6–BOB
1 Bu dunyoda shunday bir fojiani koʻrdim, u inson zotini toshday bosib turadi: 2 Xudo baʼzilarga boylik, mulk va obroʻ beradi, bu insonlar koʻngli xohlagan narsaga ega boʻladi. Lekin Xudo ularga bu narsalardan zavq olishga yoʻl bermasa, bir begona bu narsalarning rohatini koʻradi. Bu behuda , qaygʻuli fojiadir. 3 Inson yuzta farzandli boʻlishi ham mumkin, uzoq umr koʻrishi ham mumkin, lekin u qancha koʻp yashasa ham, mana shu hayotning rohatini koʻrmasa yoki hurmat bilan koʻmilmasa, menimcha, oʻlik tugʻilgan bolaning taqdiri unikidan yaxshiroqdir. 4 Bu bola behuda dunyoga kelib, olamdan oʻtadi. Hech kim uni bilib tanimaydi. 5-6 U quyosh yuzini koʻrmagan, hayot nimaligini bilmagan. Shunday boʻlsa ham, ikki ming yil yashab hayotning rohatini koʻrmagan kishidan koʻra, koʻproq oʻsha bola orom oladi. Baribir hamma bir joyga boradi–ku!
7 Insonning barcha mehnatiyu intilishlari oʻz qornini toʻydirish uchundir, shunda ham u hech qachon qoniqmaydi. 8 Donolarning nodonlardan qanday ustunligi bor? Kambagʻallar bu hayotni uddalab yashashga aqllari yetsa ham, ularga bundan nima foyda bor?! 9 Odamning koʻzi oldida turgan narsa dilda havas qilib yurgan narsadan yaxshiroqdir. Doimo mol–mulkim koʻpaysin, deb havas qilish behudadir, shamolning orqasidan quvishdaydir.
Hamma narsani Xudo belgilaydi
10 Dunyoda nima boʻlsa, hammasi allaqachon belgilangan, insonning taqdiri ham maʼlum, hech bir kishi hammadan kuchli boʻlgan Xudo bilan bahslasha olmaydi. 11 Qancha koʻp bahslashsang, shuncha behudadir, senga hech qanday foydasi yoʻq. 12 Hayot yelday oʻtib ketar , inson uchun nima yaxshiligini kim biladi?! Xudo hayotimizni oʻtib ketadigan soyadek qilib qoʻygan, kim ham bizga kelajakda nima boʻlishini aytib bera olardi?!
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020