5–BOB
1 Isroil xalqi Iordan daryosidan oʻtib boʻlguncha, Egamiz ular uchun daryoning suvini quritgan edi. Iordanning gʻarbidagi Amor shohlari va Oʻrta yer dengizi yonidagi Kanʼon shohlari bu haqda eshitib, yuraklari orqaga tortib ketdi. Isroil xalqidan qoʻrqqanlari uchun ularning jasoratidan asar ham qolmadi.
Isroil xalqi Gilgalda sunnat qilinadi
2 Oʻsha paytda Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Toshdan pichoqlar yasab , Isroil xalqining bu yangi avlodini sunnat qilinglar .” 3 Yoshua toshdan pichoqlar yasatib, ularni Givot–Xariloʻt degan joyda sunnat qildirdi. 4 Yoshua sunnat qilganining sababi quyidagicha: Misrdan chiqqan, jangga yaroqli erkaklarning hammasi sahrodagi safar davomida oʻlgan edi. 5 Misrdan chiqqanlarning hammasi sunnat qilingan boʻlsa–da, sahroda tugʻilgan oʻgʻil bolalar sunnat qilinmagan edi. 6 Egamizga itoat qilmagan, Misrdan chiqqanda jangga yaroqli boʻlgan naslning hammasi oʻlmaguncha, Isroil xalqi qirq yil sahroda sargardon boʻlib yurdi. Egamiz ularga: “Men ota–bobolaringizga vaʼda qilib, sizlarga beraman degan sut va asal oqib yotgan yurtni hech qachon koʻrmaysizlar”, deb qasam ichgan edi. 7 Misrdan chiqqanlarning oʻrniga Egamiz ularning farzandlarini bino qildi. Oʻsha yangi avlod yoʻlda sunnat qilinmagan edi. Mana shuning uchun Yoshua ularni sunnat qildi.
8 Hamma erkaklar sunnat qilingandan keyin, tuzalguncha qarorgohda qoldilar. 9 Egamiz Yoshuaga: “Bugun Men sizlardan Misrdagi qullik sharmandaligini olib tashladim”, — dedi. Shuning uchun oʻsha joy bugungacha Gilgal deb ataladi. 10 Isroil xalqi Gilgalda turgan paytlarida oyning oʻn toʻrtinchi kunida kechqurun Yerixo yonidagi tekislikda Fisih ziyofatini oʻtkazdilar. 11 Fisih ziyofatining ertasi kuniyoq ular oʻsha yerning hosilidan pishirilgan xamirturushsiz non va qovurilgan don yedilar. 12 Isroil xalqi oʻsha yurtda yetishtirilgan hosilni yegan kundan boshlab, Xudo ularga manna yubormay qoʻydi. Oʻsha yil Isroil xalqi Kanʼon yerida yetishtirilgan hosildan yedi, ular mannani boshqa koʻrmadilar.
Yoshua va qilich ushlab turgan kishi
13 Bir kuni Yoshua Yerixo shahri yaqinida boʻlganda, qarshisida qilich ushlagan bir kishini koʻrib qoldi. Yoshua uning oldiga borib: “Sen biznikimisan yoki dushman tarafdamisan?” — deb soʻradi. 14 “Hech qaysisi, — deb javob berdi u kishi, — men Egamiz lashkarining lashkarboshisiman. Mana, keldim.” Yoshua muk tushib, unga taʼzim qildi. “Qulingizga nima buyurasiz, hazratim?” — deb soʻradi Yoshua. 15 Egamiz lashkarining lashkarboshisi Yoshuaga shunday dedi: “Oyoq kiyimingni yech, sen turgan yer muqaddasdir.” Yoshua u aytganday qildi.
Yerixo qulaydi
16 Yerixoliklar Isroil xalqidan qoʻrqib, shahar darvozalarini mahkamlab yopib, qoʻriqchilar qoʻyishdi. Endi shaharga hech kim kirolmas, u yerdan hech kim chiqolmas edi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020