudo Isroil xalqiga gʻamxoʻrlik qiladi
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Quddusga borib, jar sol: «Egamiz shunday deb aytmoqda:

Yoshligingdagi vafodorliging yodimda,
Kelinchakligingdagi sevging esimda.
Sen sahroda Menga ergashgan eding,
Ekin ekilmagan yerda orqamdan yurar eding.
3 Ey Isroil, sen Menga bagʻishlangan eding,
Oʻrimimning ilk hosiliga oʻxshagan eding.
Oʻsha hosilni yegan har kim aybdor hisoblanardi,
Bundaylarning boshiga kulfat kelar edi,
— deb aytmoqda Egamiz.»”
Isroil ajdodlarining gunohi
4 Ey Yoqub nasli, jamiki Isroil urugʻlari, Egamizning soʻzlarini eshitinglar. 5 Egamiz shunday demoqda:

“Ota–bobolaringiz Mendan nima ayb topdilar?
Nima uchun Mendan uzoqlashdilar?
Ular betayin butlarga sigʻindilar,
Oʻzlari ham betayin boʻlib qoldilar.
6 Ular Menga intilmaydilar.
Men esa ularni Misrdan olib chiqqan edim,
Choʻldan, chuqurliklarga toʻla sahrodan olib oʻtgandim,
Zulmat qamragan qaqroq yerda olib yurgan edim.
Odam yashamagan, oyoq yetmagan joydan olib oʻtgan edim.
7 Men sizlarni hosildor yurtga olib kelgandim,
Mevalaridan, moʻl hosilidan yenglar, degan edim.
Ammo sizlar kelib, yurtimni harom qildingizlar,
Mulkim boʻlgan yerimni jirkanch bir joyga aylantirdingizlar.
8 Ruhoniylar Menga intilmadilar,
Qonun himoyachilari Meni bilmadilar,
Hukmdorlar Menga qarshi bosh koʻtardilar,
Paygʻambarlar Baal nomidan bashorat qildilar,
Hech narsaga yaramaydigan butlarga koʻngil bogʻladilar.”
Egamiz Oʻz xalqini ayblaydi
9 Egamiz shunday demoqda:
“Men sizlarni yana bir bor ayblayman,
Nabiralaringizni ham ayblayman.
10 Gʻarbdagi Kipr qirgʻoqlariga borib koʻringlar,
Sharqdagi Kedarga odam joʻnatib, bilib kelinglar.
Bunday voqea hech yuz berganmikan?!
11 Biron xalq oʻz xudolaridan voz kechganmikan?!
Xudolari haqiqiy boʻlmasa–da, ulardan yuz oʻgirganmikan?!
Mening xalqim esa oʻz ulugʻvor Xudosidan voz kechdi,
Qadrsiz butlarga Meni almashtirdi.
12 Ey osmon, bundan hayratlangin,
Vahima ichra titragin,
— deb aytmoqda Egamiz. —
13 Mening xalqim ikki gunoh qildi:
Ular Meni — hayotbaxsh suv bulogʻini tark etdilar.
Oʻzlari uchun sardobalar qazidilar,
Suvni ushlab turolmaydigan yoriq sardobalar qurdilar.
Xiyonatning oqibati
14 Isroil qulmidi?! Yoki qullikda tugʻilganmidi?!
Nechun unda u gʻanimlariga oʻlja boʻldi?
15 Gʻanimlari unga sherday oʻkirdi,
Ovozi boricha unga boʻkirdi.
Oʻshalar dastidan Isroil yurti xarob boʻldi,
Shaharlari vayron boʻlib, huvullab qoldi.
16 Ey Isroil, Nuf va Taxpanxasdagi xalqlar
Sochingni qirib tashladilar .
17 Senga yoʻl koʻrsatgan Egang Xudoni tark etding,
Shu qilmishing bilan oʻz boshingni oʻzing yeding.
18 Endi nega Misrga borasan?
Nil suvidan ichish uchunmi?!
Nechun Ossuriyaga yoʻl olasan?
Furot suvidan ichish uchunmi?!
19 Qabihliging oʻzingning boshingga yetadi,
Xiyonating seni mahkum qiladi.
Egang Xudoni tark etganing
Naqadar yomon va alamli ekanini
Koʻrib, bilib qoʻygin.
Sen Mendan qoʻrqmas ekansan”, demoqda
Sarvari Olam — Rabbiy.
Isroil xalqi Xudoga sajda qilishdan bosh tortadi
20 Egamiz shunday demoqda:
“Ey Isroil, sen ancha oldin
Boʻyinturugʻingni sindirgan eding,
Koʻp vaqt oldin kishanlaringni uzgan eding.
«Senga xizmat qilmayman!» deb aytgan eding.
Har bir baland tepalikda butlarga sajda qilding,
Har bir yashil daraxt ostida fohishaday yotding .
21 Men seni aʼlo tokday ekkan edim,
Sen eng sara urugʻdan paydo boʻlgan eding.
Nechun endi aynib qolding?
Nega yovvoyi tokka aylanib qolding?
22 Sen oʻzingni ishqor bilan ishqalasang ham,
Koʻp sovun ishlatib, oʻzingni yuvsang ham,
Aybdorlik dogʻlaring ketmaydi,
Bular doim koʻz oʻngimda turadi,
— deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. —
23 Shunday ekan, qanday qilib:
«Bulgʻanmadim», deb aytasan?!
Nega: «Baalga sigʻinmadim», deysan?!
Vodiyda qilgan ishlaringga qara,
Qilgan qilmishlaring haqida oʻylab koʻr,
Sen hirsi qoʻzigan urgʻochi tuyaga oʻxshaysan,
Oʻzingni u yoqdan–bu yoqqa urasan.
24 Sahroda ulgʻaygan bir qulonga oʻxshaysan,
Shahvating qoʻziganda, havoni iskaysan.
Sening hirsingni kim qondira oladi?!
Hech bir erkak senga erishish uchun oʻzini urintirishi shart emas,
Juftlashish davrida seni osonlikcha topib olishadi.
25 Ey Isroil, boshqa xudolarning ketidan yuguravermagin,
Chorigʻing yirtilguncha, tomogʻing quriguncha
Ular ketidan yuravermagin.
Lekin sen shunday deding:
«Gapirganing befoyda,
Axir, men oʻsha xudolarni sevib qoldim,
Ularning ketidan bormasam boʻlmaydi.»
Isroil xalqi jazolanadi
26 Qoʻlga tushgan oʻgʻri sharmanda boʻlganday,
Isroil xalqi ham sharmanda boʻladi.
Ularning oʻzlari, shohlari, aʼyonlari uyatga qoladi,
Ruhoniylaru paygʻambarlari sharmanda boʻladi.
27 Ular yogʻochga: «Mening otam sensan» deyishadi,
Toshga : «Tuqqan onam sensan», deb aytishadi.
Ammo Menga yuz burmay, orqa oʻgirishadi,
Boshlariga kulfat kelganda esa,
«Bizga najot ber!» deya Menga yolvorishadi.
28 Xoʻsh, oʻzlaringiz uchun yasagan xudolaringiz qani?
Kulfat chogʻida sizlarni qutqara olsa, kelsin.
Shaharlaringiz qancha koʻp boʻlsa,
Xudolaringiz ham shunchadir, ey Yahudo xalqi.

