34–BOB
Isroil choʻponlari
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroil choʻponlariga qarshi bashorat qilib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Isroil choʻponlari, sizning holingizga voy! Sizlar qoʻylarni boqish oʻrniga oʻzingizni boqib yuribsizlar! 3 Eng semiz qoʻylarni soʻyib, yogʻini yeysizlar. Jundan toʻqilgan kiyimlar kiyasizlar. Qoʻylarni esa boqmaysizlar. 4 Nimjon qoʻylarga qaramaysizlar, kasallarni davolamaysizlar, yaralarini bogʻlamaysizlar, adashganlarni olib kelmaysizlar, yoʻqolganlarni izlamaysizlar. Aksincha, ularni qattiqqoʻllik bilan boshqarib, zulm oʻtkazasizlar. 5 Suruvning choʻponi boʻlmagani uchun qoʻylarim har yoqqa tarqalib ketdi. Ular hamma yovvoyi hayvonlarga oʻlja boʻldi. 6 Ha, qoʻylarim tarqalib ketdi. Ular togʻu tepaliklarda sandiroqlab yurdi. Butun yer yuziga yoyilib ketdi, ularni hech kim izlamadi.
7 Ey choʻponlar, Mening soʻzimni eshitib qoʻyinglar. 8 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytaman: ana, choʻponsiz qolgan qoʻylarim oʻlja boʻldi. Mening qoʻylarim hamma yovvoyi hayvonlarga yegulik boʻldi. Ey choʻponlarim, sizlar qoʻylarimni qidirmadingiz. Qoʻylarimni boqmay, oʻzingizni boqdingiz. 9 Shuning uchun, ey choʻponlar, Mening soʻzimni ikki qulogʻingiz bilan eshitib qoʻyinglar! 10 Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, sizlarga qarshiman. Nobud boʻlgan qoʻylarimni sizlardan undirib olaman. Sizlar suruvimni boshqa boqmaysizlar. Bundan buyon faqat oʻz qorinlaringizni toʻygʻizib yurmaysizlar. Men qoʻylarimni sizning ogʻzingizdan tortib olaman, sizlar qoʻylarimni yemaysizlar.
Yaxshi choʻpon
11 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey choʻponlar, Men Oʻzim qoʻylarimni qidirib topaman. 12 Adashgan suruvni qidirgan choʻponday qoʻylarimni izlayman. Bulutli, qorongʻi kunda har yoqqa tarqalib ketgan qoʻylarimni hamma joydan xalos qilib olib kelaman. 13 Ularni begona oʻlkayu yurtlardan olib chiqib, ona zaminiga olib kelaman. Isroil togʻlarida, soyliklarda va yurtning obod oʻlkalarida ularni boqaman. 14 Yaxshi yaylovlarda oʻtlataman, Isroil togʻlari ularning yaylovi boʻladi. Ular oʻsha yerdagi maysazorlarda yotib, Isroil togʻlarining koʻm–koʻk yaylovlarida oʻtlab yuradi. 15 Men Oʻzim qoʻylarimga choʻpon boʻlaman. Ularga orom beraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 16 — Yoʻqolgan qoʻylarimni izlab topaman, adashganlarini qaytarib olib kelaman. Ularning yaralarini bogʻlab qoʻyaman, nimjon qoʻylarni parvarish qilaman. Semiz, baquvvat qoʻylarni esa yoʻq qilaman. Men suruvimni adolat ila boqaman.
17 Ey suruvimdagi qoʻylar, sizlar haqingizda Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, suruvimdagi qoʻylar orasida ajrim qilaman, qoʻchqor va taka orasida hukm chiqaraman. 18 Nega sizlar yaxshi oʻtdan yeb, ortganini payhon qilyapsizlar?! Tiniq suvdan ichib, qonganingizdan keyin suvni loyqalatyapsizlar?! 19 Nima uchun qolgan qoʻylarim sizlar payhon qilgan oʻtdan yeyishlari kerak?! Sizlar loyqalatgan suvdan ichishlari kerak?!»
20 Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men Oʻzim semiz va oriq qoʻylarni ajrim qilaman. 21 Semiz qoʻylar oriq qoʻylarimni biqini va yelkasi bilan itarib, shoxlari bilan suzdi. Ularni uzoqlarga tarqatib yubordi. 22 Lekin Men suruvimni qutqarib olaman, ular endi oʻlja boʻlmaydilar. Men bir qoʻy bilan boshqa qoʻy orasida ajrim qilaman. 23 Men qulim Dovudni choʻpon qilib tayinlayman. U suruvimni boqadi, ularga choʻponlik qiladi. 24 Men ularning Xudosi boʻlaman, qulim Dovud esa ularning hukmdori boʻladi. Bularni Men, Egangiz, aytdim.
25 Ey Isroil xalqi! Sizlar mening suruvimsiz. Men sizlar bilan tinchlik ahdini tuzib, yurtdagi barcha yovvoyi hayvonlarni quvib chiqaraman. Shunda sizlar dashtu biyobonlarda osoyishta hayot kechirasizlar, oʻrmonlarda tinch uxlaysizlar. 26 Men sizlarga baraka beraman. Muqaddas togʻim atrofida yashashingizga yoʻl qoʻyaman. Sizlarga yomgʻirni oʻz mavsumida baraka qilib yogʻdiraman. 27 Bogʻ–rogʻlardagi daraxtlar meva beradi, yer moʻl hosil yetishtiradi. Sizlar oʻz zaminingizda har qanday xavf–xatardan xoli boʻlasiz. Men sizlarni qul qilib olgan zolimlarning qoʻlidan xalos qilaman, boʻyinturugʻini sindiraman. Oʻshanda sizlar Egangiz Men ekanligimni bilib olasiz. 28 Bundan buyon oʻzga xalqlar sizlarni talamaydi, yurtdagi yovvoyi hayvonlar sizlarni gʻajimaydi. Sizlar osoyishta hayot kechirasiz, hech kim sizlarga tahdid solmaydi. 29 Ocharchilikdan nobud boʻlmasligingiz uchun Men sizlarga serunum yerlarni beraman. Oʻzga xalqlar sizlarni haqorat qilmaydigan boʻladilar. 30 Ey Isroil xalqi! Shunda Men sizlar bilan birga ekanligimni bilib olasizlar. Mening xalqim ekanligingizni sizlar anglab yetasizlar. Zotan, Men Isroil xalqining Egasi Xudoman! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 31 — Ey Isroil xalqi, sizlar Mening suruvim, yaylovimdagi qoʻylarimsizlar, Men esa sizning Xudoyingizman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”