28–BOB
Doimiy nazrlar
1 Egamiz Musoga aytdi: 2 “Isroil xalqiga shunday deb buyur: ular taom nazrlarini Menga har doim belgilangan vaqtda keltirishsin. Kuydiriladigan bu nazrlardan Menga yoqimli hid keladi.” 3 Egamiz davom etib, Isroil xalqiga olovda kuydiriladigan nazrlar toʻgʻrisida quyidagi qonunlarni yetkaz, deb Musoga amr berdi: “Har kuni ikkita nuqsonsiz bir yoshli qoʻchqor qoʻzini Egamizga kunda kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. 4 Bitta qoʻzini ertalab, ikkinchisini kechqurun qurbonlik qilinglar. 5 Har bir qoʻziga qoʻshib, ikki kosa toza zaytun moyi aralashtirilgan toʻrt kosa sifatli unni don nazri qilib keltiringlar. 6 Egamizga yoqimli hid borishi uchun olovda kunda kuydiriladigan qurbonliklar ilk bor Sinayda joriy qilingan edi. 7 Har bir qoʻziga qoʻshib ikki kosa sharob nazrini ham keltiringlar. Sharobni Egamizga atab Muqaddas chodirda nazr qilib quyinglar. 8 Ikkinchi qoʻzini kechqurun qurbonlik qilinglar. Ertalabki qurbonlik singari, bu qurbonlikka qoʻshib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazri qilinglar. Olovda kuydiriladigan bu qurbonliklardan Egamizga yoqimli hid boradi.
Shabbat kunida qilinadigan nazrlar
9 Shabbat kuni esa ikkita bir yoshli nuqsonsiz qoʻchqor qoʻzini qurbonlik qilinglar. Bu qurbonliklar bilan birga belgilangan miqdorda sharob nazrini va zaytun moyi aralashtirilgan sakkiz kosa sifatli unni don nazri qilib keltiringlar. 10 Bu kuydiriladigan qurbonliklarni har Shabbatda kunda kuydiriladigan qurbonliklardan va unga qoʻshib qilinadigan sharob nazridan tashqari keltiringlar.
Oyning birinchi kunida qilinadigan nazr
11 Har oyning boshida ikkita buqani, bitta qoʻchqorni va yettita bir yoshli qoʻchqor qoʻzini Egamizga atab kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Hamma jonivorlar nuqsonsiz boʻlsin. 12 Bu qurbonliklarga qoʻshib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: har bir buqa bilan oʻn ikki kosa un, qoʻchqor bilan sakkiz kosa un, 13 har bir qoʻchqor qoʻzi bilan toʻrt kosa un. Olovda kuydiriladigan bu qurbonliklardan Egamizga yoqimli hid boradi. 14 Har bir buqa bilan toʻrt kosa sharob, har bir qoʻchqor bilan uch kosa sharob, har bir qoʻchqor qoʻzi bilan esa ikki kosa sharobni nazr qilinglar. Bu kuydiriladigan nazrlarni har oyning birinchi kunida ado etinglar. 15 Bundan tashqari, bitta takani Egamizga gunoh qurbonligi qilinglar. Bu hamma qurbonligu nazrlarni kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qoʻshib qilinadigan sharob nazridan tashqari keltiringlar.
Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayramida qilinadigan nazrlar
16 Birinchi oyning oʻn toʻrtinchi kuni Egamizga bagʻishlangan Fisih ziyofatini nishonlanglar. 17 Oʻn beshinchi kuni esa yetti kunlik bayram boshlanadi, sizlar yetti kun davomida xamirturushsiz non yeyishlaringiz lozim. 18 Bayramning birinchi kuni butun xalq muqaddas yigʻinga kelsin. Har kungi ishlaringiz bilan mashgʻul boʻlmanglar. 19 Egamizga atab ikkita buqani, bitta qoʻchqorni va yettita bir yoshli qoʻchqor qoʻzini olovda kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. Hamma jonivorlar nuqsonsiz boʻlsin. 20 Bu qurbonliklarga qoʻshib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: har bir buqa bilan oʻn ikki kosa un, qoʻchqor bilan sakkiz kosa un, 21 har bir qoʻchqor qoʻzi bilan toʻrt kosa un. 22 Oʻzlaringizni gunohdan poklash uchun takani gunoh qurbonligi qilinglar. 23-24 Bu nazrlarni kunda ertalab kuydiriladigan qurbonlikdan tashqari, yetti kun davomida keltiringlar. Bu taom nazrlarini Egamizga yoqimli hid boʻlishi uchun olovda kuydiringlar. Bular kunda kuydiriladigan qurbonliklar va ularga qoʻshib qilinadigan sharob nazridan tashqari keltirilsin. 25 Bayramning yettinchi kuni ham muqaddas yigʻin oʻtkazinglar. Har kungi ishlaringiz bilan mashgʻul boʻlmanglar.
Hosil bayramida qilinadigan nazrlar
26 Hosil bayramining birinchi kuni, Egamizga yangi hosilingizning donini nazr qilganingizda, butun xalq muqaddas yigʻinga kelsin. Har kungi ishlaringiz bilan mashgʻul boʻlmanglar. 27 Egamizga yoqimli hid borishi uchun ikkita buqa, bitta qoʻchqor, yettita bir yoshli qoʻchqor qoʻzini kuydiriladigan qurbonlik qilinglar. 28 Bu qurbonliklarga qoʻshib quyidagi miqdorda zaytun moyi aralashtirilgan sifatli unni don nazri qilib keltiringlar: har bir buqa bilan oʻn ikki kosa un, qoʻchqor bilan sakkiz kosa un, 29 har bir qoʻchqor qoʻzi bilan toʻrt kosa un. 30 Oʻzlaringizni gunohdan poklash uchun bitta takani qurbonlik qilinglar. 31 Bu nazrlarni va ularga qoʻshib qilinadigan sharob nazrini kunda kuydiriladigan qurbonliklardan va ularga qoʻshib qilinadigan don nazridan tashqari keltiringlar. Qurbonlik qilinadigan hamma jonivorlaringiz nuqsonsiz boʻlsin.