29 Nechun Men bilan daʼvolashasiz?!
Hammangiz Menga qarshi bosh koʻtardingiz!
— deb aytmoqda Egamiz. —
30 Ey xalqim, seni jazolaganim zoye ketibdi.
Sen baribir gapimga kirmading.
Sening qiliching yirtqich arslonday
Paygʻambarlaringni qirib tashladi.

31 Ey bu nasl, Mening gaplarimga quloq sol!
Nahotki Men Isroil uchun sahroday boʻlgan boʻlsam?!
Nahotki zulmat qoplagan qorongʻi yerday boʻlgan boʻlsam?!
Nechun xalqim: «Endi ozodmiz, oldingga qaytib bormaymiz», deb aytadi?
32 Qiz bola taqinchoqlarini unutadimi?!
Kelinchak oʻz libosini esdan chiqaradimi?!
Yoʻq! Ammo xalqim Meni unutdi,
Oradan son–sanoqsiz kunlar oʻtib ketdi.
33 Oshiqlarni topishga naqadar ustasan!
Eng buzuq ayol ham sendan oʻrgansa boʻladi.
34 Sen kiyimlaringni dogʻ qilding,
Aybsiz qashshoqlarning qoniga ularni belading,
Ular uyingga oʻgʻri boʻlib tushmagan edi.
Shunga qaramay sen:
35 «Aybsizman», deb aytasan.
«Egamiz gʻazabidan tushgani aniq», deysan.
«Gunoh qilmadim» deganing uchun
Men seni jazolayman.
36 Nega sen yengiltaklik qilasan?
Nega ittifoqchilaringni oʻzgartirasan?
Sen Ossuriyadan yordam olmaganingday,
Misrdan ham hech qanday yordam olmaysan.
37 Sen Misrdan chiqib kelasan,
Uyalganingdan yuzingni qoʻling bilan toʻsasan.
Zero, sen umid bogʻlagan xalqni Egang rad etdi.
Sen ulardan hech qanday naf koʻrmaysan.”