4–BOB
1 Butun Isroilda Shomuilning soʻzi vojib edi.
Muqaddas Ahd sandigʻi qoʻldan ketadi
Shu orada Filistlar urush boshlagan edi, Isroil lashkari ularga qarshi otlandi. Isroil lashkari Evanzor degan joyda, Filistlar esa Ofoq shahrida qarorgoh qurdilar. 2 Filistlar Isroil lashkariga qarshi saf tortdilar. Jang boshlandi, Filistlar Isroil lashkarini magʻlub qildilar. Jang maydonida toʻrt mingga yaqin Isroil sipohlari nobud boʻldi. 3 Lashkar qarorgohga qaytgach, Isroil oqsoqollari shunday dedilar:
— Nima uchun bugun Egamiz bizni Filistlarga magʻlub qilib berdi? Egamizning Ahd sandigʻini Shiloʻdan bu yerga olib kelaylik. Ahd sandigʻi bizning oramizda borsin, toki bizni gʻanimlarimizning qoʻlidan qutqarsin.
4 Oqsoqollar ikki karub orasida taxt qurgan Sarvari Olamning Ahd sandigʻini Shiloʻdan olib kelish uchun odamlarni yubordilar. Elaxning ikkala oʻgʻli — Xoʻfnax bilan Finxaz ham Xudoning Ahd sandigʻini jang boʻlayotgan joyga olib kelish uchun yordamlashdilar. 5 Egamizning Ahd sandigʻini qarorgohga olib kelishganda, hamma Isroil xalqi shunday baland ovoz bilan baqirishdiki, hatto yer turgan joyidan qoʻzgʻalib ketdi. 6 Filistlar shovqin–suronni eshitib:
— Ibroniylar qarorgohida nega bunchalik qattiq baqir–chaqir boʻlyapti ekan? — deyishdi. Keyin Egamizning Sandigʻini qarorgohga olib kelganlarini bilib, 7 qoʻrqib ketishdi:
— Xudolari qarorgohga kelibdi, endi shoʻrimiz quriydi! Bunaqasini hech qachon eshitmagandik! 8 Oh, shoʻrimiz qursin! Bunday qudratli xudolarning qoʻlidan kim bizni xalos qiladi? Sahroda Misrliklarni har baloga giriftor qilgan xudolar oʻshalar–ku! 9 Dadil boʻling, ey Filistlar! Mard boʻlinglar! Aks holda, ibroniylar sizlarga qanday boʻysungan boʻlsalar, sizlar ham ularga shunday boʻysunib qolasizlar. Shuning uchun mardona kurashib, jang qilinglar!
10 Shundan soʻng Filistlar qattiq hujum qilib, Isroil lashkarini magʻlub etdilar. Isroil lashkarining bari uylariga qochib qoldi. Isroil lashkari shunchalik katta talafot koʻrdiki, ular oʻttiz ming piyoda sipohidan ayrildi. 11 Xudoning Sandigʻi ham qoʻldan ketdi, Elaxning ikkala oʻgʻli — Xoʻfnax bilan Finxaz esa halok boʻldi.
Elaxning oʻlimi
12 Benyaminlik bir odam jang maydonidan qochib, oʻsha kuniyoq Shiloʻga yetib keldi. U qaygʻudan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan edi. 13 Oʻsha odam Shiloʻga yetib kelganda, Elax Xudoning Sandigʻiga biror narsa boʻlishidan xavotirlanib, yoʻl yoqasida kursida kutib oʻtirgan edi. Haligi odam shaharga kirib, boʻlib oʻtgan voqealarni aytib bergan edi, butun shahar ahli dod–faryod koʻtardi. 14 Elax shovqin–suronni eshitib:
— Nimaga bunchalik shovqin? — deb soʻradi. Oʻsha odam, boʻlgan voqeadan Elaxni xabardor qilib qoʻyay deb, darrov uning yoniga keldi. 15 Oʻsha paytda Elax toʻqson sakkiz yoshda boʻlib, koʻzlari xiralashgan, yaxshi koʻra olmasdi. 16 Haligi kishi Elaxga:
— Men jang maydonidan kelyapman, u yerdan bugun qochib keldim, — dedi.
— Nima boʻldi, oʻgʻlim? — deb soʻradi Elax. 17 Xabar keltirgan odam shunday dedi:
— Isroil lashkari Filistlarning oldiga tushib qochdi. Lashkar katta talafot koʻrdi. Ikkala oʻgʻlingiz — Xoʻfnax bilan Finxaz ham halok boʻldi. Xudoning Sandigʻi esa qoʻldan ketdi.
18 Elax hali ham darvoza yonidagi kursida oʻtirgan edi. Xabarchi, Xudoning Sandigʻini Filistlar tortib oldi, deb aytishi bilan Elax kursidan orqasi bilan yiqildi. Keksaligi va semizligidan boʻyni sinib, oʻsha zahoti jon berdi. U Isroilda qirq yil hakamlik qilgan edi.
Finxazning xotini vafot etadi
19 Elaxning kelini — Finxazning xotini homilador boʻlib, yaqin orada koʻzi yorishi kerak edi. “Xudoning Sandigʻi qoʻldan ketdi, qaynatang va ering oʻldi” degan xabarni eshitishi bilanoq uni toʻlgʻoq tutib qoldi. U yerga choʻnqayib oʻtirib, tugʻib qoʻydi. 20 Doya xotinlar unga oʻlimi oldidan:
— Qoʻrqma, oʻgʻil tugʻding, — dedilar. Lekin u eʼtibor bermadi, biror soʻz ham aytmadi. 21 Xudoning Sandigʻi qoʻldan ketgani uchun, qaynatasi bilan eri oʻlgani uchun u:
— Isroildan ulugʻvorlik ketdi, — deya chaqaloqqa Ixabod deb ism qoʻydi. 22 Keyin u yana:
— Xudoning Sandigʻi qoʻldan ketdi, Isroildan ulugʻvorlik ketdi, — dedi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020