16–BOB
Iso tiriladi
1 Shabbat kuni tugagach , Magdalalik Maryam, Yoqubning onasi Maryam va Salomiya Isoning jasadiga surtish uchun xushboʻy moylar sotib oldilar . 2 Yakshanba kuni juda barvaqt turib, tong yorishganda qabrga bordilar. 3 Ular bir–biriga:
— Qabr ogʻzidagi toshni biz uchun kim agʻdarib berar ekan–a? — deb aytishardi.
4 Qabrga yetib kelganlarida qarashsa, tosh allaqachon agʻdarilgan ekan. Tosh juda katta edi. 5 Ular qabr ichiga kirib, oʻng tomonda oʻtirgan oq libosli bir yigitni koʻrdilar–u, choʻchib ketdilar.
6 Yigit ularga:
— Qoʻrqmanglar! — dedi. — Sizlar xochga mixlangan Nosiralik Isoni izlayapsizlar. Iso tirildi! U bu yerda yoʻq. Mana Uning qoʻyilgan joyi! 7 Endi borib, Uning shogirdlari va Butrusga: “Iso sizlarni Jalilada kutyapti. Oʻzi sizlarga aytganidek , Uni oʻsha yerda koʻrasizlar”, deb aytinglar.
8 Dahshatga tushib, qaltiragan ayollar qabrdan chiqib, qochdilar. Ular qoʻrqqanlaridan hech kimga biron narsa aytmadilar .
Iso Magdalalik Maryamga zohir boʻladi
9 Yakshanba kuni erta saharda tirilgan Iso birinchi boʻlib Magdalalik Maryamga zohir boʻldi. Bu ayoldan U yettita jinni quvib chiqargan edi. 10 Maryam borib, Isoning aza tutib yigʻlayotgan shogirdlariga xabar yetkazdi. 11 Biroq ular Isoning tirik ekanligini va Maryam Uni koʻrganligini eshitsalar ham, ishonmadilar.
Iso shogirdlariga zohir boʻladi
12 Shundan keyin Iso yoʻlda bir qishloq tomon ketayotgan ikkita shogirdiga boshqacharoq qiyofada koʻrindi. 13 Ular esa qaytib kelib, boshqalarga xabar yetkazishdi, lekin ularga ham ishonmadilar.
14 Nihoyat, Iso Oʻzining yeb–ichib oʻtirgan oʻn bir shogirdiga zohir boʻldi. Iso shogirdlarini imonlari zaifligi va qaysarligi uchun koyidi, chunki ular Isoni tirilgan holda koʻrgan odamlarga ishonmagan edilar.
15 Iso shogirdlariga dedi:
— Butun jahon boʻylab yuringlar va hamma tirik jonga Xushxabarni eʼlon qilinglar. 16 Kimki Xushxabarga ishonib, suvga choʻmdirilsa, najot topadi. Ishonmagan esa mahkum boʻladi. 17 Quyidagi alomatlar imonlilarga hamroh boʻladi: Mening nomim bilan jinlarni quvib chiqaradilar. Yangi tillarda soʻzlaydilar. 18 Qoʻllariga ilon olsalar ham, zahar ichsalar ham, ularga zarar yetmaydi. Xastalarga qoʻllarini qoʻyganda, ular sogʻayib ketadi.
Iso osmonga koʻtariladi
19 Rabbimiz Iso shogirdlariga bularni aytib boʻlgach, osmonga koʻtarildi. U Xudoning oʻng tomoniga oʻtirdi . 20 Shogirdlar esa ketib, hamma yoqda Xushxabarni vaʼz qilib yurdilar. Rabbimiz shogirdlariga kuch ato qilib, alomatlar orqali ularning soʻzlarini tasdiqlar edi .
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020