14–BOB
Iso yoʻl, haqiqat va hayotdir
1 Iso shogirdlariga dedi:
— Yuragingiz siqilmasin. Xudoga ishoning, Menga ham ishoning! 2 Otam Xudoning uyida maskan koʻp. Shunday boʻlmaganda edi, sizlarga bularni aytib oʻtirmagan boʻlardim. Men sizlarga joy tayyorlagani ketyapman. 3 Men borib sizlarga joy tayyorlayman–u, sizlarni Oʻzim bilan olib ketgani kelaman. Toki Men boʻlgan joyda sizlar ham boʻlinglar. 4 Men boradigan joyga olib boradigan yoʻlni sizlar bilasizlar.
5 — Hazrat! — dedi Unga Toʻma, — Qayerga borishingizni bilmasak, yoʻlni qayerdan bilamiz?
6 Iso unga dedi:
— Men yoʻl, haqiqat va hayotdirman. Otaning oldiga olib boradigan Mendan boshqa yoʻl yoʻq. 7 Agar Meni tanib–bilsangiz, Otamni ham tanib–bilasizlar . Ha, Uni bilasiz, chunki Uni koʻrdingiz.
8 Filip Isoga dedi:
— Hazrat, bizga Otani koʻrsating, shuning oʻzi bizga kifoya!
9 — Filip, — dedi unga Iso, — Men shuncha vaqtdan beri sizlar bilan birgaman. Nahotki Meni tanib–bilmasang?! Meni koʻrgan odam Otani koʻrgan boʻladi. Shunday ekan, qanday qilib sen: “Otani bizga koʻrsating”, deyapsan? 10 Men Otada, Ota esa Menda ekanligiga nahotki ishonmasang?! Men sizlarga aytgan soʻzlarni Oʻzimdan toʻqib gapirmayapman. Aksincha, Menda yashagan Otam Men orqali Oʻz ishlarini bajarmoqda. 11 Men Otamda va Otam Menda ekanligiga ishoninglar. Agar ishonmasangizlar, hech boʻlmasa, qilgan ishlarim tufayli ishoninglar. 12 Sizlarga chinini aytayin: Menga ishongan odam Men qilgan ishlarni qiladi. Bulardan ham buyukroq ishlarni qiladi, chunki Men Otaning oldiga ketyapman. 13 Sizlar Mening nomimdan soʻragan hamma narsani Men bajo keltiraman, toki Ota Oʻz Oʻgʻli orqali ulugʻlansin. 14 Ha, sizlar Mening nomim bilan Mendan soʻragan har qanday narsani bajo keltiraman.
Muqaddas Ruhni yuborish vaʼdasi
15 Iso ularga dedi: “Agar Meni sevsangizlar, amrlarimga amal qilasizlar. 16 Men osmondagi Otaga murojaat qilaman va U sizlar bilan to abad qoladigan boshqa Homiyni yuboradi. 17 Bu Homiy — Haqiqat Ruhidir. Bu dunyoga tegishli boʻlganlar Uni qabul qila olmaydilar, chunki Uni koʻrmaydilar ham, bilmaydilar ham. Sizlar esa Uni bilasizlar, chunki U sizlar bilan yashamoqda, U ichingizda boʻladi. 18 Men sizlarni yetim qoldirmayman, yana oldingizga qaytib kelaman. 19 Bir ozdan keyin dunyo Meni boshqa koʻrmaydi. Ammo sizlar Meni koʻrasizlar. Men barhayot boʻlganim uchun sizlar ham yashaysizlar. 20 Men Otamda ekanimni, sizlar Menda va Men sizlarda ekanimni oʻsha kuni anglab olasizlar. 21 Mening amrlarimni bilib, ularga amal qilgan kishi Meni sevadi. Kim Meni sevsa, Otam ham uni sevadi. Men ham uni sevaman va Oʻzimni unga ayon qilaman.”
22 Ishqariyot boʻlmagan boshqa Yahudo Isoga dedi: “Hazrat, nega Oʻzingizni dunyoga ayon qilmay, bizga ayon qilmoqchisiz?”
23 Iso unga shunday javob berdi: “Kim Meni sevsa, Mening soʻzimga amal qiladi. Otam ham uni sevadi. Biz uning oldiga kelib, u bilan birga yashaymiz. 24 Meni yaxshi koʻrmagan kishi soʻzlarimga amal qilmaydi. Sizlar eshitgan soʻz Meniki emas, balki Meni yuborgan Otanikidir.
25 Men sizlar bilan ekanman, bularni aytdim. 26 Otam Mening nomimdan yuboradigan Homiy , yaʼni Muqaddas Ruh sizlarga hammasini oʻrgatadi. Men sizlarga aytgan hamma soʻzlarimni U yodingizga soladi.
27 Men sizlarga tinchlikni qoldiryapman. Oʻz tinchligimni sizlarga beryapman. Men berayotgan tinchlik dunyo beradigan tinchlikka oʻxshamaydi. Yuragingiz siqilmasin, qoʻrqmanglar. 28 Sizlarga aytganimni eshitdingizlar: Men ketib, yana oldingizga qaytib kelaman. Agar Meni yaxshi koʻrganingizda edi, samoviy Otaning oldiga ketayotganimdan quvongan boʻlar edingizlar. Zero, Ota Mendan ulugʻdir. 29 Bu hodisalar sodir boʻlmasdan oldin sizlarga aytdim. Toki sodir boʻlganda ishoninglar. 30 Sizlar bilan soʻzlashishga deyarli vaqtim qolmadi. Chunki bu dunyoning yovuz hukmdori kelyapti. U Menga hukmini oʻtkaza olmaydi. 31 Lekin dunyo bilsinki, Men Otani sevaman, Ota Menga neki buyurgan boʻlsa, xuddi shuni bajaraman.
Qani, turinglar, bu yerdan keta qolaylik.”