25–BOB
Pavlus hokim Festus huzurida
1 Festus Yahudiya viloyatiga hokim boʻlib kelgandan keyin uch kun oʻtgach, Qaysariyadan Quddusga bordi. 2 U yerda bosh ruhoniylar va yahudiy yoʻlboshchilari Pavlusga qarshi dalillarni hokim Festusga bayon qildilar. Ular Festusdan: 3 “Pavlusni Quddusga chaqirtirsangiz”, deb iltimos qildilar. Aslida ular yoʻlda Pavlusga suiqasd qilishni rejalashtirgan edilar. 4 Festus ularga shunday javob berdi:
— Pavlus Qaysariyada qamoqda, men hademay oʻsha yerga qaytib boraman. 5 Yoʻlboshchilaringiz men bilan birga Qaysariyaga borsin. Agar Pavlus biron yomon ish qilgan boʻlsa, mayli, uni ayblasinlar.
6 Festus sakkiz–oʻn kuncha ular bilan birga boʻlib, keyin Qaysariyaga qaytdi. Ertasi kuni u hukm kursisiga oʻtirib: “Pavlus olib kelinsin!” deb buyurdi. 7 Pavlus kelgach, Quddusdan kelgan yahudiylar uni oʻrab oldilar va unga qarshi jiddiy ayblovlarni qoʻya boshladilar. Oʻzlari esa bu ayblarni isbotlay olmasdilar. 8 Ammo Pavlus oʻzini himoya qilib, shunday dedi:
— Men yahudiylar qonuniga yoki Maʼbadga, yo Qaysarga qarshi biron notoʻgʻri ish qilmadim.
9 Festus esa yahudiylarning koʻnglini olmoqchi boʻlib, Pavlusdan soʻradi:
— Quddusga borib, oʻsha yerda mening oldimda senga qoʻyilgan shu ayblar boʻyicha hukm qilinishni istaysanmi?
10 — Men Qaysarning mahkamasida turibman, men shu yerda hukm qilinishim kerak, — dedi Pavlus. — Men yahudiylarga qarshi biron notoʻgʻri ish qilmadim, buni oʻzingiz ham yaxshi bilasiz. 11 Agar men qonunga xilof biron ish qilib, oʻlimga loyiq boʻlsam, oʻlimdan qutulish uchun harakat qilmayman. Agar bu odamlarning menga qarshi ayblovlari yolgʻon boʻlsa, hech kim meni ularning qoʻliga topshirishga haqli emas. U holda men Qaysarning hukmini talab qilaman .
12 Festus oʻz maslahatchilari bilan kengashib olgach, Pavlusga:
— Sen Qaysarning hukmini talab qilding, endi Qaysarning oldiga borasan, — dedi.
Pavlus shoh Agrippa va Vernika huzurida
13 Bir necha kun oʻtgandan keyin, shoh Agrippa bilan Vernika Qaysariyaga Festus huzuriga tashrif buyurdilar. 14 Ular bir necha kun shu yerda turdilar. Pavlusning ahvolini Festus shohga tushuntirdi:
— Bu yerda bir odam bor, Feliks uni qamoqda qoldirgan edi. 15 Quddusda boʻlganimda bosh ruhoniylar bilan yahudiy yoʻlboshchilari oʻsha odam toʻgʻrisida menga axborot berdilar va “Uni oʻlimga mahkum qiling”, deb mendan iltimos qildilar. 16 Men ularga shunday deb aytdim: “Rim yoʻl–yoʻriqlari boʻyicha hech kim soʻroq qilinmasdan jazolanish uchun ayblovchining qoʻliga topshirilmaydi. Ayblanuvchiga ayblovchilar bilan yuzma–yuz uchrashib, oʻzini himoya qilish imkoniyati beriladi.” 17 Bosh ruhoniylar va yoʻlboshchilar bu yerga kelganlarida, men vaqtni boy bermay, ertasi kuniyoq hukm kursisiga oʻtirdim–da, Pavlusni olib kelinglar, deb buyurdim. 18 Lekin Pavlusning raqiblari uni men kutgan jinoyatlarda ayblamadilar. 19 Buning oʻrniga ular oʻzlarining dini toʻgʻrisida, oʻlib ketgan qandaydir Iso toʻgʻrisida Pavlus bilan bahs qildilar. Pavlus, Iso tirikdir, deb tasdiqlayverdi. 20 Bu masalalarni qanday hal qilsam ekan, deb boshim qotib qoldi. Men Pavlusdan: “Quddusga borib, oʻsha yerda oʻzingga qoʻyilgan ayblar boʻyicha hukm qilinishni istaysanmi?” deb soʻradim. 21 Ammo Pavlus, men imperator janobi oliylari qaror chiqarmaguncha qamoqda qolaman, dedi. Shuning uchun men: “Pavlusni Qaysarning huzuriga joʻnatgunimcha, u qamoqda saqlansin”, deb buyruq berdim.
22 Agrippa Festusga:
— Oʻsha odamning gaplarini men oʻzim eshitishni xohlayman, — dedi.
— Ertaga uning gaplarini eshitasiz, — deb javob berdi Festus.
23 Ertasi kuni Agrippa bilan Vernika dabdaba bilan kelib, mingboshilar, shaharning yuqori martabali odamlari bilan birga yigʻin zaliga kirdilar. Festus: “Pavlus olib kelinsin!” deb buyruq berdi.
24 — Shoh Agrippa janoblari! Bu yerda hozir boʻlganlar! — dedi Festus. — Manavi odamni koʻrib turibsizlar. Shu yerdagi va Quddusdagi hamma yahudiylar bu odamga qarshidir. Ular menga shikoyat qilib: “Bu odam yashashga loyiq emas!” deb shovqin solmoqdalar. 25 Ammo mening nazarimda bu odam oʻlimga loyiq biron ish qilmagan. U imperator janobi oliylarining hukmini talab qilgani uchun, uni Rimga yuborishga qaror qildim. 26 Ammo u toʻgʻrida imperator janobi oliylariga yozishim uchun aniq bir narsa yoʻq. Shuning uchun men bu odamni sizlarning huzuringizga, xususan, shohimiz Agrippa janobi oliylari, sizning huzuringizga olib keldim. Bu masalani koʻrib chiqqanimizdan keyingina, men biron narsa yozishim mumkin. 27 Mahbusga qarshi ayblovlarni aniq koʻrsatmay turib, uni imperatorga yuborish men tomondan aqlsizlik boʻlar edi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020