10–BOB
Butlar haqida
1 Ey Isroil xalqi, Egamiz sizlarga aytayotgan soʻzlarga quloq soling. 2 Egamiz shunday demoqda:

“Boshqa xalqlarga taqlid qilmanglar,
Boshqa xalqlar singari,
Osmondagi alomatlardan qoʻrqmanglar.
3 Xalqlarning udumlari behuda!
Ular oʻrmondan daraxt kesadi,
Hunarmand boltasi bilan unga shakl berib,
4 Kumushu oltin bilan bezatadi.
Yiqilib ketmasin deya, mix bilan mahkamlaydi,
5 Butlari polizdagi qoʻriqchilarga oʻxshaydi.
Ular gapira olmaydi.
Ularni koʻtarib yurish kerak boʻladi,
Oʻzlari yura olmaydi.
Ulardan qoʻrqmanglar,
Ularning qoʻlidan hech qanday yomonlik kelmaydi,
Yaxshilik ham qila olmaydi.”
Yeremiyo Xudoning shaʼniga hamdu sanolar aytadi
6 Ey Egamiz, Senga oʻxshashi yoʻq!
Sen buyukdirsan,
Sening noming ulugʻ va qudratlidir.
7 Ey ellarning Shohi,
Sendan qoʻrqmaydigan biror zot bormi?!
Sen bunga loyiqdirsan.
Xalqlarning donishmandlari orasida,
Ularning shohlari orasida
Senga oʻxshashi yoʻq.
8 Donishmandlariyu shohlari ahmoq va befarosat.
Ular betayin yogʻoch butlaridan maslahat olishadi.
9 Butlarini yasash uchun kumushni Tarshishdan,
Oltinni Ufazdan keltirishadi.
Butlarni hunarmandu zargarlar yasagan.
Koʻk va safsar liboslar bilan bezagan,
Hammasi — mohir ustalarning ishidir.
10 Ammo Egamiz haq Xudodir.
U barhayot Xudo va abadiy Shohdir.
Gʻazablanganda yer silkinadi,
Uning qahriga xalqlar dosh bera olmaydi.

11 Egamiz shunday dedi: “Boshqa xalqlarga ayt: «Bu xudolar yeru osmonni yaratmagan. Ular yer yuzidan va osmon ostidan yoʻq boʻlib ketadi.»”

12 Egamiz qudrati ila yerni yaratdi,
Donoligi ila dunyoni bunyod etdi,
Idroki ila osmon gumbazini oʻrnatdi.
13 Uning ovozidan osmondagi suvlar gulduraydi,
U dunyoning toʻrt burchidan bulutlarni olib keladi.
Yomgʻir yogʻdirganda chaqmoq chaqtiradi,
Omborlaridagi shamollardan estiradi.
14 Uning oldida hamma odamlar ahmoq va nodondir.
Zargarlar yasagan butlari tufayli sharmanda boʻlishadi.
Yasagan sanamlari soxtadir, ularning joni yoʻq.
15 Bu betayin butlar aldamchidir.
Ularni jazolaganim zahoti yoʻq boʻlishadi.
16 Yoqubning Xudosi esa unday emas.
Butun borliqni U yaratgan,
Isroil qabilasini Oʻziga mulk qilgan.
Uning nomi Sarvari Olamdir.
Surgun vaqti yaqinlashib kelmoqda
17 Ey qurshovda yashayotganlar!
Bor–budingizni yigʻishtirib oling.
18 Zero, Egamiz shunday demoqda:
“Men sizlarni Isroil yurtidan uloqtirib tashlayman,
Boshingizga kulfat yogʻdiraman,
Toki sizlar buni sezinglar.”

19 Shoʻrim qursin! Shunchalik azoblarga qoldim!
Ogʻir yaralangan ekanman.
Ammo oʻzimga oʻzim: “Boshimda shu dard bor ekan,
Unga chidashim kerak”, dedim.
20 Chodirim yiqitilgan, iplari uzib tashlangan.
Farzandlarim ketdi, ular yoʻq boʻldi.
Endi chodirimni kim tikadi?!
Chodirimning pardalarini kim osadi?!
21 Axir, choʻponlar ahmoq,
Ular Egamizdan maslahat olmadilar.
Shuning uchun ham ishlari oʻngidan kelmadi,
Qoʻylari har yoqqa tarqalib ketdi.

22 Eshitinglar! Bir xabar kelmoqda!
Ana, shimoldan shovqin–suron koʻtarilmoqda!
Lashkarlar Yahudo shaharlarini xarob qilar emish,
Chiyaboʻrilar yashaydigan makonga aylantirar emish.
Yeremiyo ibodat qiladi
23 Ey Egam, bilaman,
Odam zoti oʻz taqdirini oʻzi belgilay olmaydi,
Oʻz qadami oʻzining ixtiyorida emas.
24 Ey Egam, meni jahl ustida jazolamagin.
Adolating ila haq yoʻlga solgin,
Aks holda, meni yoʻq qilib yuborasan.

25 Seni tan olmaydigan xalqlar ustiga qahringni soch,
Senga sajda qilmaydigan ellar ustiga soch,
Axir, ular Yoqub naslining boshini yedilar.
Hammasini halok etib, yoʻq qildilar,
Yurtini xarobazorga aylantirdilar.