42–BOB
Yusufning akalari don sotib olgani Misrga kelishadi
1 Yoqub: “Misrda don bor ekan”, deb eshitgach, oʻgʻillariga dedi:
— Bir–birlaringizga termulib oʻtiraverasizlarmi? 2 Misrda don bor ekan, deb eshitdim. Boringlar, oʻzimizga don sotib olib kelinglar, tagʻin ochlikdan oʻlib ketmaylik.
3 Shunday qilib, Yusufning oʻnta akasi ham don sotib olgani Misrga ketishdi. 4 Lekin Yoqub Yusufning ukasi Benyaminni oʻgʻillari bilan birga yubormadi. “Benyamin ham biror falokatga yoʻliqmasin”, deb qoʻrqardi. 5 Shunday qilib, Yoqubning oʻgʻillari don sotib olgani kelgan boshqa odamlar bilan birga Misrga kelishdi. Chunki Kanʼon yurtida ham ocharchilik boshlangan edi.
6 Yusuf bu paytda butun Misr ustidan hokim boʻlgani uchun yurt xalqiga don sotar edi. Yusufning akalari kelib, boshlari yerga tekkuday boʻlib, unga taʼzim qilishdi. 7 Yusuf akalarini koʻriboq, darrov tanidi. Lekin Yusuf ularga xuddi notanishlarday muomala qildi:
— Qayerdan keldingiz? — deb dagʻallik bilan soʻradi Yusuf ulardan.
— Kanʼon yurtidan, don sotib olgani keldik, — deb javob berishdi ular.
8 Yusuf akalarini tanigan boʻlsa ham, akalari Yusufni tanimadilar. 9 Yusuf akalari toʻgʻrisida ancha yillar oldin koʻrgan tushlarini esladi. Yusuf ularga:
— Sizlar josussizlar! — dedi. — Sizlar bu yurtning zaif tomonlarini bilish uchun kelgansizlar.
10 — Yoʻq, hazrati oliylari! Bu qullaringiz faqat don sotib olgani kelishgan! — deb javob berdilar akalari. 11 — Biz hammamiz bir odamning farzandlarimiz, toʻgʻri odamlarmiz. Bu qullaringiz hech qachon josuslik qilishmagan!
12 — Yoʻq! Sizlar bu yurtning zaif tomonlarini bilish uchun kelgansizlar! — dedi Yusuf.
13 — Biz, qullaringiz, oʻn ikki aka–ukamiz, otamiz Kanʼon yurtida, — deyishdi ular. — Eng kichik ukamiz u yerda otamiz bilan qoldi. Bitta ukamiz esa nobud boʻlgan.
14 — Sizlar josussizlar dedimmi, josussizlar! — deya gapida turib oldi Yusuf. 15 — Endi aytganlaringizni tekshirib koʻraman. Firʼavnning nomini oʻrtaga qoʻyib qasam ichamanki, agar eng kichik ukangiz bu yerga kelmasa, sizlar Misrdan ketmaysizlar. 16 Sizlardan bittangiz borib, ukangizni olib kelasiz, qolganlaringiz zindonda yotib turasizlar. Aytganlaringiz toʻgʻrimi, yoʻqmi, tekshiriladi. Agar toʻgʻri boʻlmasa, firʼavnning nomini oʻrtaga qoʻyib qasam ichamanki, sizlar, shubhasiz, josus boʻlib chiqasizlar.
17 Yusuf ularning hammasini uch kun zindonga qamab qoʻydi.
18 Uchinchi kuni Yusuf ularga dedi:
— Men Xudodan qoʻrqadigan odamman. Agar mening aytganlarimni qilsangiz, tirik qolasizlar. 19 Agar toʻgʻri odamlar boʻlsangizlar, bittangiz zindonda qolasiz, qolganlaringiz esa och qolgan oilalaringiz uchun don olib, uylaringizga ketishlaringiz mumkin. 20 Kichik ukangizni mening oldimga olib kelasizlar. Shu yoʻl bilan sizlarning soʻzlaringizni tekshirib koʻraman. Gaplaringiz toʻgʻri boʻlsa, sizlarga shafqat qilaman.
