9–BOB
Beshinchi falokat: chorvaning oʻlimi
1 Shundan keyin Egamiz Musoga yana gapirdi:
— Firʼavnning huzuriga borib, unga Mening shu gapimni yetkaz: “Ibroniylarning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: «Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilishsin.» 2 Agar ijozat bermay, Isroil xalqini ushlab turaversang, 3 chorvangni — otlaringni, eshaklaringni, tuyalaringni, mol–qoʻylaringni Egamiz Oʻz qudrati bilan urib, ogʻir oʻlat kasali yuboradi. 4 Egamiz Isroil xalqi bilan Misrliklarning chorvasini ayirib qoʻyadi. Isroil xalqining chorvasidan birortasiyam nobud boʻlmaydi. 5 Egamiz vaqtini ham belgilab, aytganlarim ertaga bu yurtda bajo boʻladi, deb aytdi.”
6 Ertasi kuni Egamiz aytganlarini qildi: Misrliklarning chorvasi qirilib ketdi. Isroil xalqining chorvasidan esa birortasini ham nobud qilmadi. 7 Firʼavn odam yuborib bildiki, Isroil xalqining chorvasidan birortasiyam nobud boʻlmabdi. Lekin baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qolib, Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi.
Oltinchi falokat: chipqon ofati
8 Shundan keyin Egamiz Muso bilan Horunga yana aytdi:
— Oʻchoqdan bir oz kul olinglar. Muso kulni firʼavnning koʻzi oldida osmonga sochsin. 9 Shunda kul changga aylanib, butun Misrni chang qoplaydi. Kul butun yurtdagi insonlarning, hayvonlarning tanasiga yalligʻlangan chipqon chiqaradi.
10 Shunday qilib, Muso bilan Horun oʻchoqdan kul olib, firʼavn huzuriga bordilar. Muso kulni osmonga sochgan edi, kul odamlarda va hayvonlarda yalligʻlangan chipqon paydo qildi. 11 Sehrgarlar ham Musoning oldida chipqon ogʻrigʻiga chidab turolmadilar. Chunki barcha Misrliklar kabi, sehrgarlarga ham chipqon chiqqan edi. 12 Ammo Egamiz firʼavnning yuragini tosh qilib qoʻydi. U Musoga aytganday, Muso bilan Horunning gapiga firʼavn quloq solmadi.
Yettinchi falokat: doʻl ofati
13 Egamiz Musoga yana dedi:
— Sahar payti tur. Firʼavnning huzuriga borib, unga Mening shu gapimni yetkaz: “Ibroniylarning Xudosi — Egamiz aytmoqda: Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilsin. 14 Agar ijozat bermasang, bu dunyoda Menga oʻxshagan xudo yoʻqligini bilib olasan deb, Men oʻzingning, aʼyonlaringning, xalqingning ustiga juda ogʻir falokatlarni yuboraman. 15 Haqiqatan, Men senga qarshi qoʻl koʻtarib, oʻzing va xalqingni oʻlatga duchor qilib, yer yuzidan qirib yuborgan boʻlardim. 16 Ammo senga qudratimni koʻrsatay, butun olamga shuhratimni yoyay deb, yashashingga izn berdim. 17 Sen xalqimning ketishiga ijozat bermay, ularga qarshilik qilyapsan. 18 Bilib qoʻy, Men ertaga shu vaqtda shunaqangi doʻl yogʻdiramanki, Misr yurti paydo boʻlgandan buyon bunaqa doʻlni koʻrmagan. 19 Endi, chorvamni va ochiq joylardagi bor mol–mulkimni pana joylarga yigʻinglar, deb farmon ber. Doʻl yoqqanda ochiq dalada qolgan hamma odamlaru hayvonlar nobud boʻladi.”
20 Firʼavnning aʼyonlaridan baʼzilari Egamizning soʻzlaridan qoʻrqib, qullarini va chorvasini darrov uylariga olib keldilar. 21 Egamizning soʻzlarini mensimaganlar esa qullari bilan chorvasini ochiq joyda qoldirdilar.
22 Egamiz Musoga:
— Qoʻlingni osmonga uzat! — dedi. — Misrning hamma joyiga, odamlarning, hayvonlarning, daladagi jamiki ekinlarning ustiga doʻl yogʻadi.
23 Muso tayogʻini osmonga toʻgʻri koʻtargan edi, Egamiz momaqaldiroq va doʻl paydo qildi, yerga yashin tushdi. Shunday qilib, Egamiz Misr yurtiga doʻl yubordi. 24 Natijada gʻoyat kuchli doʻl yogʻib, uzoq vaqt yashin chaqnadi. Misr paydo boʻlgandan beri bunaqangi doʻlni koʻrmagan edi. 25 Doʻl Misrda ochiq joylardagi hamma narsani — insondan tortib, hayvonlaru ekin–tikinlargacha nobud qildi. Daraxtlarni yer bilan yakson qildi. 26 Faqat Isroil xalqi yashayotgan Goʻshen yerlariga doʻl yogʻmadi.
27 Firʼavn shundan soʻng Muso bilan Horunni chaqirtirib kelib shunday dedi:
— Bu safar men aybdorman. Egangiz haq, men bilan xalqim esa nohaqmiz. 28 Bu dahshatli momaqaldiroq bilan doʻlga ortiq bardosh berolmaymiz. Iltimos, Egangizdan soʻrang, bularni toʻxtatsin. Xalqingiz ketishiga ijozat beraman. Sizlar endi Misrda ortiq qolmaysizlar.
29 — Shahardan chiqishim bilanoq qoʻllarimni Egamizga choʻzib iltijo qilaman, — dedi Muso. — Momaqaldiroq toʻxtaydi, doʻl ham yogʻmaydi. Oʻshanda butun olam Egamizniki ekanini bilasan. 30 Lekin shunisi menga maʼlumki, oʻzing, aʼyonlaring hali ham Parvardigor Egamizdan qoʻrqmaysizlar.
31 Bu paytda arpa boshoqlagan, zigʻirpoya gullab qolgandi. Zigʻirpoya va arpa payhon boʻldi. 32 Biroq bugʻdoy kechki boʻlgani uchun zarar koʻrmadi. 33 Muso firʼavn huzuridan chiqib, shahardan tashqariga bordi. U qoʻllarini Egamiz tomon uzatgan edi, momaqaldiroq va doʻl toʻxtadi, yomgʻir ham tindi. 34 Yomgʻir tinib, doʻl va momaqaldiroq toʻxtaganini firʼavn koʻrdi–yu, yana gunohga qoʻl urdi. Oʻzi ham, aʼyonlari ham yuragini tosh qilib oldilar. 35 Egamiz Muso orqali aytganday, baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qolib, Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020