23–BOB
Otaliyoga qarshi isyon
1 Yettinchi yili ruhoniy Yohayido qoʻrqmay harakatga tushdi. U quyidagi yuzboshilar bilan ahd qildi: Yeroxam oʻgʻli Ozariyo, Yohuxanon oʻgʻli Ismoil, Obid oʻgʻli Ozariyo, Odayo oʻgʻli Masiyo va Zixri oʻgʻli Elishafat. 2 Ular Yahudo yurtini kezib chiqdilar, Yahudoning hamma shaharlaridan levilarni va Isroil urugʻboshilarini yigʻib, Quddusga olib keldilar. 3 Kelganlarning hammasi Xudoning uyiga yigʻilib, oʻsha yerda shoh bilan ahd qildilar. Yohayido ularga shunday dedi:
— Mana shohning oʻgʻli! Egamizning Dovud oʻgʻillari haqida bergan vaʼdasiga muvofiq, bu oʻgʻil hukmronlik qilsin. 4 Endi sizlar bunday qilasizlar: Shabbat kuni xizmat qiladigan ruhoniy va levilarning uchdan bir qismi darvozalarni qoʻriqlasin. 5 Uchdan biri — shohning uyida, uchdan biri esa Asos darvozasida boʻlsin. Xalq ommasi Egamiz uyining hovlilarida tursin. 6 Egamizning uyiga ruhoniylar bilan xizmatdagi levilardan boshqa hech kim kirmasin. Faqat ular kira oladilar, chunki ular muqaddasdirlar. Qolgan odamlar Egamizning koʻrsatmalariga rioya qilib, tashqarida qolsinlar. 7 Levilar qoʻlida quroli bilan shohni har tomondan oʻrab olsinlar, Egamizning uyiga kim kirsa oʻldirilsin. Shoh kirganda ham, chiqqanda ham, unga hamroh boʻlinglar.
8 Levilar va butun Yahudo xalqi ruhoniy Yohayidoning amrlarini soʻzsiz bajardilar. Har bir yuzboshi Shabbat kuni xizmatini boshlagan va xizmatini tugatgan qoʻriqchilarini olib qoldi, chunki oʻsha kuni Yohayido qoʻriqchilarining birorta boʻlinmasiga ketishga ijozat bermagan edi. 9 Ruhoniy Yohayido Xudoning uyida turgan shoh Dovudning nayzalarini hamda katta va kichik qalqonlarini yuzboshilarga tarqatdi. 10 Shohni qoʻriqlash uchun uyning janub tomonidan shimol tomonigacha, qurbongohning va uyning atrofiga odamlarni jangga shay holda joylashtirdi. 11 Yohayido Yoʻshni tashqariga olib chiqib, boshiga toj kiydirdi. Unga shohlik qonunlarini berdi. Yoʻsh shoh deb eʼlon qilindi. Yohayido va uning oʻgʻillari Yoʻshning boshiga moy surtishdi, soʻngra: “Shohimizning umrlari uzoq boʻlsin!” deya hayqirishdi.
Otaliyo oʻldiriladi
12 Otaliyo yugurayotgan va shohni olqishlayotgan xalqning shovqin–suronini eshitgach, Egamizning uyiga, u yerda yigʻilganlarning yoniga bordi. 13 Qarasaki, odatga koʻra, Egamizning uyiga kiraverishdagi ustun oldida shoh turibdi, shohning atrofini lashkarboshilar, karnaychilar oʻrab olgan. Yurtning butun xalqi shod–xurram, karnay chalyapti, qoʻshiqchilar musiqa asboblari joʻrligida bayram oʻtkazyapti. Shunda Otaliyo gʻazabdan liboslarini yirtib: “Xoinlik! Xoinlik!” deb baqirdi. 14 Ruhoniy Yohayido yuzboshilarni chaqirib: “U xotinni bu yerdan olib chiqib ketinglar, kimki unga ergashsa, qilichdan oʻtkazinglar”, deb buyruq berdi. Ruhoniy oʻsha ayolning Egamiz uyida oʻldirilishini istamadi. 15 Otaliyo ushlandi va saroyning Ot darvozasiga keltirilib, oʻsha yerda qatl qilindi.
Ruhoniy Yohayidoning islohotlari
16 Ruhoniy Yohayido xalq, shoh va Egamiz orasida “Biz Egamizning xalqi boʻlamiz” deb ahd tuzdi. 17 Soʻng butun xalq Baalning uyiga borib, uni buzib tashladi, u yerdagi qurbongohlarni va Baalning tasvirlarini sindirdi, Baalning ruhoniysi Mattonni esa qurbongohlarning roʻparasida oʻldirdi.
18 Yohayido Dovud bergan koʻrsatmalarga rioya qilgan holda, Egamiz uyining nazoratini levi ruhoniylariga topshirdi. Ularga, Musoning qonunida yozilganiday, Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar keltirishni va Dovud amr etganday, shod–xurramlik bilan qoʻshiq aytishni buyurdi. 19 Hech kim Egamizning uyiga harom boʻlib kirmasin deb, darvozaga soqchilarni joylashtirdi. 20 Soʻngra yuzboshilarni, aslzodalarni, xalq yoʻlboshchilarini va jamiki xalqni yoniga olib, shohni Egamizning uyidan olib chiqdi. Ular Yuqori darvozadan oʻtib, shohni saroyga olib keldilar va taxtga oʻtqazdilar 21 Otaliyo oʻldirilgani uchun yurt xalqi sevindi. Quddus osoyishta boʻlib qoldi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020