Hammalari bu gapga rozi boʻlishdi. 21 Ular bir–birlariga gapira boshladilar: “Mana, ukamizga nima qilgan boʻlsak, endi jazosini tortyapmiz. U qanchalar azoblanganini koʻzimiz bilan koʻrib, yolvorishlarini eshitganimizda ham, quloq solmagan edik. Shu sababdan bu azoblar oʻzimizning boshimizga ham keldi.” 22 Shunda Ruben ularga dedi:
— Bolaga zarar yetkazmanglar, deb aytmaganmidim?! Lekin sizlar gapimga quloq solmadingiz. Mana endi uning qoni bizni tutadi.
23 Yusuf shu yerda turgan edi. Akalari: “Gapimizni mana bu odam tushunadi” deb xayollariga ham keltirmasdilar. Chunki Yusuf akalari bilan tilmoch orqali gaplashardi. 24 Yusuf akalarining oldidan ketib, yigʻladi. Bir oz oʻzini bosib olgach, qaytib kelib, ular bilan gaplashdi. Soʻng ularning orasidan Shimoʻnni ajratib oldi va ularning koʻzi oldida bogʻlatdi.
Yusufning akalari Kanʼonga qaytishadi
25 Shundan keyin Yusuf xizmatkorlariga shunday buyruq berdi: “Bu odamlarning qoplarini donga toʻldirib beringlar. Har birining kumushlarini qopiga qaytarib solib qoʻyinglar, ularga yoʻl uchun kerakli oziq–ovqat beringlar.” Hammasi Yusuf buyurganday boʻldi. 26 Aka–ukalar donlarni eshaklariga yuklab, yoʻlga tushdilar. 27 Kechasi bir joyda tunagani toʻxtadilar. Ulardan biri qopini ochib, eshagiga yem olmoqchi boʻlgan edi, qarasa, qop ichida kumushlari turibdi! 28 U aka–ukalariga: “Voy, qaranglar! Mana kumushlarim! Qopimning ichida ekan!” deb hayratlandi. Shunda ularning yuraklari qinidan chiqquday boʻlib qaltirab, bir–birlariga: “Endi Xudo boshimizga nima solyapti ekan–a?!” der edilar.
29 Ular Kanʼon yurtiga — otalari huzuriga qaytib kelganlaridan keyin, boshlaridan oʻtgan hamma voqealarni unga aytib berdilar:
30 — Oʻsha yurtning hokimi biz bilan juda qoʻpol gaplashdi, bizni, josussizlar, dedi. 31 Lekin biz toʻgʻri odam ekanimizni, josus emasligimizni aytdik. 32 Unga: “Biz oʻn ikki aka–ukamiz, bitta otaning farzandlarimiz, bitta ukamiz nobud boʻlgan, eng kichik ukamiz otamiz bilan Kanʼonda qolgan”, deb aytdik. 33 Keyin oʻsha yurtning hokimi bizga aytdi: “Sizlar toʻgʻri odamlar ekaningizni tekshirib koʻraman. Bittangiz men bilan qolasiz, boshqalaringiz esa och qolgan oilalaringiz uchun don olib ketaverasizlar. 34 Eng kichik ukangizni mening oldimga olib kelasizlar. Ana shunda sizlar josus emas, balki toʻgʻri odam ekaningizni bilib olaman. Soʻngra mana bu tugʻishganingizni sizlar bilan birga joʻnatib yuboraman. Sizlar don sotib olgani tez–tez kelib turaverasizlar .”
35 Ular qoplarini boʻshatayotganlarida, qarasalar, hammasining qopi ichida tugunchada kumushlari turibdi. Ota–bolalar tugunchalardagi kumushlarni koʻrganlarida, vahimaga tushdilar. 36 Shunda Yoqub oʻgʻillariga aytdi:
— Meni hamma bolalarimdan judo qilmoqchimisizlar? Yusuf yoʻqoldi, Shimoʻn ham yoʻq, endi esa Benyaminni olib ketmoqchisizlar! Peshanam buncha shoʻr boʻlmasa!
37 Ruben otasiga dedi:
— Agar Benyaminni sizga qaytarib olib kelmasam, mayli, mening ikkala oʻgʻlimni oʻldiravering! Benyaminni menga ishonib topshiring, oʻzingizga qaytarib olib kelib beraman.
38 — Oʻgʻlim sizlar bilan birga bormaydi, — dedi Yoqub. — Akasi Yusuf oʻlgan, oʻzi yolgʻiz qoldi . Yoʻlda u biror falokatga yoʻliqishi mumkin. Qariganimda meni qaygʻudan oʻliklar diyoriga kiritasizlar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020